Jamiyat | 16:57 / 05.05.2017
26210
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarni legallashtirish muammolariga yechim Samarqandda topildi

Samarqandda migrantlar masalasiga yakuniy yechim topildi. Bu shaharda Rossiyada ishlash istagida bo‘lganlar uchun Rossiyaning ilk markazi ochilish arafasida turibdi. Bu g‘oyani Rossiyaning Leningrad oblastidagi «Rodina» partiyasi yetakchisi Shinkarenko ilgari surmoqda. U barchasini 47news.ru’ga o‘zi hikoya qilib bergan. 

Shu yilning kuzidayoq O‘zbekistondan Rossiyaning Leningrad oblasti va Sankt-Peterburg shahriga ishlashga borganlarni yoppasiga qonuniylashtirishlari mumkin. Bu haqda may bayramlari arafasida Sankt-Peterburg hukumati delegatsiyasi o‘zbek hukumati vakillari bilan uchrashuvdagi suhbat asnosida aytib o‘tgan. 

Rasmiy marosimlar O‘zbekistonning kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahri — Samarqandda bo‘lib o‘tgan. «Rodina» partiyasi uchrashuvlarda qatnashgan, Leningrad oblastidagi yetakchisi Valeriy Shinkarenkoning 47news’ga so‘zlashicha, O‘zbekiston hukumati Samarqandda ilk migratsiya markazi tashkil etishga rozi bo‘lgan. Markaz shu yilning kuzidayoq ishga tushishi mumkin — Sankt-Peterburg va Leningrad oblastiga ishlash uchun yo‘l olgan migrantlar o‘z vatanida barcha zarur hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lib, so‘ngra yo‘lga chiqishadi. Shu yo‘l bilan ikki mamlakat amaldorlari noqonuniy migratsiya yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishmoqchi.

Shinkarenko bu borada muxbirning savollariga ham javob berib o‘tgan.

- Keling, eng oddiysidan boshlaylik. Samarqandda migratsiya markazi nega kerak?

- Ayni paytda Sankt-Peterburg va Leningrad oblastidagi mehnat migrantlarining 70 foizi o‘zbekistonlik. Faqat rasmiy ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, birgina Peterburg shahrida ularning soni 143 ming nafar. Biroq diasporaning ma'lumotlariga ko‘ra, aslida ularning soni 300 mingdan 500 minggacha bo‘lishi mumkin. Ya'ni, Peterburg shahri va uning atrofida ko‘zimizga tushgan o‘zbeklarning kamida ham uch nafaridan ikkisi noqonuniy migrant hisoblanadi. Oqibatlarini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz.

- Siz ehtimolli terrorchilarni nazarda tutayapsizmi?

- Birinchi navbatda, ha, lekin faqat unigina emas. Boshqa ko‘plab muammolar ham bor. Masalan, gepatit, sil, OITV yuqtirgan migranatlar masalasi. Ular hozir Rossiyaga kelganidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari kerak. Biroq bu yerga kelgach, ular tibbiy komissiyaga borishmaydi, darhol olomon ichiga singib ketishadi. Bundan tashqari, noqonuniy migrantlar azaldan uyushgan jinoyatchilik va radikal ektremistik tashkilotlar uchun eng ma'qul muhit. Ularning o‘zi esa yuridik jihatdan himoyalanmagan va osongina firibgarlarning qurboniga aylanishadi. Ish beruvchilar va tekshiruvchilarning boshboshdoqligini ham hech kim bekor qilmagan.

- Migratsiya markazi tuzilishi bilan nimadir o‘zgaradimi?

- Juda ko‘p narsa o‘zgaradi. Unda bo‘lajak migrantlarga rus tili, Rossiya qonunchiligi va madaniy an'analari asoslari o‘rgatiladi. Shu yerda ularda yuqumli va ruhiy kasalliklari bor-yo‘qligi borasida dastlabki tekshiruvdan o‘tishadi. Narkotik moddalarga ruju qo‘ygani, huquq-tartibot organlarida ro‘yxatda bor-yo‘qligi, o‘zi da'vo qilgan kasb bo‘yicha malakasi sinovdan o‘tkazilib, to‘laqonli tibbiy sug‘urta, shuningdek, oylik maoshi tushirib beriladigan vakolatli mahalliy va Rossiya banklarining plastik kartalari taqdim etiladi. Muxtasar qilib aytganda, Rossiyada ishlash uchun patent olishda zarur bo‘ladigan to‘liq hujjatlar to‘plami tuziladi. Shundan so‘ng tashkil etilgan guruhlar Pulkovo aeroportiga uchib kelishadi, ularni migratsion markaz xodimlari kutib olishadi va ularni vaqtinchalik taqsimot punktlariga joylashtirishadi. U yerda ularga patent taqdim etiladi va ish beruvchilarga taqsimlanadi hamda ular oldindan tayyorlab qo‘yilgan turar joylarda istiqomat qilishadi. Xullas, hammasi nazorat ostida bo‘ladi. 

- Xuddi ertakdagidek. Xo‘sh, O‘zbekiston hukumatining manfaati nimada?

- Birinchidan, migrant uchun o‘z vatanida joylashgan markazda tayyorlanadigan hujjatlar to‘plami bir barobar arzon bo‘ladi. Masalan, Peterburgda turli vositachilarning xizmati hisobga olingan holda 40 ming rubl to‘lasa, vatanida 20 ming rublga hammasini hal qiladi. Bundan tashqari, u oldindan tayyorlab qo‘yilgan ishga kelishiga kafolat oladi, darhol ishga kirishadi va uyiga pul jo‘nata boshlaydi. O‘zbekiston hukumatiga kelsak, ular birinchi navbatda migrantlar tomonidan jo‘natilayotgan pullar to‘siqsiz mamlakat iqtisodiyotiga kelib tushishidan manfaatdor. Hozir migrantlarning har ikkitasidan biri rossiyalik ish beruvchi yoki firibgar tomonidan aldanmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolariga ekstremistlarning ta'siri bo‘lmasligidan manfaatdor.

- Bularning barchasi nimaning yoki kimning hisobidan?

- Tashvishlanmang, Piter shahri va Leningrad oblasti byudjyeti bir kopeyka ham sarflashmaydi. O‘zbekiston hukumati yer maydoni va bino taqdim etishni va'da qilgan. Biz uni ta'mirlab, kerakli jihozlar bilan ta'minlashni o‘z zimmamizga olganmiz. Albatta, xodimlar ham biz tomondan bo‘ladi. Bularning barchasigina byudjyetdan tashqari mablag‘lardan investitsiya kiritiladi. Kelajakda markaz juda rentabelli bo‘ladi — biz undan bir kunda ming kishi (kuniga 20 mln. rubl) o‘tishini rejalashtirmoqdamiz. Boshqa moliyaviy bonuslar ham bor. Masalan, hozir o‘zbek migrantlari sonining 1–2 foizini tashkil etuvchi qoidabuzarlar Rossiyadan deportatsiya qilinayotganda, bu Rossiya tomonining hisobiga amalga oshiriladi. Markaz ochilgach, O‘zbekiston hukumati bu funksiyani ham o‘z zimmasiga olib, Rossiya byudjyetini qo‘shimcha yuklamadan xalos qilishga va'da bergan.

- O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ishlash uchun migratsion markazni aylanib o‘tib kelish imkoniyati ham qolaveradimi?

- Ha, mamlakatlarimizda vizasiz rejim amalda. Rossiyada ko‘p yil ishlagan va rus tilini yaxshi biluvchi o‘zbeklar bemalol o‘zlari kelib ketaverishlari mumkin. Lekin bundaylar ko‘p emas-da. Migrantlarning asosiy massasi haqida gapirilsa — gap foydada. Markaz orqali, ham arzon, ham tez, ham xavfsiz tushadi.

- Boshqa yana shunday markazlarga misol bormi?

- Albatta. Bu ham O‘zbekistonning o‘zida. Axir bu mamlakatdan ishchilar faqat bizga kelishmadi. Janubiy Koreya, Yaponiyaga ham ishlashga borishadi. Bu mamlakatlar allaqachon o‘z migratsiya markazlarini ochib, eng malakali kadrlarni tanlab olishmoqda. Bizga kelayotgan o‘zbek migrantlarining 60 foizi yordamchi ishchilar. Biz markaz ochilganidan so‘ng bu raqam malakali kadrlarning hisobiga o‘zgarishidan umid qilmoqdamiz.

- Oxirgi savol — qanday natijalarni ko‘zlayapsizlar va istiqbollar qanday?

- 90-yillarda yuz bergan demografik tanazzul tufayli Rossiyada ishchi qo‘llarning yetishmasligi bundan buyog‘iga tobora yaqqol namoyon bo‘laveradi. Ekspertlarning fikricha, mamlakatda mehnat resurslarining taqchilligi yaqin yillar ichida 10 million kishiga yetadi. Biroq biz — Rossiya Federatsiyasi fuqarolarida bu darajadagi nazorat qilib bo‘lmas ulkan migratsiya oqimi oldida himoyalanmaganlik hissi paydo bo‘lishi turgan gap.

Samarqandda ochilajak ilk markaz yordamida mamlakatdagi ikkinchi markazni Andijon shahrida ochishni mo‘ljallamoqdamiz. Biz O‘zbekistondan keladigan qonuniy migrantlar sonini yiliga 200–250 mingga yetkazmoqchimiz. Ya'ni, noqonuniy segmentdan butunlay voz kechmoqchimiz. Istiqbolda Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlari bilan ham shunday bitim tuzish rejalashtirilgan. Chunki bu mamlakatlar bizga ishlashga kelayotgan mamlakatlar ichida ikkinchi va uchinchi o‘rinda turishadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid