O‘zbekiston ilk marta PIRLS dasturida qatnashadi. Bu nima uchun muhim?
O‘zbekiston maktablari 2021 yilda ilk marta PIRLS xalqaro tadqiqotida ishtirok etadi. Bu jarayonga bir necha yildan beri tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xo‘sh, bunday xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish bizga nima beradi?
Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev Kun.uz bilan suhbatda shu haqda ma'lumot berdi.
«Xalqaro tadqiqotlar ta'lim sifatini shaffof ko‘rsatib beradi»
— O‘zbekiston tarixda ilk bor ta'lim bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish qarorini qabul qildi. Bunday xalqaro tadqiqotlar mamlakatimizdagi ta'lim sifati qay holatda ekanini shaffof va asosli ravishda ko‘rsatib beradi. Chunki bu tadqiqotlarning ustida ishlaydigan olimlar butun dunyodan tanlab olingan, o‘z sohasi ustalari. Baholash mezonlari xalqaro testologiya standartlariga asoslanadi.
PIRLS tadqiqoti natijasida boshlang‘ich sinf o‘quvchisining bilimini, o‘qigan matnini qay darajada tushunishi, shundan kelib chiqib fikrlay olishi tahlil qilinadi.
PISA tadqiqoti esa 15 yoshli o‘quvchilardagi bilim sifatini aniqlab beradi. Bizda bu asosan 9-sinf o‘quvchilari. Ular maktab davrida olgan bilimini hayotida qanchalik qo‘llay olishi o‘rganiladi.
TIMSS esa 4-8 sinf o‘quvchilaridagi matematik savodxonlik darajasini tekshirib beradi.
TALIS dasturida esa ta'limga aloqador barcha shaxs va jarayonlar tahlil qilinadi: o‘quvchi, o‘qituvchi, direktor, ota-onalar munosabatlarining yo‘lga qo‘yilishi o‘rganiladi. Tahlillar yuzdan ortiq savollarga berilgan javoblarga asoslanadi.
Bunda avvalo o‘qituvchilar jamoasi ichidagi hamda ularning direktor bilan munosabatlaridagi muhit o‘rganiladi. Keyingisi, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat. Uchinchi yo‘nalish – maktab va ota-ona o‘rtasidagi aloqa qanday yo‘lga qo‘yilgani. To‘rtinchisi, maktab direktori va o‘qituvchilar o‘z ustida qay darajada ishlayotganini aniqlashga qaratilgan.
Yuqorida sanalgan tadqiqotlar natijasi jamlansa, respublikamizdagi 11 yillik umumiy o‘rta ta'lim tizimi sifatiga umumiy bahoni bera olamiz.
O‘quvchilar bilim darajasi, o‘rgangan bilimini hayotga tatbiq eta olishi, o‘qituvchining ish samaradorligi, maktabdagi boshqaruv qay holatda ekani, ota-onalarning maktabdagi muhitdan qanchalik xabardorligi haqida ma'lumotlar o‘z-o‘zidan shaffof va neytral tarzda kelib chiqadi.
«Tadqiqot xulosasida yutuq va kamchiliklar aniq ko‘rsatiladi»
— Bu yil PIRLS tadqiqotida ishtirok etganimizdan so‘ng, natijasi katta ehtimol bilan 2022 yilda ma'lum bo‘ladi. Har bir xalqaro tadqiqot o‘tkazilgach, bir yil o‘tib chuqur o‘rganilgan tahlillar natijasi butun dunyo bo‘ylab e'lon qilinadi.
Masalan, PISA tadqiqotlarida 90 ta mamlakat ishtirok etsa, o‘rganish natijalari ana shularni jamlagan reyting ko‘rinishida e'lon qilinadi. Natija ijobiy yoki salbiy bo‘lishidan qat'i nazar, bunga olib kelgan omillar aniq faktlar asosida sanab beriladi. O‘z o‘rnida, salbiy oqibatlarni bartaraf qilish uchun tavsiyalar ham beriladi.
Hukumatning ta'lim tizimida qabul qiladigan keyingi qarorlari shu tavsiyalarga mos bo‘lsa, bu mamlakatning keyingi tadqiqotlardagi natijalari yaxshilanishiga asos bo‘ladi.
«Bu tadqiqotlar O‘zbekistonga sarmoyadorlar kirib kelishiga ham turtki bo‘ladi»
— Tadqiqotda ishtirok etishning O‘zbekistonga yana bir foydali tomoni shundaki, xalqaro darajadagi tadbirkorlarning sarmoya yo‘naltirishlariga turtki bo‘ladi. Ma'lumki, sarmoyadorlar bir davlatga mablag‘ kiritishdan avval o‘sha mamlakat aholisining turmush darajasi, salomatligi, iqtisodiy ta'minoti bilan qiziqar ekan, asosiy e'tiborni yana bir jihatga qaratadi. Ya'ni, kiritayotgan sarmoyasini yanada oshirishga salohiyati yetadigan kadrlar mavjudligiga e'tibor beradi
O‘rta ta'limdagi tadqiqotlar sarmoyadorlarga ana shunday ma'lumotlarni shaffof, xolisona tarzda taqdim etadi. O‘zbekiston ta'limi haqida ham oshkora ma'lumotlarni shu reytingda olish mumkin bo‘ladi.
Tadqiqotlarda ishtirok etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan yana biri ta'limimiz haqidagi ma'lumotlarni butun dunyoga ochiq taqdim etish. Yirik tadbirkorlar shundan kelib chiqib qaror qabul qilishadi.
Albatta O‘zbekiston bu tadqiqotlarda ilk ishtirokidayoq yuqori natija ololmasligi mumkin. Bir narsani unutmaslik kerakki, dunyoda ta'lim tizimi hali oqsayotgan, mavjud muammolari bor mamlakatlarning ta'limini rivojlantirish uchun sarmoya tikish niyatidagi sarmoyadorlar ham bor.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
16:39 / 28.12.2024
Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarini maktabga qabul qilmaslik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
15:02 / 25.12.2024
Ayrim maktab xodimlariga ustamalar to‘lash takomillashtiriladi
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024