O‘zbekiston | 15:15 / 26.07.2021
8988
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident bilan uchrashuvdan oldin murojaatlar statistikasi: Tadbirkorlarni eng ko‘p qanday muammolar qiynamoqda?

Prezident avgustning birinchi yarmida tadbirkorlar bilan uchrashadi. Shu kungacha 4 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Maxsus shtab biznes vakillarini eng ko‘p qiynayotgan muammolar statistikasini e'lon qildi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan oldin Respublika bo‘ylab tadbirkorlardan minglab murojaatlar kelib tushmoqda.

O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi 2021 yilning 20 iyulidan 31 iyuligacha  tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq masala, o‘z biznesini kengaytirish va rivojlantirishga turtki beradigan g‘oya va takliflar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga murojaat qilishi mumkinligini e'lon qilgandi.

Shu kungacha Tadbirkor va investorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha shtabga 4 491 ta murojaat kelib tushgan, deya xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Bundan 3603 tasi individual, 104 tasi protestiv, 787 tasi tizimli muammolar hisoblanadi.

Eng ko‘p murojaatlar biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalar (1987 ta), eng kami esa davlat xaridlari (6 ta) va birja faoliyati (13 ta) bo‘yicha kelib tushgan.

Bundan tashqari, yo‘nalishlar kesimidagi murojaatlar statistikasi quyidagicha:

- xususiylashtirish — 25 ta;

- korrupsiya va byurokratik to‘siqlar — 29 ta;

- savdo, bojxona-tarif va notarif to‘siqlar — 45 ta; 

- qurilish sohasi — 59 ta;

- soliq tizimi — 65 ta;

- davlat boshqaruv organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi — 93 ta;

- xususiy mulkni himoya qilish — 112 ta;

- imtiyoz va preferensiyalar — 166 ta;

- ruxsatnoma va litsenziya berish, sertifikatlashtirish va boshqalar — 181 ta;

- muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasi — 195 ta;

- biznesni boshlash yuzasidan g‘oyalar — 269 ta;

- yer va bino ajratish masalalari — 911 ta.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Toshkent viloyatidan (460 ta), eng kami esa Navoiy viloyatidan (120 ta) kelib tushgan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Shuningdek, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti avgust oyining birinchi yarmiga mo‘ljallanganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid