O‘zbekiston | 07:51 / 28.11.2023
5445
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub’yektlarining ishonchlilik reytingini aniqlash rejalashtirilyapti

Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub’yektining ishonchlilik reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Nizom loyihasi moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga oid aniq ochiq oshkora mezonlar asosida tadbirkorlik sub’yektlarining ishonchlilik reytingini aniqlash va yuritish tartibini belgilaydi.

Nizom loyihasida avtomatlashtirilgan axborot resurslari orqali oldindan belgilangan ma’lum bir shartlarga to‘g‘ri kelishi nuqtai nazaridan beriladigan ballar asosida tadbirkorlik sub’yektining ishonchliligini baholash va toifasi aniqlanadi.

Ishonchlilik reytingini aniqlash uchun tadbirkorlik sub’yekti haqidagi mavjud ma’lumotlar doimiy ravishda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlil qilinadi hamda ularning faoliyati nizomda belgilangan mezonlarning har biri bo‘yicha reyting tizimi asosida baholab boriladi.

Tadbirkorlik sub’yektining faoliyati quyidagi mezonlar bo‘yicha baholanadi:

Umumiy mezonlar:

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish davri;
EBITA bo‘yicha rentabellik darajasi;
bank krediti tarixi holatining ijobiyligi;
yer maydonlari (jumladan qishloq xo‘jaligi uchun uzoq muddatli ijaraga ajratilgan) va mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida ko‘chmas mulk obektlari mavjudligi (ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganligi);
iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bir nafar xodimga to‘g‘ri keladigan ish haqi jamg‘armasining nisbati;
soliq hisobotlarining belgilangan muddatlarda taqdim etilishi;
hisoblangan soliq summasining belgilangan muddatlarda to‘lanishi;
hisoblangan soliq summasi to‘lov topshiriqnomasi orqali amalga oshirilganligi;
elektron hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan muddatlarda rasmiylashtirilganligi;
elektron hisobvaraq-fakturalar orqali yil davomida xarid qilingan tovarlar realizatsiyasi amalga oshirilishi (yil boshi va yil oxiridagi tovar, asosiy vosita qoldiqlari hisobga olgan holda);
soliq organlari axborot tizimlaridan foydalangan holda o‘tkazilgan tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi holati;

Ballarni kamaytiruvchi mezonlar:

oxirgi 12 oy davomida soliq organlarida hisobda turgan joy o‘zgartirilishi;
korxona rahbarining qo‘nimsizligi (oxirgi o‘n ikki oy davomida uch va undan ortiq marotaba o‘zgartirilganda);
ta’sischi yoki rahbar (mulkdor)ning ishonchsizligi;
taqdim etilgan soliq hisobotlariga tuzatishlar soliq to‘lovchining o‘zi tomonidan ixtiyoriy kiritilishi;
qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi maxsus guvohnoma holati;
soliq qarzining mol-mulk hisobidan undirilishiga qaratilganligi;
yuridik shaxs va (yoki) uning mansabdor shaxslariga nisbatan soliq yoki bojxonaga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy, jinoiy yoki boshqa javobgarlik choralari ko‘rilganligi;
mahsulotlar (tovar va xizmatlarning) identifikatsiya kod (MXIK)laridan noto‘g‘ri foydalanilganligi;
tadbirkorlik sub’yektining kreditor qarzdorligi holati;

Qo‘shimcha ball beruvchi mezonlar:

tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ijtimoiy reyestrdagi va nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi ta’minlanganligi;
o‘tgan hisobot davriga nisbatan  (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ortiq ish haqi olgan) xodimlar sonining ortishi (yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun o‘tgan oyga nisbatan solishtiriladi);
iqtisodiy faoliyat turlariga muvofiq QQS bo‘yicha bir oylik hisoblangan soliq summasining o‘rtacha nisbati;
iqtisodiy faoliyat turlariga muvofiq aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha hisoblangan soliq summasining o‘rtacha nisbati.

Loyihaning qabul qilinishi  natijasida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan majburiyatlarini o‘z muddatida bajarishga, tadbirkorlarning qonunchilik talablariga to‘liq amal qilgan holda faoliyat yuritishini rag‘batlantirishga, ularning ishonchliligini aniqlash amaliyotini joriy etish, buning asosida ularga qo‘shimcha rag‘batlantirish va preferensiyalar, shu jumladan davlat xaridlarini amalga oshirishda qulayliklar taqdim etiladi.

Mavzuga oid