Jahon | 16:16 / 07.12.2023
26462
8 daqiqa o‘qiladi

Moskva oblastida ukrainalik sobiq deputat Ilya Kiva o‘ldirildi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Moskva oblastida Ukraina Oliy Radasi sobiq deputati Ilya Kiva otib ketildi. U avvaliga «O‘ng sektor»da bo‘lgan, keyin esa - rossiyaparast partiya «Muxolifat platformasi» safiga o‘tgan. U Ukraina maxsus xizmatlari amaliyoti natijasida o‘ldirilgani aytilmoqda.

Foto: home for heroes / Shutterstock

Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kiva jonsiz holda topildi. Uning jasadi Moskva oblasti Odinsovo rayonidagi Suponevo qishlog‘i hududida aniqlashgan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Ilya Kivaning jasadi «Velich’ Country Club» mehmonxonasi yaqinidagi parkda qorda qonga belangan holda yotgan.

Ilya Kivaning jasadini 6 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida mehmonxona xodimi uchratib qolgan, deb yozadi Baza telegram-kanali. Kivaning jasadi u yashab kelgan mehmonxonadagi kottej yonidan topilgan, deb xabar qilgan «VChK-OGPU» telegram-kanali. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Kiva daraxtzorda o‘qotar quroldan jarohat olgan, shundan keyin qonga belangan holda so‘qmoq bo‘ylab mehmonxonaning asosiy binosi tomon yurib kelgan. Kiva bilan birga yashagan ayol tergovchilarga bergan ma’lumotga ko‘ra, sobiq deputat joylashuvi kuzatilishining oldini olish maqsadida o‘z kanali uchun roliklarni doim mehmonxona yaqinidagi daraxtzorda yozib olgan.

Shot va Baza telegram-kanallari yozishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kiva bosh qismiga to‘pponcha orqali o‘q uzilishi oqibatida vafot etgan. TASS agentligi sobiq deputat shovqinni pasaytiradigan moslama o‘rnatilgan quroldan otilgan. Mash telegram-kanali aniqlik kiritishicha, Kiva ikki o‘q bilan o‘ldirilgan — uning ko‘krak sohasi va boshiga o‘q uzilgan.

Ukrain nashrlari Kiva Ukraina xavfsizlik xizmati amaliyoti oqibatida o‘ldirilgani haqida yozgan. «Ukrainskaya pravda», «Suspilne», «Gromadske» va boshqa ko‘plab manbalar bu ma’lumotni anonim manbalariga tayanib tarqatgan. Bu xabarlarga ko‘ra, Kiva o‘qotar quroldan o‘ldirilgan. Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham «Suspilne»ga bergan intervyusida Kiva o‘ldirilganini tasdiqladi: «Ha, tasdiqlashim mumkin, Kivaning kuni bitdi. Bunday qismat Ukrainaning boshqa sotqinlari, shuningdek, Rossiya rejimi yordamchilarining boshiga ham tushadi». Kiva o‘ldirilgani haqida rossiyalik propagandachi Margarita Simonyan va Radaning sobiq deputati Oleg Tsarev ham xabar bergan. Ukraina prezidenti ofisi bu xabarlar yuzasidan izoh berishni istamagan.

RF Tergov qo‘mitasi Ilya Kiva «qotilligi fakti bo‘yicha» jinoiy ish qo‘zg‘atgan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kechqurun Odinsovo shahar okrugi Suponevo qishlog‘idagi kottej posyolkalaridan birining parkida noma’lum shaxs noma’lum quroldan jabrlanuvchiga qarata o‘q uzgan. Olingan jarohatlardan erkak kishi voqea joyida vafot etgan. O‘ldirilganning shaxsi aniqlangan — bu Ukraina Oliy Radasi sobiq deputati — Ilya Kiva», — deyiladi Tergov qo‘mitasining Moskva oblasti bo‘yicha boshqarmasi xabarida. 

Kiva haqida nimalar ma’lum?

Kiva Poltavada tug‘ilgan, bu yerda iste’molchilar huquqlari himoyasi bo‘yicha boshqarmada (shu davrda korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan), keyin militsiyada ishlagan, «Poltavshchina» maxsus patrul xizmati batalyonini boshqargan.

Kiva 2014 yilda Yevromaydanda ishtirok etib, «O‘ng sektor» yetakchisi Dmitro Yarosh bilan tanishib qolgan. Shundan keyin u «O‘ng sektor»ning Poltavadagi bo‘limini boshqargan va Yaroshning prezidentlik saylovlaridagi ishonchli vakili bo‘lgan.

2014-2015 yillarda Kiva Donetsk va Luhansk oblastlaridagi amaliyotlarda qatnashib, Donbass «kuch bilan ukrainlashtirilishi» tarafdori bo‘lgan.

2019 yilda esa Kiva o‘zi prezidentlik saylovlarida qatnashadi — u Sotsialistik partiyadan nomzodini qo‘yadi va bir foizdan kamroq ovoz yig‘adi.

Keyin Kiva rossiyaparast «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» partiyasiga a’zo bo‘ladi, 2021 yilda partiya rahbariyatini tanqid qilgani uchun uni partiyadan o‘chirishadi.

Bundan tashqari, Kiva Ukraina milliy politsiyasining giyohvandlikka qarshi kurash departamentiga rahbarlik qilgan va Ukrainaning sobiq ichki ishlar vaziri Arsen Avakovning maslahatchisi bo‘lgan.

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Kiva Rossiya va Ukraina birlashishini yoqlab chiqqan, RF prezidenti Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlagan.

Rossiya bosqini arafasida Kiva Ukrainani tark etgan, bosqin boshlanganidan keyin esa Moskvaning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagandi. O‘tgan vaqt mobaynida Kiva Rossiya hududida yashab kelgan. Unga xalqaro qidiruv e’lon qilingandi.

Oliy Rada 2022 yil martida Kivaning deputatlik mandatini bekor qilgandi. Joriy yil noyabr oyi o‘rtalarida Lvivdagi Lichakovskiy sudi  Oliy Radaga «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» rossiyaparast partiyasidan deputat bo‘lgan Kivani sirtdan 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilgandi. 

U davlatga xiyonat, nafrat uyg‘otish, hokimiyatni egallab olish va tajovuzkor urushga chaqirish, kommunistik totalitar tuzum belgilaridan ochiqchasiga foydalanishda ayblangan.

«Vatani yoqish»dan Rossiya propaganda shoularigacha

BBC rus xizmati maxsus muxbiri Ilya Barabanov — ukrainalik siyosatchi Ilya Kivaning o‘limi haqida:

«Ukraina Oliy radasi xalq deputati, jasadi Podmoskoveda topilgan Ilya Kiva to‘qqiz yil ichida Rossiyada taqiqlangan «O‘ng sektor» tashkiloti yetakchilaridan biri va Ukrainaning sobiq ichki ishlar vaziri Arsen Avakov jamoasidagi odamlardan biridan Rossiyaning Birinchi kanalidagi asosiy propagandachilardan biriga aylandi.

2014 yilda Kiva «vatani yoqish» va Ukrainaning sharqiy oblastlarida referendum o‘tkazish tarafdorlarini otib tashlashga chaqirgandi va o‘shanda unga qarshi jinoiy ish ochilmaganini Rossiya huquq-tartibot organlarining e’tiborsizligi bilan izohlash mumkin.

Ammo Rossiya bosqini boshlangach u Moskvada paydo bo‘ldi va tezda Kremlning asosiy targ‘ibotchilaridan biri va televizion kanallar boshlovchilarini xursand qilish uchun istalgan gapni aytishga tayyor mehmonga aylandi.

«Zelenskiy Polshaga qochdi», «GUR rahbari Budanov halok bo‘ldi», «Zalujniy Poroshenko bilan birgalikda Zelenskiyga qarshi harbiy davlat to‘ntarishi tayyorlamoqda» — shunga o‘xshash gaplarni. Kiva Rossiya teleefirlarida shunga o‘xshash gaplarni aytishga tayyor edi.

2022 yil bahorida u Moskvadan siyosiy boshpana so‘rashi va faqat shu bilan hayotini saqlab qolishi mumkinligini aytadi. Lekin 2023 yil 6 dekabrda, Ukraina qurolli kuchlari kunida u Podmoskoveda jonsiz holda topildi.

Shu kuni tongda u tez orada Volodimir Zelenskiy o‘ldirilishini yozgandi, amalda esa uning o‘zi o‘ldirildi. Yaqin kunlar ichida Rossiya propagandasi avvalroq Darya Dugina va Vladlen Tatarskiyning o‘limidan keyin bo‘lgani kabi bu o‘limdan ham foydalanadimi, yo‘qmi, guvoh bo‘lamiz».

Mavzuga oid