O‘zbekiston | 20:43 / 03.02.2021
16919
10 daqiqa o‘qiladi

Prezident 2021 yilgi davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonini imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil – «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi.

Mazkur davlat dasturi loyihasi joriy yilning 18–28 yanvar kunlari 2021.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz veb-portallari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

Muhokamalar doirasida farmon loyihasi mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 700ga yaqin, teleradiokanallarda qariyb 400ta chiqish va eshittirishlar efirga uzatildi.

Natijada, loyiha bo‘yicha 4 mingga yaqin takliflar kelib tushdi. Xususan, davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 1 239 ta, sud-huquq yo‘nalishida – 479ta, iqtisodiyot sohasida – 901ta, ijtimoiy sohada – 1018ta, tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishida– 146ta.

 Takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, loyihaga jami 50ga yaqin konseptual hamda 100dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

2021 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. so‘m hamda 2 600,4 mln. AQSh dollari va 57,5 mln. yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat dasturi jami 274ta banddan iborat bo‘lib, birinchi – davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 20ta, ikkinchi – sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha – 18ta, uchinchi – iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha 113ta, to‘rtinchi – ijtimoiy soha yo‘nalishi bo‘yicha 93ta, beshinchi – tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha 30ta banddan iborat vazifalar belgilab olingan.

2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqiladi
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Farhod Ishankulovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, farmon bilan davlat dasturi loyihasining birinchi yo‘nalishiga 20-band sifatida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi kiritilgan. Ushbu vazifa jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan dastlabki Davlat dasturi loyihasida aks ettirilmagandi.

Shuningdek, Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq yana bir qator takliflar berilgan. Jumladan, davlat dasturi loyihasining 4-bandida nazarda tutilgan davlat boshqaruvi xodimlari sonining o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni amalga oshirishda mehnat qonunchiligiga qat'iy rioya etgan holda qisqartirishga tushgan xodimlarni egallab turgan lavozimi darajasida ish bilan ta'minlash hamda dastur loyihasining 11-bandida nazarda tutilgan bepul yuridik yordam tizimini rivojlantirishni davlat tomondan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi takliflar berilgan va bu takliflar prezident farmonida aks ettirilgan.

Toshkent shahrining qadimiy 12ta darvozasi tiklanadi
Toshkent shahrining qadimiy 12ta darvozasini tiklash va turizm namoyishi obektlariga kiritish choralari ko‘riladi. Bu davlat dasturining 221-bandida alohida vazifa belgilab berilgan.

«Aytish joizki, mazkur vazifa fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida davlat dasturiga kiritildi», deydi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov.

Uning ma'lum qilishicha, davlat dasturining to‘rtinchi — Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash hamda ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridagi 154-bandda Bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida «Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan bo‘lib, fuqarolar takliflari asosida qonun loyihasini ishlab chiqish uchun mas'ul ijrochilar qatorida Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va kelishuv asosida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilandi.

Shuningdek, davlat dasturining mazkur ustuvor yo‘nalishlarining 229- bandida pedagog xodimlarga malaka toifasini berish tizimini qayta ko‘rib chiqish, shaffoflik va avtomatlashtirish asosidagi yangi tizimni joriy qilish belgilangan. Fuqarolardan tushgan takliflar asosida davlat dasturiga malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikatni olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatini yaratish, uzoq muddatli uzluksiz pedagog stajiga va oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni attestatsiyaga jalb qilmaslik va ularning amaldagi oliy malaka toifasini saqlash bo‘yicha berilgan takliflar ham kiritildi.

2021 yilda O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilari kengashi yillik anjumani o‘tkaziladi
2021 yilda O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilari kengashi yillik anjumani o‘tkaziladi. Bu haqda 2021 yilgi davlat dasturining 274-bandida alohida vazifa belgilab qo‘yilgan.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Hakimovning ma'lum qilishicha, 2021 yilga mo‘ljallangan davlat dasturini amalga oshirishga oid prezident farmoni bilan davlat dasturining dastlabki loyihasida nazarda tutilgan xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, shuningdek, vazmin o‘zaro foydali va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirishga oid beshinchi yo‘nalishiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan.

Xususan, 18-28 yanvar kunlari umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilingan Davlat dasturining beshinchi yo‘nalishdagi O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi qonunchiligini takomillashtirishni nazarda tutuvchi 252-bandi hamda Parlamentlararo diplomatiyani, shu jumladan, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar (ShHT, TTDHK, MDH, YeXHT va boshqalar) doirasida hamda qo‘shni davlatlar bilan izchil rivojlantirishga qaratilgan 268-bandlar chiqarib tashlangan. Bu bandlar o‘rniga prezident farmonining 274 yakuniy bandida aks etgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilari kengashi yillik anjumanini 2021 yil O‘zbekistonda o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish vazifalari kiritilgan.

Davlat dasturi loyihasidagi O‘zbekiston fuqaroligini berish bo‘yicha talab chiqarib tashlandi
2021 yilgi Davlat dasturi loyihasidagi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berish tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi 2021 yil 1 maydan boshlab mamlakatimizga 2005 yil 1 yanvarga qadar kelib, O‘zbekistonda yashash guvohnomasi asosida doimiy yashayotgan, shuningdek mamlakatimizda 15 yil davomida O‘zbekistonda yashash guvohnomasi asosida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan (chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan) shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilish bandidan prezident farmoni bilan 15 yil davomida O‘zbekistonda yashash guvohnomasi asosida doimiy yashab turganlik bo‘yicha qo‘yilgan talab chiqarib tashlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Nilufar Nodirxonova ma'lum qildi.

Nodirxonovaning ta'kidlashicha, prezident farmoni bilan 18-28 yanvar kunlari umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilingan Davlat dasturi loyihasining ikkinchi — Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor vazifalariga qaratilgan yo‘nalishiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan.

Jumladan, farmon bilan davlat dasturida Biznes-ombudsmanning ma'muriy huquqbuzarlikni rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatlarini aniqlashtirishni belgilashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ishlab chiqish vazifasi belgilangan yangi 32-band kiritilgan. Mazkur qo‘shilgan band orqali Biznes-ombudsmanning tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish, shuningdek xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik holatlarida, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan xo‘jalik boshqaruv organlari mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llaniladigan choralari nazarda tutilgan. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas'ul etib, Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot hamda Savdo-sanoat palatalari belgilangan.

Avtobekatlarda tadbirkorlik obektlarini ochish uchun ruxsat berishning shaffof elektron tartibi joriy etiladi
Tuman budjeti xarajatlarining 5 foizining maqsadli ishlatilishini yakuniy nazorat qilish uchun tuman deputatlari Kengashida tegishli mansabdor shaxslarning hisoboti eshitilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 2021 yilgi davlat dasturining 48-bandida alohida vazifa belgilab berilgan.

Aytish joizki, mazkur vazifa fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida Davlat dasturiga kiritilgan.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Furqat Yunusovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, farmon bilan Davlat dasturining Iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridagi 95-bandida nazarda tutilgan qishloqdan – tuman markazigacha hamda tuman markazidan – viloyat markazigacha transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va ularning sifatini oshirishga qaratilgan vazifalar fuqarolar takliflari asosida to‘ldirilib, avtobekatlarda tadbirkorlik obektlarini ochish uchun ruxsat berishning shaffof elektron tartibi va ulardan foydalanishga aniq talablarni belgilashni nazarda tutuvchi vazifalar kiritildi.

Shuningdek, davlat dasturining 82-bandida hududlarda tashqi qarz hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha jamoatchilik nazorati tizimini takomillashtirish belgilangan. Fuqarolar takliflari asosida mazkur bandda davlat xususiy sherikligiga taklif etilayotgan barcha obektlar bo‘yicha ma'lumotlar yagona elektron portalda to‘liq joylashtirilishini ta'minlash nazarda tutilmoqda.

Mavzuga oid