O‘zbekiston | 21:23 / 19.09.2024
31083
7 daqiqa o‘qiladi

Multfilm: Vatanga investitsiya bilan qaytgan tadbirkorning sarguzashtlari

Investitsiyalarsiz rivojlanib bo‘lmaydi. Shunday ekan, chet elda tajribasini oshirib, pulini ko‘tarib Vataniga qaytgan o‘zbek tadbirkoriga ming bir to‘siq qo‘yadigan mahalliy mansabdorlarni nima deb atasa bo‘ladi? Kun.uz'ning yangi multfilmi mamlakat ziyoniga xizmat qiladigan bu illat haqida xorazmlik tadbirkor misolida hikoya qiladi.

Bo‘lajak o‘zbek tadbirkori tug‘ildi (1981 yil). Maktabni tugatdi (1998 yil). Universitetini bitirdi (2004 yil, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti). Xalqaro magistraturada o‘qib, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy unvon oldi. Keyin institutda dars berdi.

Keyin Turkiyada o‘qidi. So‘ng esa shu mamlakatda tadbirkorlik qildi – turk mahsulotlarini Yevropa va Osiyoga eksport qildi.

2015 yilda ona yurtiga qaytib, unga foyda keltirishni istadi. Xorazmning Bekobodida kunjut yetishtirish uchun yer oldi. Kunjutni qayta ishlab, chetga eksport qilish loyixasini tuzdi va 2016 yili yangi zavodni ishga tushirdi.

Ammo faqat 2018 yilga kelibgina mahsulotini eksport qila boshladi. Nega? Chunki kundalik muammolardan tashqari, u maxalliy xokimiyat qo‘ygan to‘siqlar va tazyiqlar bilan ham kurashishga majbur bo‘ldi. Iroq, Turkiya, Rossiyaga 800 ming dollarlik mahsulot sotganiga, 60 kishini ish bilan band qilganiga qaramasdan!

U mahsulot sifatini yaxshilash uchun o‘z hisobidan tadqiqotlar qildi, olimlar bilan birga. Natijada ikkita yangi nav yaratildi.

Kunjut – ming yillar davomida yurtimizda yetishtirilgan, ammo uni yetishtirish madaniyati salkam unutilgan o‘simlik. Kunjut yetishtirish ko‘hna tarixini rekonstruksiya qilishning o‘zigina foyda keltiradi – turistlarni jalb qiladi. Dunyo bozorida o‘zbek kunjutiga bo‘lgan talab haqida gapirmang ham.

Qahramonimiz kunjutdan besh xil mahsulot ishlab chiqara boshladi, qo‘shimcha qiymat hosil qildi. Ammo bu davrda uning... sochi oqardi...

Mahalliy hokimiyat idoralari unga ochiqchasiga reyderlik qildi. Masalan:

Kunjutni almashlab ekish kerak, ya’ni bir yili kunjut eksangiz, ikkinchi yili boshqa narsa ekish kerak. O‘rniga sholi yoki bug‘doy ekamiz. Hokim kelib, “bu noqonuniy” deydi. Ammo paxta eksak, qonuniy bo‘lib chiqadi. Biroq ularning firmalari bilan shartnoma qilsak, unda xamma ishlar “qonuniy” bo‘lib chiqdi. Yoki “tuman eksporti” uchun deb naqd pul bersak ham, hamma ishlar “qonuniy” bo‘lib chiqaveradi”.

Hokimning aytgani qilinmasa, “chora” ko‘riladi.

Masalan:

  • suv berishmaydi, natijada hosil nobud bo‘ladi;
  • eksport miqdorining 2 foizi naqd pul shaklida berilmasa, yana tahdid (batafsil – keyingi ko‘rsatuvimizda);
  • yerlarni tortib olish bilan tahdid qilishadi;
  • past hosildor yer bo‘lsa ham, paxta ekishga majburlashadi.

Bunday misollarni O‘zbekiston bo‘ylab ko‘p keltirish mumkin. Savol berish payti keldi: nega mamlakatga eksport kerag-u, hokimga kerakmas?!

“Yo‘q, menga kerak!” – deydi u. Unda nega xalaqit qilasan?

O‘zbekistonda juda ko‘pchilik hokimlar tadbirkorlikka to‘siq qo‘yadi. Nega? Shu savolga javob berishga urinib ko‘raylik.

Mantiqni ishga solamiz.

Insonni harakatlantiruvchi narsa – manfaat. Hamma manfaat uchun harakat qiladi. Hokimlar eksportni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lishsa, tabiiyki eksportchilarga yordam berishga urinishadi. Demak, hozir ko‘pgina mahalliy mutasaddilarimiz eksportni rivojlantirishdan ko‘ra, tadbirkorlarni bo‘g‘ib, korrupsiya orqali o‘z cho‘ntaklarini to‘ldirishdan... ko‘proq manfaatdor. Demak, tizim shunday qurilganki, manfaat shu tomonda. Nega unaqa?

Sabablar, ya’ni variantlar haqida bir o‘ylab ko‘ramiz.

Birinchi variant:

Hokimlarga eksportni rivojlantirish buyurilgan, ammo yuqorida qandaydir mansab egasi bor, va o‘sha kimdir “eee, eksportni nima qilasan, ko‘k qog‘ozlardan olib kelib tur menga, ishing “besh” bo‘ladi” deb turibdi. Ya’ni hokim uchun eksportni rivojlantirishdan ko‘ra, tadbirkorlarni “sog‘ib”, “sutni” o‘sha kimgadir olib borib berib turish manfaatliroq, chunki shu asnoda unga ham daromad keladib turadi, ham xotirjam o‘zining qing‘ir “hokimligini” qilib o‘tiradi.

Ikkinchi variant:

Hokimlarga eksportni rivojlantirish buyurilgan, ammo hokimlarning umumiy saviya va kompetentlik darajasi nihoyatda past va ular eksportni rivojlantirib, yuzini yorug‘ qilishdan ko‘ra, tadbirkorlarni qiynab, pulini olib boyishni, fermerlar hosil yig‘im-terimi tashvishida yurgan bir paytda, ular “ko‘k qog‘oz” yig‘im-terimi tashvishida yurishadi, chunki saviya boshqasini taqozo etmaydi.

Uchinchi variant:

Tizimda o‘ziga xos korrupsion “madaniyat”, aniqrog‘i antimadaniyat shakllangan va pastdagilar tepadaglarga qarab o‘rnak oladi: “i-ye, hamma shu ish bilan shug‘ullanayapti-ku” degan kayfiyat bilan hatto biroz vijdoni bor odam ham hokim bo‘lgandan keyin umumiy... “antimadaniyat”ga tobe bo‘ladi.

Albatta, bu variantlar bir-biri bilan qorishib ketgani aniq.

Tadbirkorimiz endi chet elda ko‘rganlarini eslab o‘tiripti: “u yerda boshqacha edi, hokimlar ham boshqacha edi” deb xayol surib o‘tiripti, oqargan sochlarini silab. Nega u yerdagi hokimlar boshqacha? Shu savolga javob berish kerak! Axir, rivojlanmoqchimiz-ku!

Shokir Sharipov

Mavzuga oid