O‘zbekiston | 17:47 / 16.12.2020
5738
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniy meros departamenti «Tosh hovli ishi» bo‘yicha buyurtmachi va pudratchi tashkilotni sudga berdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti bo‘lim boshlig‘i Hasan Xolmurodov Xiva shahridagi Tosh hovli saroyining devori buzilishi yuzasidan departamentning o‘rganishlari bo‘yicha ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Biz o‘rganishlar natijasida 2020 yilning 14 dekabrida buyurtmachi va pudratchi korxona ustidan sudga murojaat qilganmiz.

Qaytaraman, madaniy meros obektlari, ayniqsa jahon madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kirgan to‘rtta hududdagi barcha qurilish va ta'mirlash ishlari ilmiy ekspertlar kengashi tomonidan berilgan xulosa asosida qilinishi kerak edi», – dedi Hasan Xolmurodov 15 dekabr kungi matbuot anjumanida.

«Holat shunday bo‘lganki, 2020 yil avgust oyida Ichan-qal'a muzey qo‘riqxonasi tomonidan smeta hujjatlari tayyorlanib, ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan. Ilmiy-ekspert kengashi esa bu smetani ko‘rib chiqib, loyiha hujjatlarini taqdim etish bo‘yicha Ichan-qal'a muzey qo‘riqxonasiga murojaat qilgan. Lekin shu kunga qadar ham loyiha hujjatlari ilmiy-ekspert kengashiga taqdim qilinmagan.

Shuningdek, biz o‘rganish davomida pudratchi korxonadan buzib olingan devor haqida so‘raganimizda, ular hozir sayyohlar kamligi va devor o‘zi qulab tushganligini bildirdi.

Ular hatto madaniy meros obektlariga shikast yetkazganlik uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bo‘yicha javobgarlikdan ham bexabarligini bildirishdi», – dedi departament rasmiysi.

Bo‘lim boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, 2019 yilda madaniy meros obektlariga zarar yetkazilgani uchun javobgarlik kuchaytirilgan.

«Jinoyat kodeksining 132-moddasi va ma'muriy kodeksning 64-moddasiga binoan, madaniy meros obektlariga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Afsuski, fuqarolar, jumladan mansabdorlarning ko‘pchiligi bundan xabardor emas», – dedi Hasan Xolmurodov.

Mavzuga oid