Jahon | 07:35 / 15.04.2020
43596
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirish to‘xtatilgani haqida e'lon qildi

AQSh prezidentining ma'lum qilishicha, tashkilot «asosiy majburiyatni bajarmadi va javobgar bo‘lishi kerak». JSSTning harakatlari koronavirus yanada keng tarqalishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin, deya hisoblaydi Tramp

Foto: Alex Brandon / AP

AQSh prezidenti Donald Trampning Oq uydagi matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, Vashington Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) budjetiga badallar to‘lashni to‘xtatmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u surishtiruv o‘tkazilishidan oldin o‘z ma'muriyatiga tegishli buyruq bergan. Davlat rahbari ushbu qaror JSST «asosiy majburiyatlarini bajarmaganligi va javobgar bo‘lishi kerakligi» tufayli qabul qilinganini ta'kidladi.

Trampning fikriga ko‘ra, tashkilotning xatti-harakatlari Xitoyning COVID-19 koronavirusi haqida «noto‘g‘ri ma'lumot tarqatishiga»ga yordam berdi, bu kasallik ko‘proq avj olishiga olib keldi.

Trampning ta'kidlashicha, amerikalik soliq to‘lovchilar har yili JSST budjetiga 400-500 million dollar miqdorida mablag‘ ajratishadi, Xitoy esa 40 million dollar to‘lagan. «AQSh, tashkilotning asosiy homiysi sifatida, JSST to‘liq javobgarlikka ega bo‘lishini talab qilishi kerak», - deya qayd etdi u.

Shuningdek, prezidentning ma'lum qilishicha, AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini isloh qilishga erishmoqchi, bu masala boshqa davlatlar bilan muhokama qilinadi. «Biz JSST bilan o‘zaro aloqani davom ettiramiz. Bu u muhim islohotlarni amalga oshira oladimi yoki yo‘qligini tushunish uchun kerak. Biz sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa mamlakatlar va sheriklar bilan JSSTga tushgan pullarni nima qilish kerakligini ham muhokama qilamiz», - deya xulosa qildi u. 

Mavzuga oid