O‘zbekiston | 09:02 / 15.12.2021
4858
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston epidemiyalarga tayyorlik reytingida 82-o‘rinni egalladi

Amerikaning Nuclear Threat Initiative notijorat tashkiloti, Jon Xopkins universiteti Salomatlik xavfsizligi markazi va Economist jurnali tahlil markazi tomonidan epidemiyalarga tayyorlik reytingi tuzildi.

Foto: Kun.uz

Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston reytingda 140-o‘rinni egalladi. Mintaqa mamlakatlari orasida bu oxirgi o‘rin. Qozog‘iston 55-o‘rinda, Qirg‘iziston 68-o‘rinda, O‘zbekiston 82-o‘rinda, Turkmaniston 119-o‘rinda joylashdi.

Umuman olganda, reytingga dunyoning 195 ta davlati kiritilgan. Birinchi o‘ntalikdan AQSh, Avstraliya, Finlandiya, Kanada, Tailand, Sloveniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya va Shvetsiya joy olgan. So‘nggi o‘n o‘rin (195 dan 185 gacha) Somali, Yaman, Shimoliy Koreya, Suriya, Ekvatorial Gvineya, Nauru, Markaziy Afrika Respublikasi, Tuvalu, Niue oroli, Venesuela va Janubiy Sudanga nasib qildi. 

Reytingni tuzishda mamlakatlarga oltita toifa bo‘yicha ball berildi. Birinchi toifa - «Oldini olish» (Prevent). Unda mikroorganizmlarga qarshi kurash sifati va emlash darajasi hisobga olindi. Ikkinchi toifa - «Aniqlash» (Detect). 
 
Uchinchi toifa - «Reaksiya» (Respond). Bu favqulodda vaziyatlarga tayyorlik, sog‘liqni saqlash organlarining tayyorgarlik darajasi, inqirozga qarshi kommunikatsiya sifatini hisobga oladi. To‘rtinchi toifa - «Salomatlik» ((Health)). Unda shifoxonalar ishining sifati, shifokor va hamshiralar soni, karantin choralarini qo‘llash imkoniyatlari o‘rganiladi. Beshinchi toifa - «Qonunchilik» (Norms). Gap sohaga taalluqli qonunlarning sifati, xalqaro shartnomalarda ishtirok etish, epidemiyaga qarshi kurashni moliyalashtirish haqida bormoqda. Oltinchi toifa - «Xavf» (Risk). U infeksiyalarga qarshi kurashni murakkablashtiradigan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, infratuzilmaviy va boshqa xavflarni hisobga oladi.  
 
Umuman olganda, reytingni tuzuvchilar jahondagi sog‘liqni saqlash holatini salbiy baholadi. «Ko‘pgina mamlakatlar COVID-19’ga qarshi kurashish qobiliyatini tezda rivojlantira olgan bo‘lsa-da, ular hali ham kelajakdagi epidemiya tahdidlariga qarshi kurashishga tayyor emas», deb ta’kidlagan tadqiqotchilar.

Ta’kidlanishicha, aksariyat davlatlar, jumladan, yuqori daromadli mamlakatlar epidemiyalarga tayyorligini oshirish uchun yetarli mablag‘ ajratmagan.

Xatarlar deyarli hamma mintaqada oshib ketgan va aholining zaif guruhlari ehtiyojlari e’tibordan chetda qolmoqda. 2021 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha ball 38,9 ni tashkil qildi. Ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan, ya’ni hali COVID-19 saboqlariga sezilarli reaksiya bo‘lgani yo‘q.

Mavzuga oid