O‘zbekiston | 23:16 / 21.04.2020
25839
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan xodimlarga propiska beriladi

Bundan buyon Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan mutaxassislar mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni imzolagan farmonda shunday belgilangan.

Ya'ni, Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi tushuntirishicha, fuqaro poytaxtda yoki Toshkent viloyatidagi umumta'lim maktabida o‘qituvchilik qilsa, maktab direktorining; poliklinikada ishlasa, poliklinika mudirining ma'lumotnomasi bilan propiskaga kirishi mumkin.

Bunda asosiy shart shuki, fuqaro bitta tashkilotda ishlagan davri besh yildan kam bo‘lmasligi kerak.

Bundan tashqari, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida uy-joy sotib olmagan fuqarolar notariusga ishi tushganda, notarial xatti-harakatlarni amalga oshirish vaqtida notariuslarning ulardan propiska talab qilishi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda tegishli qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etish belgilangan.

Bundan oldin, mazkur farmon bilan Toshkentdan uy olish uchun propiska so‘ralmasligi, ishdan bo‘shagan xodimning propiskasi «kuymasligi» belgilangani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid