O‘zbekiston | 09:35 / 24.02.2017
23562
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Dushanbe-Toshkent reysi kechiktirilayotganiga izoh berdi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining Kun.uzga ma'lum qilishicha, Somon Air aviakompaniyasining Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlari aniq amalga oshiriladi. Buning uchun qonunda belgilangan tartibda ayrim jihatlarga oydinlik kiritib olish zarur. Xususan, xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasiga doimiy parvozlari O‘zbekiston davlat aviatsiya nazorati tomonidan 2008 yil 25 fevralda tasdiqlangan 33-sonli «Xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasiga doimiy aviaparvozlarni amalga oshirishi bo‘yicha ko‘rsatmalar» asosida amalga oshiriladi. 

Mazkur ko‘rsatmalar asosida xorijiy aviakompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga hujjatlar to‘plamini topshiradi. Biroq, u O‘zbekistonga doimiy parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgan kundan kamida 30 kun avval topshirilishi lozim. 

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 10 fevralda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Direktsiyasida Somon Air MChJ delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Unda Tojikiston aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga doimiy parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar to‘plami taqdim etilgandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Tojikiston aviakompaniyalarining Toshkent va Dushanbe shaharlariga doimiy parvozlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingandi. 

Ayni vaqtda, Somon Air MChJning O‘zbekistonga doimiy parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish masalasi, ushbu kompaniya taqdim etgan hujjatlar asosida qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. 

2017 yil 23 fevralda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKda Somon Air aviakompaniyasining ishonchli vakili Baxtiyor Alimurodov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unda Tojikiston aviakompaniyasining Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishiga doir tushuntirishlar berilgan. Shu bilan birga, xorijiy avikompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasiga aviaparvozlarni amalga oshirish tartiblariga oydinlik kiritilgan.

Milliy aviakompaniyaning Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan vakili ushbu reys tez orada amalga oshirilishiga umid bildirdi.

Mavzuga oid