O‘zbekiston | 20:37 / 02.10.2020
26118
3 daqiqa o‘qiladi

DTM xatosini to‘g‘riladi: testda maksimal ball to‘plagan abituriyentlar budjetga o‘tkazildi

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev sport tanlovlari g‘olibi sifatida imtiyozli bo‘lgan abituriyentlarning imtiyozi noto‘g‘ri hisoblangani haqida yozgan edi. 2 oktabr kuni bloger xato to‘g‘rilanib, abituriyentlar bilan qayta hisob-kitob qilinganini ma'lum qildi.

Davlat test markazi matbuot xizmati Kun.uz'ga ushbu ma'lumotni tasdiqladi. Unga ko‘ra, 189 ball olgan abituriyentlarning o‘rni qayta ko‘rib chiqilgan va natijalar o‘zgargan.

Maksimal ball to‘plagan bo‘lsa-da, kontraktga kirgani aytilgan abituriyentlar bugun natijasini qayta tekshirganda, budjetga kirgani haqida ma'lumot olishmoqda.

«Ajoyib! 189 ball olgan abituriyentlar, siz ham tezda natijangizni qayta tekshirib ko‘ring», – deb yozadi bloger.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kontraktga o‘tish ballari ham o‘zgargan. Kirish chizig‘idan pastda turgan abituriyentlar ham o‘z natijasini qayta tekshirib ko‘rishi tavsiya etiladi.

«Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti misolida oladigan bo‘lsak, avval davlat granti uchun o‘tish ballari 2ta fakultetda ko‘rsatilmagan, shunchaki chiziqcha qo‘yilgan edi. Chunki o‘sha yo‘nalishlarda kvota doirasida sportchilar imtiyozli qabul qilingandi. Ana endi ular kvotadan tashqariga olib o‘tilgandan keyin, davlat granti uchun o‘tish bali 189 ball deb belgilangan. Demak, 189 ball olganlarning barchasi grantga qabul qilingan.

Yana bir muhim tomoni, kontrakt uchun ham kirish ballari biroz pastlagan. Ya'ni sportchilar kvotadan tashqariga olib o‘tilgani natijasida kontrakt chizig‘ining tagida turgan va ozgina bali yetmay qolgan abituriyentlar mandat chizig‘ida yuqoriga ko‘tarilib, kontrakt asosida qabul qilingan. Shuning uchun mandat chizig‘i tagida turgan abituriyentlar yana bir bor o‘z natijalarini qayta tekshirib qo‘yishlarini so‘ragan bo‘lar edim», – deb ma'lum qildi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Mavzuga oid