O‘zbekiston | 12:40 / 21.10.2023
17696
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar uchun bog‘cha va maktablar ochish taklif qilindi: Duma deputati bunga keskin qarshi chiqdi

Garchi ochiladigan xususiy bog‘cha va maktablar o‘zbek diasporasi mablag‘i hisobiga qurilishi, ta’lim jarayoni Rossiya qonunchiligiga ko‘ra tashkillashtirilishi taklif qilingan bo‘lsa-da, Rossiya Davlat dumasi deputatlaridan biri tashabbusga keskin qarshi chiqdi.

O‘zbekiston tomoni Rossiya Federatsiyasi hukumatidan Rossiyadagi o‘zbek diasporasi mablag‘lari hisobidan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining bolalari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishni so‘ragan. Bu ta’lim dargohlarida o‘qitish Rossiya qonunchiligiga ko‘ra olib borilishi nazarda tutilgan. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi prezidentining maslahatchisi va prezident administratsiyasi departamenti rahbari Qahramon Quronboyev ma’lum qilgan, deb yozadi TASS.

RF Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov. Foto: duma.gov.ru

«Rossiya qonunchiligiga mos keluvchi ta’lim dasturlari bo‘yicha [o‘zbekistonlik] vatandoshlar mablag‘lari hisobiga maktabgacha ta’lim muassasalari va xususiy maktablarni ochish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raymiz», — degan Quronboyev RF Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda.

Quronboyevning so‘zlariga ko‘ra, bu iltimos O‘zbekistondan kelgan va Rossiyada mehnat qilayotgan ishchilar o‘z farzandlarini bolalar bog‘chasi va maktablarga rasmiylashtirishda ma’lum bir qiyinchiliklarga duchor bo‘layotgani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Davlat dumasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistondan Rossiyaga kirib kelayotgan yosh fuqarolar uchun migratsiya jarayonlarini soddalashtirish masalasini qonunchilik darajasida ko‘rib chiqishni ham so‘ragan.

O‘zbekiston respublikasi prezidentining maslahatchisi va prezident administratsiyasi departamenti rahbari Qahramon Quronboyev. Foto: bsuir.by

Bundan tashqari, Quronboyev har ikki davlat yoshlar parlamenti va parlamentlarining sohaviy komissiyalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishni, talabalar almashinuv dasturini, jumladan, qurilish otyardlarini tashkil etishni taklif qilgan.

Quronboyev, shuningdek, O‘zbekistonda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda Rossiya tajribasini qo‘llashga qiziqish katta ekanini ta’kidlagan.

«O‘rta kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va uni O‘zbekistonda joriy etish uchun Rossiya tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz», — degan Quronboyev.

Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Delyagin bu bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyevning o‘zbekistonlik migrantlarning bolalari uchun Rossiyada maktab va bog‘chalar ochishga yordam berish to‘g‘risidagi iltimosiga qarshi chiqqan. 

Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Delyagin. novosti-ru.ru

«Govorit Moskva» radiostansiyasida qilgan chiqishida deputat Mixail Delyagin bu tashabbus noqonuniy ekanini ta’kidlagan.

«Ehtimol, O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi insonlarning millatiga qarab bo‘lish mumkin emasligi bitib qo‘yilgan Rossiya konstitutsiyasi haqida hech narsa eshitmagan chiqar. Migrantlarning farzandlari uchun maktablar ochish bu — Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini diskriminatsiya qilish. Bu tojik diasporalari vakillari tojikistonlik migrantlarga xizmat ko‘rsatadigan tibbiy markazlar ochish to‘g‘risidagi tashabbusiga o‘xshash narsa. Bu Rossiyani vayron qilish va yo‘q qilishga, avvaliga begona, keyinroq dushmanona anklavlar yaratishga qaratilgan anglashilgan siyosat. Mening fikrimcha, albatta, O‘zbekiston bolalar bog‘chasi va maktablar qurishi mumkin, faqat o‘z hududida. Shuningdek, ular Rossiyaga siqib chiqargan fuqarolarini qaytarib olishi kerak. Chunki aytaylik, Tojikiston aholisining uchdan bir qismidan ziyodi Rossiyada yashamoqda. Bu vaziyat Tojikiston uchun ham, Rossiya uchun ham normal hol sanalmaydi», — degan Delyagin.

Rossiyalik deputat O‘zbekiston va Tojikiston hukumati aslida Rossiyaga kirib kelgan migrantlarini qaytarib olib ketishlari lozimligini ta’kidlagan.

Rossiyalik deputatga javoban «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis quyi palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov «Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat Delyagincha bo‘lsa, O‘zbekistonda rus tiliga munosabat mutanosib bo‘lishi kerak», deb yozgan o‘z Telegram-kanalida.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis quyi palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov. Foto: O‘zbekiston 24 TV

«Rossiya maktablarida o‘zbek tilini o‘rgatish rus millatini kamsitish hisoblanadi-yu, O‘zbekiston maktablarida rus tilida ta’lim berilayotgani o‘zbeklarni kamsitish hisoblanmaydimi?» — deya savol qo‘ygan Alisher Qodirov Delyaginning vajlarini keltirar ekan.

Qayd etib o‘tish kerak, soha idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda xorijda doimiy asosda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 2 mln nafardan ortadi, ularning 60 foizdan ziyodi Rossiya Federatsiyasida mehnat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda xorijdagi mehnat imigrantlari vatanga 20 mlrd dollarga yaqin mablag‘ jo‘natgan va pul o‘tkazmalarining 80 foizdan ziyodi Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tkazilgan. 

Mavzuga oid