O‘zbekiston | 08:52 / 10.07.2020
154977
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yana «qizil». Bugundan qat'iy karantin boshlandi

10 iyuldan O‘zbekiston yana qat'iy karantinga qaytdi. Bugundan O‘zbekistonda avtomobil harakatini cheklanadi, viloyatlararo avtotransport qatnovlari taqiqlanadi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyati to‘xtatiladi, oilaviy to‘y hamda boshqa marosimlar, ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi. Bu cheklovlar hozircha 1 avgustgacha, epidemiologik vaziyat yaxshilanmasa, karantin choralari davom etadi.

O‘zbekistonda mart oyi o‘rtalarida koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holat tasdiqlangach, qat'iy karantin choralari joriy etila boshlangan, aprel oyiga kelib O‘zbekiston to‘liq karantinga o‘tgandi. Avvaliga bu choralar 20 aprelgacha etib belgilangandi. Keyin maxsus komissiya karantinni 10 mayga qadar uzaytirdi.

Bu vaqt oralig‘ida epidemiologik vaziyat yaxshilana boshladi, 21 apreldan boshlab kunlik kasallanishlar soni tuzalganlar sonidan kam bo‘ldi. Natijada, may oyi boshida karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaror qilindi. 11 maydan O‘zbekistonda yangicha tizim joriy etildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin choralari yumshatiladigan hududlarni belgilash aniq mezonlar asosida baholanib, tumanlar va shaharlar «qizil» (yuqori xavfli), «sariq» (o‘rta xavfli) va «yashil» (xavfsiz) hududlarga ajratildi.

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat iyun oyi davomida barqaror saqlanib turdi. Ammo 24 iyun kunidan kunlik kasallanish holatlari soni kundan kunga o‘sib bordi, oy oxirida kuniga ikkitadan o‘lim qayd etila boshladi, iyul oyi boshida esa vaziyat keskin yomonlashdi, kunlik kasallanishlar soni 400dan oshib, 500ga yaqinlashdi, kunlik o‘lim holatlari soni 5-6tadan bo‘lmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda aniqlangan holatlarning 52 foizi xorijdan kelgan fuqarolarda, 48 foizi esa aholi orasida aniqlangan. Vazirning ma'lum qilishicha, koronavirus bemorlari orasida o‘limlar soni oshishiga 50 foiz holatlarda shifokorlarga kech murojaat qilish sabab bo‘lmoqda. Vazirlik vakilining ma'lumotiga ko‘ra, bemorlarning 70-80 foizida kasallik tashqi simtomlarsiz kechmoqda.

Mutasaddilar va mutaxassislar statistika shu tarzda o‘sib borsa, O‘zbekistondagi shifoxonalarga bemorlar sig‘may ketishi, koronavirusdan boshqa kasalliklarga chalinganlarga yordam ko‘rsatib bo‘lmay qolishi mumkinligidan ogohlantirishdi. O‘zbekiston ikkinchi to‘lqinga tayyorlana boshladi. 8 iyul kuni respublika maxsus komissiyasi karantinga qaytish to‘g‘risidagi qarorlarini e'lon qildi.

Qarorga binoan, respublika miqyosida:

  • avtotransport vositalarining harakatini cheklanadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.
  • davlat organlari, tashkilotlar va korxonalarda yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqlash, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi.
  • hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovini taqiqlanadi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining harakati bundan mustasno);
  • tomosha, madaniy-ko‘ngilochar, oilaviy, to‘y hamda boshqa marosimlar, ommaviy tadbirlar o‘tkazishni taqiqlanadi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarning jamoat joylarida, shuningdek, aholining ko‘chalarda va maydonlarda uch kishidan ortiq bo‘lib harakatlanishini cheklanadi.

Avtotransport vositalari harakati cheklovi bo‘yicha tartib:

  • Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) to‘xtatiladi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno);
  • jamoat transporti harakati to‘xtatiladi;
  • avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan — 10.00 gacha, 17.00 dan — 20.00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi;
  • karantin davrida fuqarolarning mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi;
  • ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.
  • karantin talablarini buzgan shaxslarga ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi hamda avtotransport vositalari jarima maydonchasiga joylashtiriladi.

Viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (meva-sabzavot, poliz, ko‘kat mahsulotlari va b.q.) joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga tatbiq etilmaydi.

1 avgustgacha quyidagi obektlar faoliyati to‘xtaladi:

  • parklar va istirohat bog‘lari;
  • buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar;
  • sport zallari, fitnes klub, trenajyer va basseynlar;
  • tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat'i nazar maktabgacha ta'lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar;
  • umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona), yetkazib berish (keytering) xizmati bundan mustasno;
  • sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;
  • diniy tashkilotlar faoliyati to‘xtatilmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro aviaqatnovlar xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatni tahlil qilgan holda ikki baravarga qisqartiriladi. Xalqaro yuk tashuvlarni amalga oshiradigan avtotransport vositalari haydovchilari majburiy tartibda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test topshiradi.

Shu bilan birgalikda sanoat va yirik qurilish obektlari faoliyatini davom ettirishiga quyidagi shartlar asosida ruxsat berilmoqda:

  • tegishli obektlar hududi to‘liq karantinga olinadi;
  • obektlar hududida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilishi ta'minlanadi;
  • sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bilan birgalikda tegishli obektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlari amalga oshirib boriladi;
  • obektlarga kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar, dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash;
  • xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritilishini ta'minlash.

Kasallik yengil kechayotgan bemorlar uyda davolanadi:

  • uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda bemorlar bilan aloqada bo‘lib, uy sharoitida karantinga olingan shaxslarning doimiy tibbiy nazoratda bo‘lishi belgilandi; 
  • aholiga, shu jumladan, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu-kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi Call-center faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi. 

Bemorlar bilan aloqada bo‘lganlar uyda karantin o‘taydi:

  • koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslar uy sharoitida karantinda saqlanadi;
  • karantinda saqlash muddati 14 kundan 10 kunga qisqartiriladi hamda 10 kun muddatda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test natijalari manfiy bo‘lgan taqdirda karantindan chiqariladi;
  • test natijalari musbat bo‘lgan taqdirda, bemorda koronavirus infeksiyasining klinik belgilari kuzatilsa, shifoxonaga joylashtiriladi, kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan bo‘lsa, uy sharoitida davolanishga o‘tkaziladi (uy sharoitida davolashning imkoni bo‘lmasa, belgilangan tartibda tibbiyot muassasasida davolashga o‘tkaziladi).

Qamchiq dovonidagi «Namangan» YPX maskani 10 iyul kuni soat 00:00dan boshlab yopildi, avtotransport vositalarining dovon orqali harakatlanishi to‘xtatildi. Viloyatlar hokimlari aholiga murojaat qilib, qat'iy karantinga rioya etishni, imkon qadar uydan chiqmaslikni so‘rashmoqda.

Mavzuga oid