«Toshkentda shunday maktab bormi?» – Prezident vazirlikka Qorako‘l maktabi tajribasini o‘rganish topshirig‘ini berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh ziyolilar va o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Unda davlat rahbari ta'limga oid asosiy muammolar haqida gapirib, oldinda turgan vazifalarni belgilab berdi.
«Oqqan daryo oqaveradi, deydi dono xalqimiz. Bugun buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib, yangi renessans poydevorini yaratish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud deyishga to‘la asosimiz bor. Bu fikrga bir misol keltirmoqchiman. Bilasizlar, Qorako‘lda hammamizga mashhur bir maktab bor.
Bu maktabni mashhur qilgan oddiy qishloqning fidoyi muallimi To‘xtamurod Jumayevni ham barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ajoyib pedagog o‘zining tinimsiz izlanishi, yangi pedagogik metodlari bilan oddiy qishloq maktabini respublika darajasida mashhur ta'lim dargohiga aylantirdi. Holbuki, maktab Buxoroning olis cho‘l tumanida joylashgan bo‘lib, zamonaviy sharoitga, qulay imkoniyatlarga ham ega emas. Bu maktab bitiruvchilaring 95 foizdan ortig‘i OTMlarga kiryapti», dedi prezident.
Davlat rahbari Qorako‘ldagi maktabga respublikaning barcha hududlaridan bolalar borib o‘qiyotganini va maktab yutuqlari inobatga olinib, u Xalqaro matematika maktabiga aylantirilganini aytib o‘tdi.
«Biz bu ta'lim maskani erishayotgan katta yutuqlarni inobatga olib, o‘tgan yili uni Xalqaro matematika maktabiga aylantirdik.
To‘xtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi.
Mana, bugungi kunimizning haqiqiy ma'rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!
Bunday ulkan natijaga erishish uchun albatta o‘ziga xos o‘qitish tizimi bo‘lishi kerak. Ayni vaqtda bunday yutuqlar zamirida insonning o‘z kasbiga, Vataniga mehri va sadoqati, yuksak mas'uliyat tuyg‘usi mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Mana shu maktabda To‘xtamurod aka boshchiligida har bir o‘qituvchi shogirdlarini o‘z bolasiday ko‘rgan, bu yerda chinakam ijodiy musobaqa muhiti shakllangan va bu ishlar bugun o‘zining munosib natijasini bermoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bayramda ta'lim-tarbiya sohasida erishgan yuksak yutuqlari va ibratli faoliyati uchun To‘xtamurod Jumayevni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirladi.
«Mohir pedagog To‘xtamurod Jumayev ta'lim-tarbiya sohasida erishgan ulkan yutuqlari va ibratli faoliyati uchun Prezident Farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandilar.
Fursatdan foydalanib, To‘xtamurod akani va mukofotga sazovor bo‘lgan barcha o‘qituvchi va murabbiylarimizni o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy muborakbod etaman
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari, shu o‘rinda savol tug‘iladi: Qorako‘l maktabi biz uchun zamonaviy maktabning haqiqiy andozasi emasmi? Nima uchun Xalq ta'limi vazirligi uning noyob tajribasini yetarlicha ommalashtirmayapti? Nima uchun boshqa maktab direktorlari bu ta'lim dargohidan ibrat olmayapti? Xalq ta'limi vaziri Sh.Shermatov nega uch yildan buyon bu jiddiy masalaga yetarlicha e'tibor bermayapti?
Afsuski, hammamiz “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deb, beparvo bo‘lib yuribmiz.
Nima uchun boshqa viloyatlarda, deylik, Andijonda, Farg‘ona, Samarqand, Xorazm yoki Qarshida, Jizzax va Sirdaryoda bunday maktablar yo‘q?
Vaholanki, bugungi kunda bizga mana shunday yuzlab maktablar, o‘z kasbining chinakam ustasi va fidoyisi bo‘lgan minglab murabbiylar suv bilan havoday zarur.
Shu munosabat bilan Xalq ta'limi vazirligi hududlar rahbarlari bilan birgalikda har bir tumanda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish choralarini ko‘rishi zarur», dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
17:38 / 28.12.2024
Prezident Yangi Toshkentdagi ilm va ta’lim maskanlari qurilishi bilan tanishdi
16:19 / 28.12.2024
Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik ma’muriy binolar qurilmoqda
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024