Komil Allamjonov muassisligidagi «Milliy» telekanali «Zakovat» namoyishini to‘xtatdi. Dastur taqdiri endi nima bo‘ladi?
“Zakovat” 20 yillik tarixida uchta telekanalda efirga uzatildi. “Yoshlar”da ochilgan teledastur “O‘zbekiston” telekanaliga, oxiri “Milliy” TVga o‘tdi. Ammo ijodiy erkinlik va'da qilingan bu kanalda "Zakovat"ning namoyishi butunlay to‘xtab qoldi.
“Zakovat”ning yopilishiga oid gap-so‘zlar anchadan beri muhokama markazida. Bu borada yakuniy fikrga kelinmagan, rasman axborot berilmagan bo‘lsa-da, bu dastur bo‘yicha parda ortida ham jiddiy bahslar ketayotganini anglash qiyin emas.
“Zakovat” intellektual teleo‘yini o‘zining 20 yillik tarixida uchta telekanalda faoliyat yuritib ko‘rdi. Dastlab “Yoshlar”da ochilgan teledastur keyinchalik “O‘zbekiston” telekanaliga, oxiri nodavlat kanallar orasida reytingi yuqorilab borayotgan “Milliy”ga o‘tdi.
Ko‘rsatuvning dastlabki sonini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. O‘shanda boshlovchi Abdurasul Abdullayev mazkur loyihaning yangilik emasligi, bu shaklda boshqa davlatlarda mavjudligi, endi esa O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilayotgani to‘g‘risida gapirgandi.
Chindan ham aynan shu shaklda juda ko‘p davlatlarda bo‘lgan bu dastur O‘zbekistonda ham juda tez ommalashdi. Unda ishtirok etishni, hech bo‘lmasa jo‘natgan savoli yangrashini istaganlar juda ko‘payib ketdi. “Zakovat” uzoq vaqt praym-taymlarning eng qulay paytlarida efirga uzatildi.
Ko‘rsatuv efirga uzatilish bilan birga “Zakovat” klubi ham yangidan yangi bilimdonlar hisobiga kengaya bordi. Homiylar paydo bo‘ldi, tuzukkina sovrinlar qo‘yildi, xorijdan nufuzli mehmonlar jalb qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, ilm targ‘ibotida, tafakkurga undashda, ayniqsa yoshlarni izlanishga o‘rgatishda bu loyihaning o‘rni katta bo‘ldi.
Ammo zamon, vaziyat o‘zgardi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, gadjetlar ommalashuvi aksariyat yoshlarni bu kabi mantiqiy fikrlashga undovchi dasturlardan uzoqlashtirdi. Qatorlashtirib tashlangan xorij seriallari efirning “qaymog‘i”ni egalladi va telekanallarning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Bu jarayonda “Zakovat” vaqti surila-surila oxiri dastur efirga chiqishdan butkul to‘xtadi. Albatta, teleklub o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ammo endi tomoshabin intellektual ozuqa va zavqli tomoshadan bebahra qoldi.
“Zakovat”ning bugungi holatga tushish sabablari, kelgusi rejalariga oid savollar bilan dastur muallifi Abdurasul Abdullayevga murojaat qildik:
– Abdurasul aka, “Zakovat” “Milliy” telekanalida faqat reyting pasayganligi tufayli efirga uzatilmay qolgani qanchalik asosli?
– Bu gaplar qisman to‘g‘ri. Lekin shu bilan birga, buning obektiv sabablari ham bor. O‘zi MTRKdan “Milliy” telekanaliga o‘tishimiz bo‘yicha muzokaralar 3 oycha davom etgan, bizga juda katta va'dalar berilgandi. Men nodavlat telekanalida ijod erkinligi kengroqligi, yaxshiroq takliflar bildirishgani uchun qabul qilgandim. Ammo bizni taklif qilganlar, kelishganlarning deyarli barchasi ishdan bo‘shab ketishdi. Bizga ajratilgan texnik imkoniyatlar qisqartirila boshlandi, “Zakovat”ning efirga uzatilish vaqti juda kechiktirib yuborildi, hatto soat 23:00ga qo‘yilgan vaqtlar ham bo‘ldi. Namoyish oyiga ikki martaga tushirildi va qayta efirlar butunlay to‘xtatildi. Bu endi telekanalga bog‘liq jihatlari.
O‘zimizga bog‘liq tomonlariga kelsak, men ham 20 yil shu aravani tortdim, jismonan va ruhan charchagan paytlarim bo‘ldi, o‘z ijodimga, yangi loyihalarga vaqt ajratdim. Uning ustiga sog‘ligim ham pand berdi – yuragimni ma'lum vaqt davolatdim. Ayni paytda soppa-sog‘man va yangicha g‘ayrat bilan ishlashga tayyorman. Bu vaqt oralig‘ida butun faoliyatni shogirdlarga topshirgandim. Ular ham albatta qo‘llaridan kelganicha harakat qilishgan, ammo ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yganlari tabiiy. Mana shu jihatlar birlashib reytingga salbiy ta'sir qildi.
Endi uchinchi bir jihat borki, uni ham albatta tilga olishimiz lozim. Tomoshabin, ayniqsa yoshlar yengil-yelpi narsalarga tobora mukkasidan ketmoqdalar. Ular fikrlashni unutib qo‘yyapti. Bu endi jiddiy masala.
– Mana shunday uzilish paytida boshqa telekanallardan taklif tushmadimi?
– “Yoshlar” telekanalidan ko‘plab takliflar bo‘lgan hamisha. Aslida g‘oyaviy jihatdan olganda bizning joyimiz shu kanalda. Lekin u tizimda faoliyat uchun cheklovlar anchagina ko‘p, har qanday yangilik uchun juda ko‘p joydan ruxsat olinishi kerak. Ya'ni, ijodiy erkinlik nodavlat telekanallardagidek emas.
– Dasturning kelgusi taqdiri bo‘yicha nimalar deya olasiz?
– “Zakovat” to‘xtab qolishi bo‘yicha juda ko‘pchilik e'tiroz bildirgani, loyiha taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar ko‘pligi meni quvontiradi. Ana shunday yurtdoshlarimizning mulohazalari, o‘zimizning sa'y-harakatlarimiz bilan dasturni yana jonlantirish ustida ish olib boryapmiz. Bu nafaqat qayta tiklash, balki butunlay yangitdan va o‘ziga xos tarzda ish olib borishni anglatadi.
“Milliy” telekanali muassisi Komiljon Allamjonov bilan bu masala bo‘yicha uchrashdik. U “Zakovat” efirdan olinganligidan bexabar bo‘lganini, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topganini, bilimga chanqoq yoshlar talabi albatta inobatga olinishi zarurligini bildirdi. O‘zi hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan “Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi” homiyligi ostida “Zakovat”ni qayta tiklash, yanada boyitish, sovrin uchun hatto avtomobil qo‘yish taklifini aytdi. Biz bundan xursand bo‘ldik.
Komil Allamjonov davlat rahbari tomonidan yoshlarga alohida e'tibor berilayotgan bir paytda “Zakovat” kabi dasturlar yopilmasligi kerakligini bildirib, ko‘nglimizni ko‘tardi. Endi yaxshiliklardan umid qilib turibmiz.
– “Zakovat” faoli Xushnud Xudoyberdiyev o‘z sahifalarida dasturning yangicha formati ustida ishlanayotgani haqida gapirgandi. Bu rejalar qaysi bosqichda va umuman amalga oshadimi?
– O‘zi umuman alohida platforma yaratish g‘oyasi menda avvaldan bo‘lgan, bu haqda MTRK rahbariyatiga ham bildirgandim. Maqsad aynan intellektual dasturlar uchun alohida telekanal ochish bo‘lgandi. Mayli, unda filmlar ham berilsin, multfilmlar va boshqa dasturlar ham o‘rin olsin. Lekin asosiy g‘oyasi intellektual loyihalarga asoslansin degan fikr bor edi. Afsuski bu amalga oshmadi.
Internet imkoniyatlari kengayayotgani, atrofimizda faol yoshlar ko‘payayotganidan foydalanib, g‘oyani yangicha formatda yo‘lga qo‘yish fikri yana jonlandi. Bunda faqat “Zakovat” bo‘lmaydi albatta, “Breyn ring”, “Svoya igra” kabi loyihalar adaptatsiya qilinadi, yangilari o‘ylab topiladi. Ana shunday rejalarimiz ham bor.
“Zakovat”ni tomosha qilib ulg‘ayganlar orasida bugun katta muvaffaqiyatga erishgan insonlar juda ko‘p. Chunki dastur o‘z vaqtida yoshlarni jalb qila olgandi va hozir ham ma'lum istiqbolga ega. Demak uning e'tibordan chetda qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Umid qilamizki, vaziyat bu darajaga bormaydi va “Zakovat” yana tomoshabin qarshisida paydo bo‘ladi.
Sarlavhadagi savolga javob berish vaqti keldi – “Zakovat” saqlanib qolsa, nafaqat bu uch tomon, balki butun O‘zbekiston yutadi.
Avvalroq, Komil Allamjonov “Milliy” telekanalida xorij seriallarini efirga uzatish kamaytirilib, ko‘proq milliy seriallarga e'tibor qaratilishini ma'lum qilgandi. Allamjonov seriallar tomoshabin ongiga ta'sir ko‘rsatuvchi kuchli vosita ekani, ammo O‘zbekistondagi ko‘plab telekanallarda asosan xorij seriallari namoyish etilayotganini ta'kidlagandi. Biroq, hozirgi kunda deyarli barcha xususiy telekanallarda xorij, xususan, Turkiya seriallari asosiy efir vaqtini egallab turibdi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:28
O‘zbekiston Interpol orqali Rasayev va Temirxanovni xalqaro qidiruvga berdi
22:07 / 03.12.2024
“Banditlar boshqargan ekan-da?” - Javlon Yunusovning Toshkentdagi qurilish loyihalaridan odamlar norozi
01:57 / 26.11.2024
Allamjonovga suiqasd: tergovning yangi tafsilotlari, jinoyatni fosh etishga to‘sqinlik qilgan amaldorlar va katta tozalash
16:11 / 25.11.2024