Jahon | 14:09 / 09.08.2019
49271
3 daqiqa o‘qiladi

Medvedev Qirg‘iziston uchun XXI asrda inqilob o‘tkazish limiti tugab bo‘lganini aytdi

Foto: government.ru

Qirg‘izistonga tashrif bilan kelgan Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Qirg‘izistondagi oxirgi voqealar mamlakatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan beqarorlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

 “O‘ylashimcha, XXI asrda Qirg‘iziston inqilob o‘tkazish limitini allaqachon tugatib bo‘ldi.  Bu kabi voqealar mamlakatning siyosiy va iqtisodiy beqarorligiga olib kelsa, bu juda yomon bo‘ladi”, deb aytgan Medvedev jurnalistlarga Qirg‘izistonga kelgach.  

U “bu holat mamlakatda yashaydigan juda ko‘p odamlarga va hattoki bizning Yevroosiyo loyihamizga ham yomon zarba bo‘ladi” deb aytgan.
 
Rossiya bosh vazirining ta'kidlashicha, Moskvada Qirg‘izistonda bo‘layotgan voqealar ortidan diqqat bilan kuzatilmoqda va bunga befarq munosabatda bo‘la olmaydilar. “Biroq bu Qirg‘izistonning ichki ishi”, deb qo‘shimcha qilgan u.

Medvedev 9 avgustda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan Yevrosiyo hukumatlararo kengashining majlisida ishtirok etadi.

Qirg‘izistonda sobiq prezident Almazbek Atamboyevning hibsga olinishi bilan bog‘liq holda keskin vaziyat yuzaga keldi. 8 avgustda uning mingga yaqin tarafdorlari Bishkek markazida yig‘ilib, amaldagi davlat rahbari Sooronbay Jeenbekovning iste'fosini talab qilishni boshlaganlar. Keyinroq huquq-tartibot idoralari ularni parlament yonidan ko‘zni yoshlatuvchi gaz va granatalar yordamida siqib  chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. 

Qirg‘izistonda 2005 yil martida xalq g‘alayonlari yuz berib, buning oqibatida mamlakatni 15 yil davomida boshqargan Asqar Akayev mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. O‘shanda bu voqealar “lolaqizg‘aldoq inqilobi” deb atalgandi.

Shuningdek, 2010 yil aprelida Qirg‘izistonda yana bir inqilob yuz berib, uning natijasida prezident Kurmanbek Bakiyev va unga yaqin odamlar hokimiyatdan chetlatilgan. O‘shanda hukumat uyi oldidagi namoyishga chiqqan odamlarga o‘qotar qurol qo‘llanishi natijasida 87 kishi halok bo‘lgan.  

Mavzuga oid