O‘zbekiston | 18:47 / 31.10.2023
5346
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab 33 mingta transformator eskirgan. Ularni yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi

Hududlardagi 33 mingta transformator, 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan, deya qayd etildi prezident huzuridagi yig‘ilishda. Eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqish va 2026 yilga borib jami yo‘qotishlarni hozirgi 12 foizdan 8 foizga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi yig‘ilishda energetika tizimining kuz-qish mavsumiga tayyorligi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi 5 yilda tarmoq va transformatorlarni modernizatsiya qilishga 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.

Lekin, ayrim viloyat hokimlari o‘zlari harakat qilib, mahallalarda transformator va tarmoqlarni yaxshilashga, kuz-qishni betalafot o‘tkazish uchun mablag‘lar, transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar zaxirasini shakllantirishga yetarli e’tibor qaratmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, hududlardagi 33 mingta transformator, 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan, oqibatda ishlab chiqarilgan elektrning 12 foizi yo‘qotilgan. 20 ta tumanda elektr yo‘qotishlari hajmi respublika ko‘rsatkichidan 1,5 barobar yuqori.

Shu munosabat bilan Energetika vazirligiga hududlarda eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish, viloyat hokimlari va prokurorlariga dasturni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

2026 yilga borib jami yo‘qotishlar hajmini 8 foizga tushirish shartligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid