Jahon | 09:58 / 07.04.2023
32860
6 daqiqa o‘qiladi

Moskvada aholi noroziligidan so‘ng ko‘l bo‘yida masjid qurmaslikka qaror qilindi

Moskva hukumati shahar sharqidagi Svyatoye ko‘li yaqinida masjid qurmaslikka qaror qildi. Bunga mahalliy aholi qarshi chiqqan edi. Qodirov avvaliga namoyishchilarni urushga yuborishga chaqirgandi, biroq keyinchalik Sobyaninni «ajoyib qaror» uchun maqtadi.

Foto: T.ME/KOZHUHOVOPHOTO

Fevral oyi boshidan beri Moskvaning Kosino-Uxtomskiy rayoni aholisi o‘z hududida masjid qurilishiga qarshi ko‘chalarda namoyishlar o‘tkazdi.

Change.org veb-saytida Svyatoye ko‘li hududida 60 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurish rejalashtirilgani, bu joy «Rossiya va Moskvaning diniy va tarixiy ziyoratgohi» ekani haqida petitsiya paydo bo‘ldi. Material e’lon qilinganidan so‘ng, masjid qurilishiga qarshi bo‘lgan 27 mingdan ortiq kishi petitsiyani imzoladi.

18 mart kuni «Ostorojno, Moskva» telegram-kanali ushbu hududda «diniy ma’naviy-ma’rifiy markaz» qurish uchun deyarli 10 gektar yer ijaraga berilgani haqida yozdi.

Moskva shahar dumasi deputati Yevgeniy Stupinning ta’kidlashicha, aholi qurilish uchun «juda katta hudud» ajratilganidan va rasmiylar «masjid qurish rejalarini rad etmayotgani yoki tasdiqlamayotgani»dan xavotirda ekanini aytdi. Aholining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ular masjid qurilishi haqida cherkovda yoki tanishlardan bilib olgan.

12 mart kuni Svyatoye ko‘li hududida o‘nlab kishilar masjid qurilishiga qarshi namoyish va nasroniylar diniy marosimini o‘tkazdi. Bir hafta oldin esa odamlar plakat va ikonalar bilan xoch yurishini o‘tkazishgan edi. Xabar berilishicha, shundan so‘ng politsiya aksiyaning ayrim ishtirokchilarini noqonuniy ommaviy aksiyani uyushtirganlik, shuningdek, millatlararo adovat qo‘zg‘atganlik uchun jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirgan.

«Ostorojno, novosti» telegram-kanali bir kishi qurilish maydonchasida cho‘chqaning boshini ko‘mib tashlagani tasvirlangan videoni taqdim qildi. Bir necha kundan keyin u hibsga olingan. Boshqa tafsilotlar haqida xabar berilmagan.

Foto: T.ME/KOZHUHOVOPHOTO

Kojuxovodagi cherkovi rohibi Aleksiy Mityushin cherkovda pravoslavlar ikonasi borligi va odamlar uni ziyorat qilish uchun kelishi, so‘ngra ko‘lda cho‘milishi haqida gapirdi.

«Cho‘milish kiyimidagi ayollar musulmonlar uchun nomaqbul voqea. Mahalliy aholi mojaro va to‘qnashuvlar yuz berishi mumkinligidan xavotirda. Bunday yirik islomiy majmuaning pravoslav ziyoratgohi yonida qurilishi odamlarni xavotirga solmoqda», dedi u.

19 mart kuni rayonda yashovchi 500 ga yaqin kishi ibodatxona yaqinida yana bir yig‘in o‘tkazdi. «Biz tinch joyga ko‘chib kelganmiz, masjid esa tinchligimizni buzishi mumkin. Hudud «islom markazi»ga aylanadi. Biz qarshi emasmiz, lekin bu qirg‘oqda emas, balki hududga mutanosib, ichkariroqda qurilaversin», dedi aksiya ishtirokchilaridan biri.

MMA jangchisi Maksim Divnich ham masjid qurilishiga qarshi chiqdi. U masjid Xaloskor Masih cherkovidan bir necha barobar katta bo‘lishi va u «muqaddas pravoslav joyda» qurilishiga e’tiroz bildirgan. Keyinchalik jangchi tahdidlar va salbiy xabarlar olganini aytdi. Yengil vazn toifasida UFC chempioni Islom Maxachev «Divnich va shunga o‘xshashlar masjid qurilishiga qanchalik xalaqit bermasin, masjidlar va musulmonlar ko‘payaveradi», deb yozdi.

4 aprel kuni Checheniston rahbari Ramzon Qodirov masjid qurilishiga qarshi namoyishlar haqida fikr bildirdi. U sodir bo‘layotgan voqealarni «provokatsiya, bir davlat fuqarolari o‘rtasida nizo chiqarishga urinish» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «tashabbuskorlar» «G‘arb manfaatlari uchun» harakat qilmoqda.

«Agar bu namoyish ishtirokchilari chin yurakdan va chin dildan Rossiya yerlarini himoya qilish g‘oyasini o‘ylab topgan bo‘lsa, unda avtomat bilan urushga otlansin! Har kuni himoya qilish kerak bo‘lgan rus yerlarini ko‘z ilg‘amaydi. Avtomatni oling, bugun Rossiya Donbassida sizning o‘rningizda jang qilayotgan musulmonni chetga suring va vatanparvarligingizni, vataningizni qanchalik sevishingizni so‘z yoki provokatsiya bilan emas, balki amalda ko‘rsating», dedi Qodirov.

Ertasi kuni Moskva meri Sergey Sobyanin haqiqatan ham ko‘l hududida masjid qurish rejalashtirilganini tasdiqladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Moskva hukumatining qarori chiqmagan. Shuningdek, u masjidning maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lishi haqidagi ma’lumotni noto‘g‘ri deb atadi. «Gap 2,5 ming kvadrat metrlik juda kamtarona obekt haqida ketayapti», dedi u.

Merning qo‘shimcha qilishicha, unga Patriarx Kirill va Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Ravil Gaynutdindan takliflar kelib tushgan va ular qurilish uchun boshqa joy tanlashni so‘ragan. Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, masjid uchun Kosino metro bekatidan uncha uzoq bo‘lmagan joy ajratiladi.

Shundan so‘ng, Qodirov Sobyaninga «minnatdorchilik izhor qildi» va «hammaga mos keladigan ajoyib yechim topdi», dedi. «Masjid Moskva markaziga yaqinroq, park hududida, metro yoki transportda borish uchun qulay joyda quriladi», deb yozdi Qodirov.

Patriarx Kirill masjid qurilishi uchun boshqa joy topish haqidagi qarorni olqishlashini aytdi. «Bu shubhasiz, dinlararo tinchlik va totuvlikni yuksak qadrlaydigan dindorlar, ham pravoslavlar, ham, ishonchim komil, musulmonlar umidini oqlaydi», dedi u.

Mavzuga oid