Jahon | 20:02 / 02.05.2021
7494
10 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqadagi muammolarni mustaqil hal qila olishadi

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mintaqada sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga ma'suliyatli yondashganliklari ham mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga katta hissa qo‘shdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne'matov o‘z intervyusida aytib o‘tdi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara mojarosiga qanday izoh berasiz? Ushbu hodisalarning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat va ular qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

— Tojik-qirg‘iz chegarasidagi navbatdagi ziddiyat oqibatida biz uchun qardosh ikki xalq vakillarining qurbon bo‘lishiga olib kelgani – fojia bo‘lib, chuqur hamdardlik hissini yuzaga keltirmoqda.

Ayni vaqtda mojaro sabablari va aybdorlarini qidirish mavridi emas. Bu mavjud ziddiyatni yanada kuchaytiradi. Endilikdagi vazifa – mojaro avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, odamlarni tinchlantirish, qanchalik qiyin bo‘lmasin muloqotga kirishib, turli provokatsiyalarga uchmasdan va barcha sa'y-harakatlarni ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun yo‘naltirish lozim.

Chunki muammoning asl sabablari barchaga ma'lum. Bular – davlat chegaralarining delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagani, mintaqada suv resurslarini taqsimlashning samarali mexanizmlari mavjud emasligi va transchegaraviy daryolardagi gidrotexnika inshootlarining o‘zaro manfaatli shartlar asosida faoliyat ko‘rsatmasligi.

Ushbu muammolar Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishgandan so‘ng yanada dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Buning sababi o‘tgan asr boshlarida davlat chegaralari mintaqaning geografik xususiyatlarini hisobga olmagan holda belgilangani va bir necha davlatlarni suv bilan ta'minlaydigan gidrotexnika inshootlarining bahsli hududlarda joylashganidir.

Natijada mintaqada o‘nlab kilometr chegara hududlari mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish uchun nafaqat to‘siq, shu bilan birga, chegara mojarolarining sabablaridan biri bo‘lmoqda.

Bu muammo ayniqsa Farg‘ona vodiysi uchun juda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu hududda yer va suvdan foydalanish masalasi aholining turmush sharoitida juda muhim rol o‘ynaydi. O‘zingiz baho bering, Farg‘ona vodiysi Markaziy Osiyodagi aholi eng zich joylashgan hududidir. Bu yerda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning 15 million fuqarosi yoki ushbu uch mamlakatning deyarli 30 foiz aholisi istiqomat qiladi.

Aholi zichligi 1 kvadrat kilometrga 360 kishini tashkil qiladi. Bu O‘zbekiston va Tojikistonga nisbatan 6 barobar, Qirg‘izistonga – 12 barobar, Qozog‘istonga – 56 barobarga ko‘p demakdir.

Shu bilan birga, Farg‘ona vodiysida istiqomat qiluvchi xalqlar mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan asrlar davomida tinch va totuvlikda yashab, tabiiy boyliklardan umumiy manfaat uchun birgalikda foydalanib kelishgan va kelajakda ham shunday bo‘lib qolishiga ishonchim komil.

Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi masalalarni hal etish bo‘yicha izchil yo‘lga qo‘yilgan va birgalikda chuqur o‘ylab amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish zarurligini ta'kidlab kelgan. Buning uchun, albatta, qat'iy siyosiy iroda, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va murosaga tayyor bo‘lish kerak.

Faqat shu yo‘l bilangina biz Markaziy Osiyoni tinchlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoniga, chegaralarimizni esa do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigiga aylantira olamiz.

 Fikringizcha, Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi ziddiyatlarni hal qilish imkoniyati mavjudmi? Ushbu jarayonda qo‘shni davlatlar qanday o‘rin tutadi?

— Albatta, bunday imkoniyat mavjud va bugungi kunga kelib qurolli to‘qnashuvlarga barham berildi. Tomonlar mavjud ziddiyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish maqsadida tezkor choralarni ko‘rishdi. Vaziyat keskinlashuvining dastlabki paytda ikki mamlakat rahbariyati bevosita muloqotni yo‘lga qo‘ydi va mojaro yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini qat'iy ta'kidlab o‘tishdi.

Shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mintaqada sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga ma'suliyatli yondashganliklari ham mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga katta hissa qo‘shdi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddat ichida qo‘shni davlat rahbarlari bilan ikki marta telefon orqali muloqot qildi va ularni mavjud ziddiyatni faqat do‘stona ruhda va yaxshi qo‘shnichilikga asoslangan muloqot orqali hal qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni yuzaga kelgan vaziyatni yechishda har taraflama yordam berishga tayyorligi aytib o‘tildi.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham nizolashayotgan tomonlarga barcha bahsli masalalar faqat muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishi lozimligini ta'kidladi. Qozog‘iston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati doirasida chegara bilan bog‘liq muammolarni hal qilish mexanizmini ishlab chiqish lozimligini alohida qayd etib o‘tdi.

Bugungi kunda Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari doimiy ravishda muloqotda bo‘lib, chegaradagi vaziyat barqarorlashuvini shaxsiy nazoratlariga olishdi.

Endilikda Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari sa'y-harakatlari natijasida mintaqada barqarorlik ta'minlanishi, barcha bahsli masalalarni tinch yo‘l, ochiq va ishonchli muloqot orqali mustaqil ravishda hal etilishi mumkinligiga ishonch hosil qilindi.

Shuni tan olish kerakki, shu kunlarda biz, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari mintaqaning xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga tahdid soladigan umumiy muammolarni hal qilishda yagona va mas'uliyat bilan yondashayotganliklariga guvoh bo‘ldik. Bu, avvalambor, Markaziy Osiyoda shakllangan mutlaqo yangi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitining natijasidir.

2018 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy ishonchni yuqori darajaga chiqishiga, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanishiga sezilarli hissa qo‘shdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 O‘zbekiston tomonidan qo‘shni davlatlar bilan ziddiyatlar yuzaga kelmasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari qanday holatda?

— O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimidagi ilk kunlardanoq mamlakatimiz va umuman mintaqamiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishida mavjud muammolarni hal qilish muhimligini anglagan holda ushbu masalalarni yechishda qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olib, kuchli siyosiy irodani namoyon etdi. Tarixiy qisqa vaqt ichida chegaralar va mintaqaning suv-energetika resurslaridan foydalanish kabi nozik masalalarni hal qilishda misli ko‘rilmagan ijobiy natijalarga erishildi.

2017 yilning o‘zida tarixiy hujjat – «O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasida uch mamlakat Davlat chegaralarining tutash nuqtasi hududi to‘g‘risida»gi shartnoma imzolandi va bu mamlakatlarning davlat chegaralarini huquqiy tartibga solish jarayonga yakun yasadi. Tojikiston bilan ilgari delimitatsiya qilinmagan chegaralarning 99 foizi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda navbatdagi jiddiy qadam bu Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning joriy yilning mart oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikkitomonlama kelishuvlar bo‘ldi. Unga ko‘ra, tomonlar qisqa fursat ichida davlat chegaralarini huquqiy tomondan belgilab olishga kelishishdi.

Suv resurslaridan foydalanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mazkur sohada barcha munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida ishchi guruh tuzildi. Shu bilan bir qatorda, suv va energetika sohasi masalalari bo‘yicha konstruktiv yechimga erishish uchun Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama qo‘shma suv xo‘jaligi komissiyasini tuzish to‘g‘risida idoralararo bitimni imzolashga tayyorlanmoqda. Turkmaniston bilan o‘zaro hamkorlik «Amudaryo» havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi ishtirokidagi uch tomonlama ishchi guruh doirasida samarali rivojlanmoqda.

Shu kunlarda bo‘lib o‘tgan voqealar, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarida bildirilgan tashabbuslari nihoyatda dolzarb ekanligini yana bir marta ko‘rsatib o‘tmoqda.

Xususan, mintaqada, birinchi navbatda, chegara hududlarida favqulodda vaziyatlar, texnogen, tabiiy va ekologik ofatlar bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi o‘z vaqtida kurashish maqsadida huquqni muhofaza qilish idoralari va maxsus xizmatlar yo‘nalishida amaliy hamkorlikni va o‘z vaqtida axborot almashish mexanizmlarini yaratish ishlarini kuchaytirish zarur.

Suv resurslaridan birgalikda foydalanish va davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etish sohasida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga e'tibor qaratish muhim.

Kelajakka nazar solinsa, shu narsa yaqqol ayon bo‘ladiki, bularning barchasi nafaqat bahsli masalalar yechimi, balki mintaqaning kun tartibidan ziddiyat keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan muammolarni to‘la-to‘kis hal qilishga va o‘z-o‘zidan Markaziy Osiyoda siyosiy ishonch darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Faqatgina ushbu murakkab muammolarni birgalikda hal qilish orqali biz mintaqaning uzoq muddatli xavfsizligi, barqaror rivojlanishiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va umumiy farovonligimiz uchun mustahkam poydevor yaratamiz.

Mavzuga oid