O‘zbekiston | 21:39 / 03.05.2020
33337
2 daqiqa o‘qiladi

Sardoba talafotidan jabr ko‘rgan aholi uchun dastlab 100 milliard so‘m ajratildi

Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba suv ombori» to‘g‘onidan suv toshib, Sardoba tumanidagi Yurtdosh, Do‘stlik va Qo‘rg‘ontepa MFYlari, Mirzaobod tumanidagi Saxovat, Ahillik va Shodlik MFYlari hamda Oqoltin tumanidagi Do‘ngariq, Mirzacho‘l, Haqiqat va Navbahor, jami 10 ta MFYlaridagi aholi punktlarida turar va noturar mulklar, ijtimoiy soha obektlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy talafot yetdi.

Foto: @Tashkent_SkyNews

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 1 maydagi Farmoyishiga asosan tashkil etilgan hukumat komissiyasi barcha yo‘nalishda talafot ko‘lami va qiymatini aniqlamoqda. Xususan aholining zarar yetgan uy-joylari va noturar binolari miqdori aniqlashtirilmoqda hamda yakuni bo‘yicha baholanadi. 

«Favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish, jumladan hodisa oqibatida jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bu tadbirlarga respublika budjetidan dastlabki 100 mlrd.so‘m ajratildi», – deydi Ortiqov.

Qayd etilishicha, aholi talabidan kelib chiqib Qurilish vazirligi tomonidan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi uchun yer uchastkalarini tanlash va  loyiha-smeta ishlari boshlangan. 

«Zamonaviy aholi punktlarida ijtimoiy soha (bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa muassasalar) va bozor (minimarket, novvoyxona, tikuvchilik sexi, kimyoviy tozalash, hammom, avtotransport vositalarga servis ko‘rsatish va boshqalar)  infratuzilmasi to‘liq yaratiladi», – deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari. 

Bundan tashqari, mazkur yangi aholi punktlarida muhandislik-transport kommunikatsiyalari barpo etiladi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarga yordam berish uchun viloyat budjetidan 5 milliard so‘m ajratilgan.

Mavzuga oid