«Yakka tartibda uy qurish uchun ajratilgan yerlarga ko‘p qavatli uylar qurilmoqda» – Ortiqxo‘jayev aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo haqida
Senatning 11-yalpi majlisida Toshkent shahri hokimi, senator Jahongir Ortiqxo‘jayev shaharsozlik sohasida poytaxtda yuzaga kelayotgan muammolar haqida gapirdi.
«Keyingi paytlarda ayrim fuqarolarimiz tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari ko‘payib ketdi. Xususan, Toshkent shahrida yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkasida ko‘p qavatli uylar qurish holatlari ortib bormoqda. Bu o‘sha joyda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga salbiy ta'sir ko‘rsatib, ayrimlarining quvvati yetmay, ayrimlarida esa turli avariya holatlari kelib chiqmoqda.
Masalan, 2020 yilda o‘tkazilgan xatlovda 100dan ortiq yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida 3 qavatdan baland bo‘lgan uy joylar qurilgani aniqlandi. Ushbu holat shu uylar atrofidagi aholining noroziligi va kommunal sohadagi muammolar ortishiga olib kelmoqda.
Ushbu yangi tahrirdagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer maydonlariga ikki qavatdan ortiq bino qurish taqiqlanadi», dedi Ortiqxo‘jayev.
U yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksidagi boshqa o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi hamda ushbu qonun xalq deputatlari Toshkent shahar kengashida muhokama qilinib, ma'qullanganini bildirdi.
Bundan avvalroq Jahongir Ortiqxo‘jayev aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 2020 yilda Toshkent shahrida jami 8 ming 444ta xonadondan iborat 125ta ko‘p qavatli uylar qurib foydalanishga topshirilgani va bu Toshkentda uy-joy narxi yanada oshib ketmasligini ta'minlayotganini ma'lum qilgan edi.
«Aytmoqchimanki, qurilishni o‘z vaqtida jadallashtirganimiz uchun shu narxlar bor. Agar qurilishni to‘xtatib qo‘ysak, Toshkent shahrida «propiska rejimi» bekor qilingani hisobiga ham narxlar keskin oshishi, uylar yetishmovchiligi kuzatiladi. Shuning uchun biz bugun tezda katta-katta loyihalarni qilishga majbur bo‘lmoqdamiz. Uylar qimmatlashgani sari kamroq daromadli oilalarning uy sotib olish darajasi keskin kamayib ketadi», degandi hokim.
Eslatib o‘tamiz, Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi qonun senatorlar tomonidan ma'qullangandi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024