Jahon | 11:06 / 04.04.2017
57549
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgdagi portlashda jabrlanganlar ro‘yxati e'lon qilindi, unda o‘zbekcha nomlar

Sankt-Peterburg metrosidagi portlash oqibatida jabrlanganlar soni 51 kishiga yetdi. Bu haqda Rossiya FVVning hudud bo‘yicha bosh boshqarmasi ma'lum qilgan.

Bundan avvalgi xabarlarda portlash vaqtida jarohatlangan 45 kishi shifoxonaga yotqizilgani aytilgandi.

Boshqarma jabrlanuvchilarning to‘liq ro‘yxatini o‘z saytida ma'lum qilgan. Bu ro‘yxat to‘ldirilishi mumkin. Jabrlanuvchilarning 47 nafarining shaxsi aniqlangan. To‘rt ayolning ism-sharifi ayni paytda noma'lum.

Qayd etish kerakki, ushbu ro‘yxatda 1997 yilda tug‘ilgan Tursunov Umar va 1993 yilda tug‘ilgan Meliboyev Nuridin nomlari bor.

O‘zbekiston TIV bu hodisa oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar bor yoki yo‘qligi borasida rasmiy ma'lumot bermadi. Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasidan aniq ma'lumotlar kutilmoqda.

Ro‘yxatda voyaga yetmagan bolalar ham bor. Barcha jabrlanuvchilar Peterburgdagi quyidagi shifoxonalarga yetkazilgan: K.A. Rauxfus nomidagi klinik shifoxona, «Yelizavetinskaya bolnitsa» shifoxonasi, L.G. Sokolova nomidagi klinik shifoxona, № 26 raqamli shahar shifoxonasi, I.I. Janelidze nomidagi tibbiyot muassasasi va Mariina shifoxonasi.

3 aprel Moskva vaqti bilan soat 14.30da Sankt-Peterburg metrosining «Sennaya ploshchad» va «Texnologicheskiy institut-2» stansiyalari o‘rtasidagi yo‘lda ketayotgan metro poyezdida portlash yuz bergan. «Ploshchad Vosstaniya» stansiyasida qo‘yilgan portlovchi moddaning o‘z vaqtida aniqlanishi evaziga yana bir portlash oldi olingan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash 11 kishini hayotdan olib ketgan. Halok bo‘lganlarning ro‘yxati hozircha ma'lum emas.

Mavzuga oid