O‘zbekiston | 20:29 / 22.05.2017
31281
14 daqiqa o‘qiladi

Qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas. Adliya vazirligi notarial sohadagi yulg‘ichliklarni rad etdi

Bundan ikki oy muqaddam Kun.uz saytida «Jamiyat» gazetasida chop etilgan «Notarial idoradagi nayranglar» nomli maqola e'lon qilingan edi. Maqolada bugungi kunda davlat notarial idoralarida ildiz otgan dolzarb muammolar qalamga olinganini o‘quvchilarimiz yaxshi eslashsa kerak.

Bugunga qadar qariyb to‘qson ming marotaba o‘qilgan mazkur maqola ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, yurtdoshlarimizdan bu borada ko‘plab murojaatlar oldik. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar maqolada yoritilgan muammoga juda ko‘pchilik duch kelganini ko‘rsatdi.

Biroq «Jamiyat» gazetasining bosh muharriri Behzod Shukurov feysbukdagi sahifasida ma'lum qilishicha, maqolada ko‘tarilgan muammoni Adliya vazirligi tan olmagan. Shuning barobarida vazirlik 2016 yil davomida Toshkent shahridagi davlat notarial idoralari xodimlarining 51 nafariga nisbatan hayfsan va jarima tariqasidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani hamda 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilganini oshkor qilgan. Ammo jazoga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan. Gazetaning 5 maydagi sonida «Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqolaga Adliya vazirligining javobini va «Jamiyat» gazetasi tahririyatining unga munosabati e'lon qilingan. Quyida vazirlik e'tirozi va tahririyatning bunga bildirgan javobini to‘liq o‘qishingiz mumkin.
-----------------------------------
«Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqolaga («Jamiyat» 2017 yil 10 mart) Adliya vazirligining javobi
«Jamiyat» gazetasining 2017 yil 10 mart kungi 10-(542)-sonida «Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqola chop etilgan. Ushbu maqolada Toshkent shahar Olmazor tuman 11-son davlat notarial idora xodimlari tomonidan 2016 yil 19 oktabrda ayrim fuqarolardan ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ortiqcha pul mablag‘lari olib qolinganligi tilga olingan.

Mazkur holat Adliya vazirligi xodimlari tomonidan Olmazor tuman 11-son davlat notarial idorasida 2016 yilning 19 oktabr kuni rasmiylashtirilgan kvartirani ijaraga berish hamda undan tekin foydalanish shartnomalari ishtirokchilarining fikr va mulohazalari asosida o‘rganilganda, ular tomonidan ushbu davlat notarial idorasida shartnomalar qonuniy tasdiqlanganligi hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan stavkalar bo‘yicha to‘lovlar undirilganligi ma'lum qilindi.

Maqola muallifi J.Niyozov ishtirokida turar joydan tekin foydalanish shartnomasini rasmiylashtirishda maqolada ko‘rsatilganday 22466,25 so‘m emas, 29955 so‘m, ya'ni shartnoma uchun 22466,25 so‘m va mulkdorning turmush o‘rtog‘i rozilik arizasini tasdiqlaganlik uchun 7488,75 so‘m miqdordagi to‘lovlar undirilgan. Bu esa J.Niyozov tomonidan chop etilgan maqolada ko‘rsatilgan faktlar asossiz ma'lumotlarga tayangan holda yozilganligidan dalolat beradi.

O‘rganish davomida maqolada ko‘rsatilgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida vazirlik xodimlari tomonidan J.Niyozov taklif qilinganda, u tomonidan qo‘shimcha ma'lumot berishdan bosh tortildi.

O‘zbekiston Respublikasi «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 6-moddasiga asosan o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumptsiyasi prinsipiga amal qilishi hamda shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.

Ushbu Qonunning 15-moddasida jurnalist o‘zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi Qonuni 11-moddasiga muvofiq ommaviy axborot vositalari e'lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi bilan ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat, haqorat qilish va raqobatchini obro‘sizlantirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Ma'lumot o‘rnida bildiriladiki, notarial harakatlar hamda notarial idora va FHDYo bo‘limlari xodimlari xatti-harakatlari yuzasidan aniq faktlar bo‘yicha Adliya vazirligi va hududiy adliya boshqarmalarining «1008» ishonch telefonlariga murojaat qilinishi mumkin.

Biroq ushbu maqolada keltirilgan holatlar Olmazor tuman 11-son davlat notarial idorasida 2016 yil 19 oktabrda yuz berganligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu haqda 2017 yil 10 mart kuniga qadar adliya organlariga hech qanday murojaat kelib tushmagan. Vaholanki, Adliya vazirining virtual qabulxonasi hamda ishonch telefonlariga notarial idoralar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar vazirlik va hududiy adliya boshqarmalari tomonidan o‘rganilib, o‘z tasdig‘ini topgan murojaatlar bo‘yicha aybdor xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib kelmoqda. Jumladan, 2016 yil davomida Toshkent shahridagi davlat notarial idoralari xodimlarining 51 nafariga nisbatan xayfsan va jarima tariqasidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan hamda 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ular tomonidan davlat notarial idoralari va FHDYo bo‘limlari xodimlari xatti-harakatlari yuzasidan bevosita Adliya vazirligiga hamda hududiy adliya boshqarmalariga yozma, elektron yoki «Ishonch telefon»lari orqali og‘zaki ravishda qilingan har qanday e'tiroz va shikoyatlar unda ko‘rsatilgan holatlarni to‘liq, xolisona hamda muallif ishtirokida o‘rganib chiqilishi, natijasi bo‘yicha xodimlarning nojo‘ya xatti-harakatlari o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda ularga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishga Adliya vazirligi va hududiy adliya boshqarmalari rahbariyati doimo tayyorligi ma'lum qilinadi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining 34-moddasiga asosan yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e'lon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda o‘zining sha'ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlovchi ma'lumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.

Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni e'lon qilishdan bo‘yin tovlasa yoxud ularni e'lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs da'vo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Yuqoridagilarga ko‘ra, gazetaning 10- (542)-sonida chop etilgan «Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqolada ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli belgilangan tartibda raddiya e'lon qilishingiz va natijasi haqida vazirlikka ma'lum qilishingiz so‘raladi.
Vazir o‘rinbosari N.Jo‘rayev
-----------------------------------
TAHRIRIYaTDAN:
Gazetamizning 2017 yil 10 mart sonida e'lon qilingan «Notarial idoradagi nayranglar» sarlavhali maqola juda ko‘p muhokamalar, munozaralarga sabab bo‘ldi. Tahririyatimizga qilingan qo‘ng‘iroqlarni aytmaylik, oddiy gazetxon yoki boshqa soha vakillarining o‘zaro uchrashuv va jonli muloqotlarda bildirgan fikrlari xususida ham indamaymiz. Faqat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan maqolaga foydalanuvchilar qoldirgan izohlarga birrov nazar tashlashni tavsiya etamiz. Haqiqiy manzarani tasavvur etish uchun shuning o‘zi kifoya, nazarimizda. Zero, maqolada ko‘tarilgan muammo jiddiy, notarial idora xodimlari faoliyatidan qoniqish hosil qilmayotganlar ko‘p. Aks holda, aks-sado bunchalar katta bo‘lmas edi.

Maqola ko‘plarning e'tirofiga, Adliya vazirligining esa e'tiroziga sabab bo‘ldi. E'tirozning asosiy mazmuni – jurnalist qalamga olgan holat tasdiqlanmadi, tasdiqlanmagan ma'lumotni ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish muayyan javobgarlikka olib keladi, ma'nosida ogohlantirishu («po‘pisa» degimiz kelmadi), pirovardida, maqolaga nisbatan raddiya berish talabidir.

Mana, yuqorida vazirlik e'tirozini qanday bo‘lsa shundayligicha o‘qidingiz. E'tiroz mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, bir gapni ta'kidlashni xohlar edik: «maqoladagi holatlar tasdig‘ini topmadi» deyilishi – jurnalist haqiqatdan yiroq ma'lumotlar tarqatibdi, degani emas. Jurnalist bitta voqelik misolida bugungi kunda ko‘pgina notarial idoralardagi umumiy manzarani ko‘rsatib berishga harakat qilgan. Axir, jurnalist o‘zi ko‘rgan, guvohi yoki ishtirokchisi bo‘lgan voqea, hodisa haqida fikr, mulohaza bildirish, o‘z qarashlarini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish huquqiga ega. Bu yerda voqelik qachon sodir bo‘lganiyu jurnalist uni qachon qalamga olgani muhim emas. Muhimi, notarial idoralarda fuqarolarning ko‘p vaqti havoga sovurilayotgani, ayrim notarius va uning yordamchilarida oddiy muomala madaniyati yetishmasligi, ayniqsa, to‘lanayotgan boj va boshqa chiqimlar qonuniy asoslantirilgan holda tushuntirilmasligi kabi muammolar hamon ko‘ndalang turibdi. Yoki buniyam inkor etaveramizmi?..

E'tirozda notarial idora va FHDYo bo‘limlari xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan aniq faktlar bo‘yicha murojaat qilish uchun vazirlik va hududiy adliya boshqarmalarining ishonch telefonlari ishlab turgani, shunday murojaatlar natijasida qator notarial idora xodimlariga tegishli jazo choralari qo‘llangani alohida ta'kidlangan. Bu e'tiborga loyiq holat, albatta. Biroq ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar notarial idoralardagi umumiy manzaraga ijobiy ta'sir ko‘rsatyaptimi, degan o‘rinli savol tug‘iladiki, masalaning og‘riqli nuqtasi ham shunda.

Keling, tan olaylik: aksariyat fuqarolarning notariusga ishi tushishi hamono peshonasi tirishadi?! Nega? Sabab oddiy: notariusga ishing tushdi degani, bu avvalo, ko‘p vaqting havoga sovurilishini anglatadi. Bunga asosiy sabab notarial idoralarida (ayniqsa, poytaxtda) odam ko‘p bo‘lishigina emas. Muammoning bir uchi notariuslarning intizomiga ham borib taqaladi. Bu mulohazalarga darhol e'tiroz bildirilishini sezib turibmiz: Qayerda? Qani fakt? Dalil bormi? Aslida-ku, bunga «dalil»u «fakt» qidirish shart emas, aksariyat notarial idoralarga boring, manzaraga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

E'tiroznomada alohida qayd etiladiki, maqola muallifi ishtirokida turar joydan tekin foydalanish shartnomasi notarial tasdiqlanishi jarayonida ortiqcha to‘lov undirilmagan, barcha harakat qonun doirasida amalga oshirilgan ekan… Qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas, degan gap bor. Shu ma'noda qo‘lda aniq dalili yo‘q ekan, inson ming haq bo‘lmasin, xijolatli holatga tushish ehtimoli yuzaga kelaveradi. Muallifimiz ham ayni shunday holatga yaqinday. Biroq bu hol maqola «asossiz ma'lumotlarga asosan yozilgan» degan mazmunda xulosa chiqarishga asos bo‘lavermaydi.

Qolaversa, jurnalist maqolani havodan olib yozmagan. E'tirozdagi mana bu jumlalarga etibor qarating:
«Maqola muallifi J.Niyozov ishtirokida turarjoydan tekin foydalanish shartnomasini rasmiylashtirishda maqolada ko‘rsatilganday 22466,25 so‘m emas, 29955 so‘m, ya'ni shartnoma uchun 22466,25 so‘m va mulkdorning turmush o‘rtog‘i rozilik arizasini tasdiqlaganlik uchun 7488,75 so‘m miqdordagi to‘lovlar undirilgan. Bu esa, J.Niyozov tomonidan chop etilgan maqolada ko‘rsatilgan faktlar asossiz ma'lumotlarga tayangan holda yozilganligidan dalolat beradi»

Vazirlikdagilar maqolani yaxshi o‘qimagan ko‘rinadi. Chunki maqolada muallif kassaga qariyb 30 ming (bu e'tiroznomada aytilgan 29955 so‘mni anglatadi) to‘laganini yozgan edi. Ajablanarli jihati shundaki, shartnomada 14977,5 so‘m miqdorida davlat boji, texnik tusdagi xizmat uchun 7488,75 so‘m miqdorida xizmat haqi (jami 22466,25 so‘m) undirilgani qayd etilgan. Mazkur pulni J.Niyozov plastik kartochkasidan to‘lagan bo‘lib, «Ipotekabank»ning Mehnat filiali tomonidan berilgan o‘sha kungi xarajatlar haqidagi ko‘chirmaga ko‘ra, notarial idoradagi jamg‘arma kassada 22466,25 so‘mdan tashqari 2995,50 so‘m hamda 4493,25 so‘m yechib olingan.

Vazirlikning javobida maqolada ko‘rsatilgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida jurnalist J.Niyozov vazirlik xodimlari tomonidan taklif etilganida u tomonidan qo‘shimcha ma'lumot berishdan bosh tortilgani aytiladi. Ammo shunday vaziyatda nega tahririyatga murojaat etilmagan, degan savol ham tug‘iladi.

Notarial idoralarida fuqarolardan ortiqcha pul undirish holati odat tusiga aylanganini mutlaq rad etish, juda yumshoq aytganda, insofdan bo‘lmasa kerak. Qolaversa, ortiqcha undirilgan pul to‘lov pattalarida aks ettirilmaydiki, soha xodimlari yalang‘och qo‘lga tutqich bermasligining sababi ham shunda. Shunga qaramay vaziyatni xaspo‘shlash esa umumtaraqqiyotga xizmat qilmaydi. Kasalni yashirishga harakat qilingani bilan isitmasi oshkor etaveradi. Shu oddiy haqiqatni unutmasak, bas.

Mana, notarial idoralari faoliyati bilan bog‘liq dolzarb muammoni jamoatchilik e'tiboriga havola etdik. Adliya vazirligi esa unga e'tiroz bildirdi. Qanday xulosa chiqarish esa ziyrak o‘quvchining hukmiga havola.

Mavzuga oid

E`lonlar