Jamiyat | 08:48 / 04.09.2018
39545
7 daqiqa o‘qiladi

Ishtixonda fermerning yeri tortib olindi: endi esa qarovsiz paxta egatlari orasida mosh o‘smoqda

Ishtixon tumanidan «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligini er-xotin Alisher Boboyev va Nargiza Qilicheva 2017 yil yanvarda tashkil qilishadi. Xo‘jalikka N.Qilicheva rais etib tayinlangan. Ularga paxta va g‘alla ekish uchun 24,44 ga suvli yer ajratib beriladi. Fermer xo‘jaligi «Mitan istiqloli» muqobil mashina-traktor parki (raisi Aktam Rabbimov) hududiga birlashtiriladi.

A.Boboyevning bizga hikoya qilib berishicha, 2018 yilning aprel oyida A.Rabbimov boshchilik, orasida ichki ishlar organi xodimlari ham bo‘lgan guruh kelib, bir necha bor do‘q-po‘pisa bilan qo‘rqitib, fermer xo‘jaligining yerini ulardan 24 aprel kuni ariza yozdirib, tortib olingan. Bunga sabab qilib, chigitni belgilanganidan kech qadayotgani keltirilgan. Arizaning blankasiga e'tibor bering: Ishtixonda yerni tortib olishga mo‘ljallangan maxsus mana shunday ariza blankalari tayyor qilib qo‘yilgan ekan.

A.Boboyev esa chigitni yerni sug‘orib ekishga qaror qilganini aytadi. Aks holda, chigit yaxshi unib chiqmasligini u bilar edi.

Xullas, paxta maydoni hali ekilmasdan turib ulardan tortib olingach, tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarilgan va bu tuman hokimining 14 iyundagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq savol tug‘iladi: N.Qilicheva tomonidan ekilgan g‘alla hosili uchun kim javob beradi? Chunki reja 50 foiz atrofida uddalangan. Zararlarni kim to‘laydi?!

A.Boboyevning aytishicha, aslida, yerga bugungi kunda A.Rabbimov egalik qilmoqda, g‘alla yig‘im-terimida ham ularni yaqinlashtirmagan va g‘alladan bo‘shagan joylarni aynan u fuqarolarga ikkinchi ekin ekish uchun bo‘lib sotib yuborgan.

Shu kuni Ishtixonda biz A.Rabbimov bilan uchrashish, unga kerakli savollarni berib, javob olishning mutlaqo uddasidan chiqa olmadik.

Fermer xo‘jaligi joylashgan hudud — «Honaqa» MFY raisi Xadicha Qalandarovadan intervyu oldik. X.Qalandarova ham fermerlarning o‘tgan mavsumdagi ishlari joyida bo‘lganini tasdiqlab, bu yil yerning tortib olinganidan xabari yo‘qligini aytib o‘tdi.

Tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Bayitovdan ushbu vaziyatga izoh so‘radik.

Avvaliga B.Bayitov fermerlarni dangasalikda aybladi, «umuman ishlamaydi», dedi.

«O‘tgan yili ular paxta va g‘alla tayyorlash rejasini ortig‘i bilan bajargan ekan-ku?» deganimizdan so‘ng «bajarolgani yo‘q», dedi. Birozdan so‘ng statistika jadvalini ko‘tarib kelib, «rostdan ham bajargan ekan», dedi.

«Xo‘p, fermerga ariza yozdirilgan ekan, yerni uning hisobidan chiqarish haqida hokimlik qarori bormi?», deb so‘raganimizdan so‘ng uzoq izlanib, Ishtixon tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 29 maydagi xulosasi hamda tuman hokimining 14 iyundagi qarorini topib berishdi.

Alisher Boboyev bu qaror shu kungacha unga bermasdan kelinayotganini aytib o‘tgan edi.

«Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligining muammolari o‘zi nimadan boshlangani ham qiziq.

A.Boboyevning aytishicha «Mitan istiqloli» MMTP raisi A.Rabbimov uning roziligisiz 2017 yilning 14 dekabrida ularning hisob-raqamidan 2 million so‘m mablag‘ni hech qanday to‘lov topshiriqnomasidagi imzo va muhrsiz boshqa fermerning hisob-raqamiga ko‘chirtirib yuborgan.

— Haqiqatan ham «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligi bankimiz mijozi hisoblanadi, — deydi «Agrobank» Ishtixon tumani filiali boshqaruvchisi Sherzod Ibragimov. — Ushbu fermer xo‘jaligi hisob-raqamidan texnika xizmatlari uchun 2 million so‘m boshqa fermer xo‘jaligi hisob-raqamiga o‘tkazilganligi rost. Biz tuman qishloq xo‘jalik bo‘limida fermerlarga xizmat ko‘rsatish uchun alohida markaz qilib berganmiz. O‘sha yerdan bu mablag‘ «Mitan istiqloli» MMTP raisi kafolat so‘zi bilan, fermer xo‘jaligi raisining roziligisiz o‘tkazilgan. Biroq hanuzgacha hujjatlashtirilmagan. Bu albatta, mumkin emas. Biz ushbu muammoni bartaraf etish uchun barcha choralarni ko‘ramiz.

Guvohi bo‘lganingizdek, bu yerda qonun buzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan. Ya'ni, hisob-raqami egasining roziligisiz, muhr va imzosisiz pul mablag‘i boshqa fermer xo‘jaligi hisob-raqamiga o‘tkazilgan. Nahotki, MMTP raisining bir og‘iz so‘zi belgilangan tartib va qoidalardan ustun tursa?

Murojaatchi ushbu pulning o‘z hisob-raqamiga qaytarilishi, bunga yo‘l qo‘ygan mas'ullarga qonuniy chora ko‘rilishini talab qilmoqda.

Bu — tuman prokurori sektorida bo‘layotgan voqea. Binoyidek ishlab turgan fermerning dalasi tortib olinsa, u ekkan g‘alla boshqalar tomonidan talon-taroj qilinsa va reja uddalanmasa, ko‘rilgan zararini qoplash yana buning zimmasida bo‘lsa? Bu qanday bedodlik axir?!

Dalalarda unib chiqqan paxtani ko‘rib kishining dili og‘riydi. Ko‘ngildagidek sug‘orilmasdan qolgan. Biror marta ketmon tegmaganligi, chopiq qilinmaganligi bilinib turibdi. Paxta dalasiga MOSh ekib yuborilgan.

Bunday xo‘jasizlik uchun Ishtixon tumanida kim javob beradi? Mashina-traktor parki raislarining fermerlar ishiga bu qadar aralashishiga, ularning mablag‘larini tasarruf etishga, ulardan yerni tortib olishiga vakolati bormi?

E'tibor qiling: fermer o‘zi ishlab topgan pulning boshqalar tomonidan tasarruf etilishiga qarshi isyon qilyapti va alal-oqibatda, harchand kasbining ustasi bo‘lmasin, uning yeri tortib olinib, o‘z holiga tashlab qo‘yilayapti!

Tumandagi mutasaddi rahbarlar bo‘layotgan voqealardan nahotki bexabar bo‘lsa? A.Boboyev va N.Qilichevaning «Xalq qabulxonasi», prokuratura organlariga yozgan murojaatlari mutlaqo e'tiborsiz qoldirib kelinmoqda. Ular o‘ylay-o‘ylay, o‘zlarini qiynayotgan muammoni matbuotga olib chiqishga qaror qilishgan.

Kundek ravshanki, mazkur masalada fermer xo‘jaligi egalari haq. Ishtixondagi rahbarlar — nohaq. Fermerlar hali ham yerini qaytib olishdan umidvor. Ular oilasi bilan shu yerga qalb qo‘rini berib, ishlashni, daromad ko‘rishni istashadi. Yerni egasiga emas, «ega»siga topshirishni ma'qul biluvchi ishtixonlik rahbarlar esa istashmaydi shekilli.

Sh.Shokirjonov, G‘.Abdusalomov.

Mavzuga oid