O‘zbekiston | 08:36 / 09.02.2022
2031
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda yerlarni o‘zlashtirish uchun 10 mln so‘m ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladi 

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Moliya vazirligi Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda 2022 yilda yerlarni o‘zlashtirish uchun 10 million so‘m mablag‘ ajratish tajribasini Jizzax viloyati Do‘stlik, Arnasoy, Yangiobod, G‘allaorol, Baxmal, Zomin va Forish tumanlarida 10 ming gektar maydonda sinovdan o‘tkazadi hamda natijasi bo‘yicha mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida amalga oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda viloyatning lalmi maydonlarni yerosti suvlari zaxirasi hisobidan o‘zlashtirilishi bo‘yicha qaror talablari amalga oshirilishini doimiy monitoring qilib boradi.

Jizzax viloyati hokimligi Energetika vazirligi bilan birgalikda Do‘stlik, Arnasoy, Yangiobod, G‘allaorol, Baxmal, Zomin va Forish tumanlarida 10 000 gektar qayta foydalanishga kiritilayotgan va o‘zlashtirilayotgan lalmi yerlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun talab qilinadigan elektr energiyasi quvvatlarini aniqlab, loyiha tashabbuskorlari tomonidan elektr ta’minoti obektlarini va tarmoqlarni qurish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar moliyalashtirilgandan so‘ng belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini amalga oshiradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda qarorda nazarda tutilgan prognoz ko‘rsatkichlar va chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini tahlil qilib boradi va muvofiqlashtiradi, muammoli masalalarni muntazam ravishda o‘rganish hamda hal etish yuzasidan tezkor va amaliy chora-tadbirlar ko‘rib boradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qarorda belgilangan topshiriqlar natijadorligini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan tadbirlarni nazoratga oladi hamda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida amaliy choralar ko‘radi.

Mavzuga oid