Jahon | 08:52 / 21.11.2016
11507
2 daqiqa o‘qiladi

OTIH sammiti ishtirokchilari yakuniy deklaratsiyani qabul qilishdi

Foto: Rossiya prezidenti matbuot-xizmati

Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari Limada bo‘lib o‘tgan sammit yuzasidan yakuniy deklaratsiyani qabul qilishdi. Hujjat matni anjuman saytida e'lon qilingan

Unda moliyaviy va inson zaxiralaridan samarali foydalanish, erkin savdoni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, odamlar turmush darajasini oshirish kabi jahon iqtisodiyotining asosiy masalalari yuzasidan fikrlar bildirilgan. 

Hujjatda, jumladan, jahon iqtisodiyoti so‘nggi 8 yilda tiklanayotgani, ammo tobora jiddiy chaqiriqlarga duch kelayotgani ta'kidlanadi. 

OTIH yetakchilari, shuningdek, raqobatbardoshlikni kuchaytirish maqsadida valyutalarni qadrsizlantirish va sun'iy ta'sir ko‘rsatish bilan ularning almashuv kurslarini o‘zgartirmaslik hamda proteksionizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishga kelishib olishgan. 

Yakuniy deklaratsiyada Osiyo-Tinch okeani erkin savdo hududini barpo etish g‘oyasi OTIH kun tartibini hayotga tatbiq etish ekani xususida so‘z borgan. Unda ishtirokchi tomonlar mustaqil ravishda iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, istiqbolli mintaqaviy savdo kelishuvlari va erkin savdo bitimlarini imzolashga chaqirilgan. 

Shu bilan birga, OTIHda deklaratsiyani imzolagan tomonlar, bozorlar ochiqligini saqlab qolish, proteksionizmga qarshi kurash sifatida shu kabi choralarga qo‘llanilgan moratoriyni 2020 yilga qadar uzaytirish borasida yakdilligini izhor qilishgan. 

Eslatib o‘tamiz, 19-20 noyabr kunlari Peru poytaxti Lima shahrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti bo‘lib o‘tdi. U «Sifatli o‘sish va inson zaxiralari taraqqiyoti» mavzusi negizida tashkil etildi. 


 

Mavzuga oid