Jamiyat | 17:41 / 06.10.2020
26018
8 daqiqa o‘qiladi

«O‘quvchilar qabulidagi adolatli tizim – asosiy yutug‘imiz» - Qorako‘ldagi matematika maktabi direktori bilan suhbat

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabi respublika uchun namuna sifatida e'tirof etilmoqda. O‘tgan hafta O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida prezident Xalq ta'limi vazirligiga ushbu maktab tajribasini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.

Kun.uz muxbiri mashhur maktabning tashkil topishi, o‘qitish tizimi, o‘quvchi va o‘qituvchilarni qabul qilish jarayoni bilan qiziqib, maktab asoschisi va direktori Temir Ro‘ziyev bilan suhbatda bo‘ldi.

O‘quvchi va o‘qituvchilarni saralab olish haqida

– Maktab o‘quvchilari yutug‘ining sababi, avvalo, bu yerga Allohning nazari tushganligida, deb bilaman. Qorako‘l ta'limini kuchaytirgan asosiy narsa – o‘quvchilarni maktabga qabul qilish shaffoflik va adolat bilan bajarilishida bo‘lgan.

Maktab uchun muallimlarni tanlab olishda ham ularning bilimi men uchun yagona talab emas. O‘qituvchilarning fidoyiligi, chin ma'noda vatanparvarligi, shuningdek, tarbiyasiga qarab saralaganman. Yana bir jihati shuki, o‘qituvchilarning hayotida uchraydigan iqtisodiy yoki boshqa muammosini bilib, yonida turishga harakat qilaman.

Shu bilan birga, maktabda sog‘lom jamoa shakllangan. Agar rahbar qaysidir o‘qituvchidan manfaat ko‘rib uni ishga olsa, yoki o‘qituvchi oldida muttaham bo‘lib qolsa, bu jamoaning yutug‘i uzoqqa bormaydi.

«Odamlar ilmdan boshqa yo‘l bolasini maktabga kiritolmasligini tushundi»

– Maktabni tashkil etganimga 10 yil bo‘lyapti. Dastlabki yillarda bolasini maktabga olishim uchun menga taklif ham, bosim ham bo‘lgan. Farzandini qabul qilmaganim uchun men bilan orasini ochiq qilib, gaplashmay ketganlar ham bo‘lgan. Qarindoshlarim orasida ham mendan ranjiganlar ko‘p.

Ammo oxirgi 5 yildan buyon bolasini qabul qilishim uchun hech kim oldimga kelmay qo‘ygan. Chunki odamlar ilmdan boshqa narsa bilan bolasini maktabga kiritolmasligini tushundi.

Shuning uchun rahbar maktabni tashkil qilishdagi dastlabki 3 yilda o‘z qat'iyatini ko‘rsatib, adolat qilsa, oxirigacha adolatni saqlab qola oladi.

«Bolasi maktabga kirolmagan kattaroqlar yuqoriroq joyga murojaat qilishidan nohaqlik boshlanadi»

-iDHq24bJy1tEbxlNszaK3kfigk6lOEw.jpg (1280×882)

– Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev bir kuni oldimga kelib, Sirdaryoda ham shunday maktab yaratmoqchiligini aytib qoldi. Biz birga maktab ochiladigan joyga bordik, maktab qurilishi haqida bafurja gaplashdik. Shunda Mirzayevdan: «Sizga haqiqiy Qorako‘l maktabi kerakmi yoki nomiga Qorako‘l maktabi kerakmi?» deb so‘radim. Tabiiyki, hokim haqiqiy Qorako‘l maktabini xohlashini aytdi. Shunda men shartimni ayta ketdim:

«Maktab qurilgach, uning peshtoqiga Guliston shahar xalqaro matematika Qorako‘l maktabi deb yoziladimi?» dedim. Hokim savolimni ma'qullab, bosh irg‘idi. «Qorako‘l maktabining mashhurligini Sirdaryo ahli biladimi?» deb keyingi savolni berdim. Hokim: «Albatta», deb javob qaytardi.

«Unday bo‘lsa, maktabga rahbar ham, amaldor ham, oddiy fuqaro ham bolasini o‘qitishni xohlaydi. Bolasi maktabga kirolmagan kattaroqlar xalq ta'limi bo‘limiga yoki yuqoriroq joyga murojaat qiladi. Shu joyda nohaqlik boshlanib ketadi. Binobarin, Qorako‘l ta'limini xohlayotgan ekansiz, o‘quvchilarni maktabga qabul qilish jarayonini o‘z bo‘yningizga olasiz. Maktabdagi qabul komissiyasi raisi hokim bo‘lsagina, siz xohlayotganday maktabni tashkil qilish mumkin bo‘ladi», deb taklifimni bildirdim.

«Maktabga kirish uchun 3-4 martagacha imtihon topshiriladi»

– Maktabga o‘quvchilar 7-sinfdan boshlab o‘qishga qabul qilinadi. Qabul uchun har 2 oyda haftaning yakshanba kuni imtihon e'lon qilinadi. Imtihonga bolalar ota-onalari bilan kelishadi. 1-bosqichda 4ta masala beriladi. Yozma ish javoblari o‘sha yerning o‘zida tekshirilib, ota-onalarga e'lon qilinadi.

Masalan, 1-imtihonda 200 nafar bola qatnashgan bo‘lsa, keyingi imtihonda bolalar soni 400 nafarga yetadi. Keyingi safariga misol va masalalar soni oshirilib, murakkabroq tuziladi. Xuddi shu tartibda 3-4 marta imtihon qilinadi.

Imtihon topshiruvchilar 3000ga yetgan vaqtlari ham bo‘lgan. Oxirgi imtihon maktabga qabul qilish uchun bo‘lib, matematikadan eng yuqori ball olgan 200 bola maktabga olinadi.

«Har hafta o‘quvchilar bilan muloqot o‘tkaziladi»

– Darslar davlat ta'lim standartidagidek 5-6 soatdan bo‘ladi. O‘quvchilar uchun darsdan keyin soat 15dan 19gacha kuni uzaytirilgan guruh bo‘ladi. Bu guruhlarda dars 5 kun davom etib, fan o‘qituvchilari o‘quvchilarning tushunmagan mavzu va savollari bilan ishlaydilar.

Har haftaning payshanba kuni maktabda o‘quvchilar bilan muloqot o‘tkaziladi. Unda barcha o‘quvchi va o‘qituvchilar qatnashadi. Muloqotda dastlab tartib, keyin bolalar bilimi muhokama qilinadi. Ustozlar past bahoga o‘qigan bolalar ro‘yxatini e'lon qilishadi. Bolalar minbarga chiqarilib, ularning past baho olish sabablari o‘rganiladi. Past baho olish 3 martagacha davom etsa, ota-onasi chaqiriladi. Bizda ota-ona, maktab, o‘quvchi zanjiri vijdonan yo‘lga qo‘yilgan.

«Hozirgi bolalar qattiq tanbehni ko‘tara olmaydi»

– Bundan 20 yil oldin bolalarni qattiq gapirib ham, tergab ham o‘qitardik. Ammo hozir bolalar psixologiyasi ancha o‘zgargan. Ular qattiq tanbehni ko‘tarolmaydi. O‘quvchilar bilan xarakteridan kelib chiqib, ortiqcha gap qilmay muomala qilamiz.

Bugun bolalar psixologiyasiga aynan nima ta'sir qilayotganini bilmaymiz. Bolani o‘qitishning bitta yo‘li to‘g‘ri – maslahat berib, tushuntirib, yo‘lga solish bo‘lishi mumkin. Shunda ham o‘qituvchilarning bolalarga nojo‘ya gaplarini sezsak, o‘qituvchi bilan ham ishlaymiz. Ammo bu juda kam foizni tashkil qiladi. Maktabda tartibsiz bola 0,01 foizni tashkil qiladi.

«Rahbarning o‘rinbosarlariga ham ko‘p narsa bog‘liq»

– Italiya hukumati 3 yil bosh vazirsiz ishlagan. Bu iqtisodiyotga umuman ta'sir qilmagan. Buning sababi – Italiyada iqtisodiy mexanizmning yaratilgani bo‘lgan. U yerda rahbar uchun ishlanmagan, har kim o‘z ishini o‘zi biladi.

Maktabni noldan qurganmiz. Boshqa maktablardan partalar so‘rab tashkil etganmiz...

Men xato qilishdan qo‘rqaman. Mendan keyin maktab kamida 10 yil shu holida davom etmasa, menga og‘ir botadi. Ko‘p hollarda rahbar o‘rinbosari o‘zidan zo‘r bo‘lishidan qo‘rqadi, ertaga o‘rnini olib qo‘yishidan xavfsiraydi. Men esa bundan faqat xursand bo‘laman. Agar o‘rinbosar yaxshi bo‘lsa, rahbar ortiqcha azob ko‘rmaydi. Shuning uchun Allohga ming shukur qilaman.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid