Qodirovning ayollar uchun ish vaqtini qisqartirish taklifi bahslarga sabab bo‘lmoqda – ayollar qanday fikrda?
Deputat Alisher Qodirov oilali ayollar uchun ertalab ishga bir soat kechroq kelish va ish vaqtidan bir soat vaqtliroq ketishni rasmiylashtirish taklifi bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu taklif turlicha muhokama qilinmoqda. Kun.uz faol ayollarning bu haqdagi fikrlarini jamladi.
O‘zi nima gap?
10-15 yanvar kuni anomal sovuq kutilayotgani munosabati bilan ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi farzandi maktabgacha ta’lim tashkilotiga boradigan budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarning ish vaqti ish haqi kamaytirilmagan holda qisqartirilishini ma’lum qildi.
Bu uzaytirilgan ta’til evaziga vaqtincha tartib ekani aytilmoqda.
Shundan so‘ng Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ishlaydigan, oilali ayollar uchun ertalab ishga bir soat kechroq kelish va ish vaqtidan bir soat vaqtliroq ketishni rasmiylashtirish taklifini bildirdi.
U bu bilan ayol xodimning ish samaradorligi sezilarli oshishi, oilada muhit o‘zgarishini aytgan. “Qolaversa, natija ko‘p ishlash emas, samarali ishlashning hosili ekanini hamma tan olmasa ham, juda yaxshi biladi”, – deb yozdi Qodirov.
“Ayollarga diskriminatsiyani yanada kuchaytiradi” – Dilbar Haydarova, bloger
Alisher Qodirov berayotgan taklifi bir qarashda jozibali va kerakliday tuyilishi mumkin, ammo bu juda xavfli taklif. Bu xuddi bolaga konfet berib, uning qo‘lidagi boshqa o‘yinchoqlarini olib qo‘yishday gap.
Nega xavfli? Chunki bu ayollar diskriminatsiyasini yanada avjlantiradi. Har kuni bir soat kech kelib, bir soat oldin ishdan ketadigan ayolning karerasini ijobiy bo‘yoqlarda tasavvur qilish mushkul. Rahbar lavozimlarini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Qolaversa, ko‘plab imtiyozlar avval davlat tashkilotlariga joriy qilinib, so‘ng xususiy sektorlarga yoyilishi sir emas. Bu esa shundoq ham ayollar ulushi kam bo‘lgan xususiy korxona tashkilotlarda jinsiy ayirmachilikni kuchaytirib yuboradi.
Aslida, biz, ayollarga imtiyozlar kerak emas. Shunchaki ayol bo‘lganimiz uchun sun’iy to‘siq qo‘yilmasa, ishda jinsiga qarab emas, layoqatiga ko‘ra munosabat ko‘rsatilsa va albatta ma’lum bir ish uchun erkakka ham, ayolga ham teng haq to‘lansa, mana shunda ish samaradorligi ham, oiladagi muhit ham ijobiy tomonga o‘zgarib boradi.
Biz jamiyatdagi oila, er-xotin mas’uliyatlarini yaxshilab ko‘rib, isloh qilmas ekanmiz, ayollar haftasiga 10 soat ishlagan taqdirda ham muammolar kelib chiqaveradi. Shu sababli haqiqiy muammolarni hal etmay turib, turli rag‘batlar-u imtiyozlar o‘z samarasini bermaydi.
“Imtiyozlarning haddan ziyod oshirilishi ayollarning xodim sifatida qadrini tushiradi”. Shahnoza Soatova, jamoatchilik faoli
Qonunchilikda yosh bolali ayollarga, ularning ish kuni, dam olishi, ta’tillari borasida qator normalar mavjud.
Masalan, “Uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi”. (Mehnat kodeksi, 2281-modda) yoki “Ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan muddat bilan beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha oylik ish haqi hisobi bo‘yicha haq to‘lanadi...” (236-modda) va hokazo. (“Ayollarga huquqiy madad” kitobida mehnat qonunchiligidagi yosh bolali ayollarga 20 dan ortiq imtiyoz turi sanalgan).
Agar shu normalarning barchasi ishlasa, ayolning bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishi va unga ishlab turgan holida imkon qadar vaqt ajratishi ta’minlanadi. E’tibor berilsa, bu imtiyozlar ish beruvchiga haddan ortiq zo‘r kelmaydigan, iqtisodiy munosabatlar muvozanatini buzmaydigan darajada insonparvarlik tamoyillari asosida belgilangan. Bundan oshirilsa, tabiiyki, ayollarning xodim sifatida qadri tushadi.
Endi, menimcha, erkaklarning gali. Oilaga ona bilan birga ota ham kerak. Hozirgi kunda aksincha otaning oila davrasida kam bo‘lishi va farzandlar bilan muloqot tanqisligi muammoga aylanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda xodimlarning ishdan keyin ushlab qolinishi, dam olish va bayram kunlari ishga chaqirilishi holatlari haqida gapiriladi va asosan erkaklar tomonidan bu shikoyatlar kuzatiladi. Qolaversa, yuqorida keltirilgan ayollarga oid normalar ham hamisha ishlayvermaydi.
Biz muammoni to‘g‘ri belgilab, tashxislab olishimiz kerak. Mavjud qonunlarni to‘liq ishlatsak ham, ota va onaning oiladagi, xususan, farzand tarbiyasidagi roli joy-joyiga tushadi.
Amalda Alisher Qodirov aytgan taklif ish beruvchi va xodim munosabatlaridagi muvozanatni buzadi, mehnat bozorida ayollarga talab susayishiga olib keladi. Bundan ham yomoni, ayollar noqonuniy tarzda, faoliyatini rasmiylashtirmay ishlashga majbur bo‘ladi va bu ularning mehnat huquqlari toptalishi hamda “qora iqtisodiyot” ulushi oshishiga, “konvertda” ish haqi to‘lanishi ko‘payishiga olib keladi deb qo‘rqaman.
“Ayollarga erkinlik beramiz deb ularni professional hayotdan surib chiqaramiz” – Dilsora Fozilova, olima
Bundan 4-5 yil oldin Avstraliya davlat universitetida uyda ayollar erkaklardan qancha ko‘p ishlashi haqida tadqiqot olib borilgan. Ayollar oila, uy ishlari, farzandga qarash, pishir-kuydir kabilarga erkaklar (ishdagi vaqti)dan 4,5 soat ko‘proq sarflashi ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin ayollarning ish soatlarini haftasiga 34 soatga qisqartirish, erkaklarning ish soatini haftasiga 47 soat etib belgilash borasida qizg‘in bahslar boshlanib ketdi. Bu voqea shuni esimga solyapti.
Ayollarning ishlaydigan professional vaqtini kamaytiradigan bo‘lsak, birinchi savol shunaqa bo‘lishi kerak: ayollar bu vaqtini nimaga sarflaydi? Buning javobini hammamiz bilamiz – ayollarimiz uyiga borib uy ishlarini qiladi. Biz ayolni professional ishidan olib, pul to‘lanmaydigan ishga tashlayapmiz. Kir yuvadi, ovqat pishiradi, qozon-tovog‘iga qaraydi, bozor qiladi; bora-bora falon ishga to‘lanadigan maosh ayollarga boshqacha, erkaklarga boshqacha bo‘lib qoladi va ish beruvchilar ayollarni emas, erkaklarni ishga olishni boshlaydi.
Ayollarga erkinlik beramiz deb ularni uy ishlariga mahkamlab qo‘yamiz, ikkinchidan ularni professional hayotdan chiqarib tashlaymiz. O‘zi ayollarimiz professional hayotdan tashqariga surib bo‘lingan, boshqaruvda, intellektual ishlarda ayollarimiz deyarli yo‘q. Bu ayrimlarning ayollar erkaklarga nisbatan intellektual jihatdan pastda degan fikrlariga sabab bo‘lyapti. Biz qiladigan ishimiz bilan buni 2 karra kuchaytirgan bo‘lamiz. Kim uyda qancha ish qiladi, kim ko‘proq bolalarga vaqt ajratadi – er-xotinning o‘rtasida hal qilinadigan ish bo‘lishi kerak.
“Vaziyatni yanada chigallashtiradi”. Gulnoza Odilova, filologiya fanlari doktori
Ayollar uchun ish vaqti qisqartirilishi qonuniylashtirilsa, bu keyinchalik ularning ishga olinishiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Ayollarni ishga olishda hozir ham muammolar yetarli. O‘zim xabardor bo‘lgan bir keysni aytaman: davlat organlaridan birida rahbar ayol kishi bo‘laturib, ayollarni ishga olmaydi. U ayollar vaqtli ishdan ketib qoladi deb hisoblaydi.
Jamiyatda bolaga mas’uliyatda erkak va ayol teng emas. Bolasi kasal bo‘lsa, erkak ham qolib bolaga qarashi mumkin-ku? Mas’uliyatlar tengsizligi ayolga ko‘proq vazifa yuklayapti va bu yosh bolali ayolni ishga olmaslikka sabab bo‘lib qolyapti. Shundoq ham ayol kadrdan ish beruvchining qo‘rquvi bo‘lgan bir sharoitda bu taklif vaziyatni yanada qiyinlashtiradi.
“Bu aks natija beradi”, – Dilnozaxon Kattaxonova, jamoatchilik faoli
Ayollarning ish vaqtini qisqartirish aks natija beradi. O‘zi kamdan-kam rahbarlar ayollarni ishga olishni xohlaydi, aynan ularga qonunchilikda berilgan imkoniyatlar hamda ayollarning oiladagi vazifalari sababli.
Alisher Keldiyevichni hurmat qilaman, biz kiritgan qonunlarni doim qo‘llab-quvvatlaganlar, ammo ushbu taklifni e’tiborsiz qoldirolmadim. Mehnat qonunchiligiga to‘liq amal qilinsa, ayollar ham, erkaklar ham teng sharoitlarda samarali faoliyat yuritishlariga, oiladagi vazifalarini ham vaqtida bajarishlariga hech qanday to‘siq yo‘q.
“Qodirov maktabgacha yoshdagi bolasi bo‘lgan ota-onaga (ona yoki ota) ish vaqtini qisqartirishni taklif qilsin” - “Sukut saqlama” telegram kanalidan
Bu nimaga kerak? Ayol uy ishlarini ko‘proq bajarishi uchunmi? Yoki aksincha uni bu yo‘l bilan himoya qilish uchunmi? Bu uning ish haqiga qanday ta’sir qiladi? Rahbarlar ayollarni ishga olarmikan keyin? Lavozim vazifalari qanday taqsimlanadi? Hamkasblari tomonidan jins bo‘yicha kamsitilishga uchramaydimi?
Ayollar uchun qisqartirilgan ish kuni shundog‘am qonunchilikda ko‘zda tutilgan. Ish beruvchi quyidagi xodimlar iltimosiga ko‘ra to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilashga majbur:
- homilador ayollar;
- 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollar, homiyligida shunday bolasi bor ayollar.
To‘liqsiz ish vaqtida ishlash xodimning yillik asosiy mehnat ta’tili muddatini, mehnat stajini hisoblashni hamda boshqa mehnat huquqlarini biron bir tarzda cheklashga asos bo‘lmaydi va ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda haq to‘lanadi.
Qodirov, shuningdek, bunday ish tartibi ayollarga bolani maktabgacha ta’lim muassasasidan o‘z vaqtida olib ketish imkonini berishini ta’kidlaydi. Bo‘lmasa u maktabgacha yoshdagi bolasi bo‘lgan ota-onaga (ona yoki ota) ish vaqtini qisqartirishni taklif qilsin.
Yoki bog‘chalarda navbatchi guruhlar tashkil qilinishini taklif qilsin. Ular 19:00 yoki 20:00 gacha ishlasin, masalan.
Lekin afsuski, unga martaba zinapoyasiga qiyinchilik bilan chiqayotgan ayolning ish vaqtini qisqartirishni va eng yaxshi holatda eng past lavozimlarga tayinlanishiga olib keluvchi taklifni berish osonroq.
Madina Ochilova, Ilyos Safarov, Kun.uz muxbirlari
Mavzuga oid
17:01 / 15.12.2024
Barcha kommunal xizmatlar bir paketga birlashtirilishi mumkin
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
20:38 / 06.11.2024
Qozog‘istonda ayollarning ish vaqtini qisqartirish taklif qilindi
15:34 / 20.10.2024