Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar – Putinga prezidentlikda qolish uchun yangi imkoniyat(mi)?
Putinning prezidentlik muddatlarini boshidan hisoblash to‘g‘risida siyosatchilar orasida birinchi bo‘lib uning sobiq yordamchisi Vladislav Surkov aytgandi.
Davlat dumasi 10 mart kuni Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
- «Yedinaya Rossiya» va LDPR deputatlari dumaga muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni taklif qildi.
- Valentina Tereshkova prezidentlik muddatini boshidan hisoblash taklifi bilan chiqdi, bu Vladimir Putinga yangi saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini beradi.
- Tereshkovaning taklifidan so‘ng Putin Davlat dumasiga keldi va deputatlar oldida chiqish qildi.
Putin dumaga muddatidan avval saylovlar o‘tkazish va prezidentlik muddatlari soniga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash uchun zarurat ko‘rmayotganligini aytdi. Ammo prezidentning vakolat muddatlarini boshidan hisoblashni nazarda tutgan o‘zgartirish Konstitutsiyaviy sud tomonidan qo‘llab-quvvatlansa va rossiyaliklar buni yoqlab ovoz beradigan bo‘lsa, qarshi emasligini bildirdi.
Muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni kim taklif qildi?
10 mart kuni Davlat dumasi yig‘ilishi boshlanishi oldidan LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy 20 sentyabrda Davlat dumasiga muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni taklif qildi.
«Agarda yangilangan Konstitutsiya aprelda kuchga kiradigan bo‘lsa, u holda yangi parlament yangi vakolatlar bilan faoliyat ko‘rsatishi uchun Davlat dumasiga muddatidan avval saylovlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi», dedi u.
Jirinovskiy shuningdek, davlat rahbarini saylash vakolatlarini Davlat kengashiga o‘tkazishni taklif qildi.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida «Yedinaya Rossiya» partiyasi hammuassisi va partiya oliy kengashi a'zosi Aleksandr Karelin muddatidan avval saylovlar o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
«Yangi vakolatlarimiz uchun yangi saylovlar o‘tkazish ma'qul bo‘ladi deb hisoblayman», dedi u.
«Spravedlivaya Rossiya» yetakchisi Sergey Mironov bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. Kommunistik partiya esa bunga qarshi chiqdi.
Karelinning chiqishidan so‘ng deputatlar Konstitutsiyaga Davlat dumasidagi jami deputatlarning uchdan ikki qismining ovozi bilan duma vakolatlari muddatini qisqartirish qarorini qabul qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi tuzatishni kiritdi. U holda Rossiya prezidenti Davlat dumasiga yangi saylovlar o‘tkazilishini belgilaydi.
Prezident uchun yangi muddat
Muddatidan avvalgi saylovlar to‘g‘risidagi taklifni birinchi kosmonavt ayol, «Yedinaya Rossiya» deputati Valentina Tereshkova ham qo‘llab-quvvatladi. U shuningdek, Vladimir Putinning prezidentlik saylovida ishtirok etishi uchun cheklovlarni olib tashlashni taklif qildi. Davlat dumasi Putin va fraksiyalar bilan maslahatlashish uchun tanaffus oldi.
Avvalroq Putin Konstitutsiyadagi prezidentlik muddatini cheklash to‘g‘risidagi moddadan «ketma-ket» degan so‘zni olib tashlashni, ikki marta saylangan sobiq prezidentning tanaffus qilgach, yana saylovlarda qatnashishini imkonsiz qilib qo‘yishni taklif qilgandi.
«Baribir, menimcha, hokimiyat almashishini kafolatlash uchun prezidentning saylanish muddatlari sonini cheklagan yaxshi», — dedi Putin «Rossiya-1» telekanalida namoyish etilgan intervyusida. U shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlarda prezidentlik muddatlari soni uchun cheklov yo‘qligini qayd etdi.
Muddatidan avvalgi saylovlar to‘g‘risidagi muhokamalar
Vladimir Putin 5 mart kuni Davlat dumasi fraksiyalari yetakchilari va palata spikeri Vyacheslav Volodin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
«Uchrashuv kun tartibidan muddatidan avval saylovlar o‘tkazish masalasi o‘rin olmagan. Prezident bu masalani ko‘tarib chiqmaydi», — dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
23 yanvarda dumaning davlat qurilishi va qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi boshlig‘i Pavel Krasheninnikov kiritiladigan o‘zgartirishlar Davlat dumasining tarqalib ketishini ko‘zda tutmasligini bildirgandi. U shuningdek, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilganidan so‘ng muddatidan avval prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni ham rad etdi.
4 mart kuni «Proyekt» nashri Kremldagi manbalariga tayanib, mamlakat rahbariyati Davlat dumasiga muddatidan avval saylovlar o‘tkazish g‘oyasini muhokama qilayotganini yozdi. Manbalarga ko‘ra, agar Putin bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlasa, yaqin kunlarda muddatidan avval saylovlar o‘tkazish to‘g‘risida e'lon qilinadi.
Putinning prezidentlik muddatlarini boshidan hisoblash to‘g‘risida siyosatchilar orasida birinchi bo‘lib uning sobiq yordamchisi Vladislav Surkov aytgandi. U 26 fevralda «Aktualniye kommentarii» portaliga bergan intervyusida yuridik jihatdan prezidentlik muddatlarini boshidan hisoblash zarurati paydo bo‘lishini aytdi.
«Yangi vakolatlar bilan bu prezidentlikning boshqa instituti bo‘ladi. Unga hozirgi prezidentlikdagi cheklovlarni qo‘llab bo‘lmaydi», — dedi Surkov.
Prezident matbuot kotibi bu so‘zlarni izohlar ekan, buni Surkovning shaxsiy fikri deb aadi.
Davlat dumasi vakolatlarining o‘zgarishi
15 yanvarda Putin Federal yig‘inga qilgan murojaatida Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarda Davlat dumasi vakolatlarini kuchaytirishni taklif qilgandi. Agarda o‘zgartirishlar tasdiqlansa, quyi palata kuch ishlatish tuzilmalaridan tashqari barcha vazirlarni tayinlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, hukumatning barcha organlari, jumladan, prezident va Federatsiya kengashi vakolatlari ham o‘zgarishi ko‘zda tutilgan.
Duma tarqalishi uchun nimalar asos bo‘ladi?
Amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq, duma quyidagi hollarda tarqatib yuborilishi mumkin:
- Prezident taklif qilgan bosh vazir nomzodi quyi palata tomonidan uch marta rad etilgan taqdirda davlat rahbari dumani tarqatib yuborishi mumkin.
- Prezident agarda duma hukumatga ishonchsizlik bildirsa uni tarqatib yuboradi.
Quyi palata tarqatib yuborilgan taqdirda prezident duma tarqalganidan to‘rt oydan kech bo‘lmagan muddat orasida o‘tkaziladigan saylovlar sanasini belgilaydi.
Duma harbiy yoki favqulodda holatlarda hamda prezident vakolatlari tugashiga olti oy muddat qolganidan so‘ng tarqatib yuborilishi mumkin emas.
Mavzuga oid
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
20:41 / 23.12.2024
Rossiyada YouTube trafigi keskin kamaydi
19:55 / 23.12.2024