Jahon | 08:54 / 28.05.2017
10319
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning birinchi prezidenti qabriga vandallar tomondan shikast yetkazildi

Foto: AFP

Fransiyaning sobiq prezidenti, marhum Sharl de Gollning Fransiyaning shimoli-sharqidagi Kolombe-lyo-dyoz-Egliz kommunasidagi qabri vandallar tomondan vayron qilindi. De Goll dafn qilingan qabristonda, shuningdek uning rafiqasi va qizi qabrlari ham bor.

Vandallar 27 may kechki vaqt qabristonga kirib, qabrda o‘rnatilgan xochni ag‘darib tashlashgan. Buning oqibatida u o‘rtasidan parchalanib ketgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, vandallar ikki kishi bo‘lgan. Qolgan qabrlarga shikast yetkazilmagan. Hozir voqea tergov qilinmoqda.

Sharl de Goll Fransiyaning 20-asrdagi eng muhim shaxslaridan biri hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi vaqtlarida u fransuz qarshiligi ramziga aylangan. De Goll Beshinchi respublikaga asos solgan va uning birinchi prezidenti bo‘lgan. U mamlakatni 1959-1969 yillar davomida boshqargan. U keng vakolatlar olib, AQSh va sobiq Ittifoqning dunyodagi hukmronligi g‘oyasini inkor etib, fransuzlarga jahon sahnasida mustaqil ovoz huquqini bergan o‘ziga xos tashqi siyosat olib borgan.   

General de Goll 1970 yilda vafot etgan.

Mavzuga oid