O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi. Ular haqidagi ma’lumot Interpol saytiga joylangan.
Lenta.ru'ning yozishicha, bu ikki shaxs chechenistonlik bo‘lib, ular O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd ishiga aloqadorlikda gumonlanmoqda.
Rasayev va Temirxanovga, shuningdek, Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Li hayotiga ham suiqasd qilish buyurtmasi berilgani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va’da qilingani aytilmoqda.
Interpol saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 36 yoshli Bislan Rasayev va 31 yoshli Shamil Temirxanovga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 241-moddasi (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 246-moddasi (Kontrabanda) va 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan ayblov e’lon qilingan.
O‘tgan oyda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekistondagi suiqasd ishida “chechen izi” borligi haqida xorij matbuoti tarqatgan xabarlarni rad etgandi.
Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga shikast yetmagan.
Bosh prokuratura so‘nggi marta 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma’lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.
















