Jamiyat | 21:34 / 12.02.2021
21192
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya jamg‘armasi Xovos tumani bo‘limi boshlig‘i pora ustida qo‘lga tushdi. U tayinlanganiga bir oy ham bo‘lmagandi

8 fevral kuni Sirdaryo viloyati budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Xovos tumani bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi F.U. o‘z xizmat xonasida fuqarodan pora olayotganida ushlangan. Bu haqda Sirdaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan fuqaro X.ning arizasiga asosan, 2021 yil 8 fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xovos tumani budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi F.U. mansabdor shaxs bo‘lgani holda, xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaro X. umuman mehnat stajiga ega emasligini bila turib, yuqori miqdordagi nafaqaga chiqishi uchun uning mehnat faoliyatiga egaligi to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlab berish orqali uni yoshga doir nafaqaga chiqarib berish evaziga 2 mln so‘m pulni xizmat xonasida pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu holat bo‘yicha 2021 yil 8 fevral kuni departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan F.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

18 yanvar kuni Xovos tumani budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i Fayziyev Baxtiyor Sadullayevich 52 yoshida olamdan o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid