Saudiya Arabistonida baxmalli davlat to‘ntarishi ro‘y berdimi?
Saudiya Arabistonida valiahd shahzoda bo‘lishdan oson ish yo‘q — buning uchun sulolaning toj kengashi qo‘llovi (darvoqe, unda taxtdagi podshoning fikri hisobga olinsa ham, hal qiluvchi hisoblanmaydi), diniy doiralar fotihasi va Vashingtonning roziligini olish kifoya.
32 yoshli Muhammad ibn Salmon Ol Saud bu uch manfaatli tomonning qo‘llab-quvvatlashiga erishdi va Ar-Riyodda endi hozirgi qirol Salmon Ol Saud hamda uning uchinchi xotinining o‘g‘li bo‘lmish, an'anaviy valiahdlardan yosh va norg‘ul, yangi valiahd shahzoda bor.
Foto: Reuters
Esankiratuvchi o‘rin almashishlar
Qirollik taxtining avvalgi vorisi, qirolning jiyani, bir vaqtning o‘zida ichki ishlar vaziri lavozimini egallab turgan Muhammad ibn Noif kutilmaganda bu unvondan mahrum etilgan va hattoki vazirlik lavozimidan ham olib tashlangan. Xullas, u bir zumda besh daqiqasi kam qirollikdan «qarindoshchilik»ning noma'lum darajasigacha tushirilgan.
Qirollikning shu voqea yuzasidan chiqarilgan dekretida, ko‘pchilik kuzatuvchilar tomonidan «baxmalli davlat to‘ntarishi», deb atalayotgan esankiratuvchi o‘rin almashishlarning sababini — «alohida vaziyatlar» ekanligi aytib o‘tilgan. Ularning mohiyati ommaga oshkor etilmagan esa-da, sabablar toj kengashining 34 a'zosidan 31 nafarini «kichik shahzoda» va qirollikda MBS deb ataladigan Muhammad ibn Salmonga ovoz berishga unday olgan.
Juma kuni Makkada o‘tkazilgan maxsus marosimda sulola a'zolari yangi valiahdga sadoqat borasida qasamyod qilishdi, hozircha esa turli gap-so‘zlarga chek qo‘yish maqsadida ilgari «murakkab iqtisodiy sharoitlar» vaji bilan bekor qilingan, harbiylar va davlat sektori xodimlariga qo‘shimcha ish haqi, bonuslar va maxsus to‘lovlar qayta tiklangani haqidagi farmon chiqarib qo‘yildi. Bir vaqtning o‘zida Iyd al-Fitr ham odatdagi 10 kun o‘rniga 17 kun bayram qilinadigan bo‘ldi.
Bir yilgina muqaddam aynan MBS taxtdan yarim qadam naridagi pozitsiyani egallaydi, deb o‘ylashning o‘zi xayolga sig‘mas edi. Ha, otasi taxtga o‘tirganidan so‘ng hokimiyat cho‘qqilari tomon parvoz qilib, bosh vazirning ikkinchi o‘rinbosari, jahondagi eng yosh mudofaa vaziri bo‘lib olgan Muhammad ibn Salmon qisqa vaqt ichida 30 yoshga to‘lmagan yoshlar aholi sonining 60 foizni tashkil etuvchi mamlakatda yosh avlodning sevimli siyosatchisiga aylandi-qoldi.
MBSning ikkinchi tubi
Foto: AP
Ha, Jahon uran zaxiralarining 6 foiziga egalikdan tortib, Makkadagi 4 million kvadrat metr bo‘sh yerlargacha «Saudiya Arabistoni — xo‘jasizlarcha ishlatiladigan boyliklar Klondayki» ekanligini ta'kidlab, mohiyatiga ko‘ra, mamlakatni neft dollarlariga bog‘liqlikdan qutqarish uchun VISION-2030 strategiyasining qabul qilinishga bosh qo‘shib, MBS mahalliy burjuaziya hamda Boeing, Airbus, GM, Sony, Siemens va boshqa gigantlardan iborat xorijiy investorlarning simpatiyasiga sazovor bo‘ldi.
Biroq, sulola ichida ham, ruhoniylar orasida ham mavjud «peshonasi qattiq» konservativ doiralarda u begona, ambitsiyalari baland jo‘jaxo‘roz sifatida qabul qilinib, uning har bir qadami qarshiliklar va noroziliklaru qoralashlarga sabab bo‘layotgan edi.
Vashington uchun ham uning amakivachchasi Muhammad ibn Noif ma'qulroqdek edi. Amerika maxsus xizmatlarining eng yuqori doiralarida tanishlarga ega bo‘lgan Noif, «antiterror shahzoda» nomi bilan mashhur edi va AQShda u «Al-Qoida» va shu singari boshqa terrorchilarga qarshi eng sodiq ittifoqchi, ularga qarshi amerikancha ko‘nikma va sharqona shafqatsizlik bilan kurashuvchi odam hisoblanardi.
Muhammad ibn Noif
Terrorchilar ham shunga yarasha javob qaytarishga harakat qilishardi — 2009 yilda xudkush terrorchilardan biri o‘zining to‘g‘ri ichagiga portlovchi qurilma joylashtirib, u bilan uchrashuvga keladi. Biroq, suiqasdning bunday original usuli samarali emasligi oydinlashadi — ibn Noif biroz jiddiy bo‘lsa-da, faqatgina yaralanadi. Tuzalganidan so‘ng esa kurashini oxirigacha olib boradi — AQSh maxsus xizmatlari bilan jips hamkorlikda u Arabiston yarimorolida «Al-Qoida»ning urug‘ini quritadi, uni moliyalashtirish kanallarini faqat mamlakat ichida, balki qo‘shni monarxiyalarda ham kesib tashlashga muvaffaq bo‘ladi.
Bu ishlarning hammasi Obama prezidentligida bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ham, Tramp ham avvaliga MBSga hech qanday alohida bir simpatiya bildirmayotgandi. Shu yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida u yosh shahzodani ancha sovuq qarshi oladi, Oq uyning ushbu uchrashuv borasidagi rasmiy hisobotlari esa qisqagina va quruqqina edi. To‘g‘ri, yosh shahzoda bundan aslo xijolat bo‘lgani yo‘q. Aynan u Trampning Ar-Riyodga tashrifini tayyorlashga bosh-qosh bo‘ladi va ana shu tashrifdan so‘ng Oq uyning «yosh shahzoda»ga munosabati tubdan o‘zgaradi, buning ortidan toj kengashi va ruhoniylarning ham unga nisbatan fikrlarida o‘zgarish ro‘y beradi.
Bunday kutilmaganda va yakdil sevgi har doim ham, yumshoqroq qilib aytganda, g‘alati ko‘rinadi va bu yerda boshqa gap — «ikkinchi tub» borligi haqida shubhalar uyg‘ota boshlaydi. MBSda esa u haqiqatdan ham bor. Aniqroq qilib aytiladigan bo‘lsa, unda «ikkinchi tub» ham emas, shunchaki, hokimiyat cho‘qqisi — ikki muqaddas masjid xizmatkori taxtini egallash uchun aniq qilib hisoblangan va chizilgan strategiya bor.
Yakson qilishmaganining o‘zi muvaffaqiyat
Foto: RIA "Novosti"
Qirollik oilasining ko‘p sonli jamg‘armalari, mamlakatning gigant harbiy byudjyeti va «Saudiylar Uyi marvaridi aktivlari», SAUDI ARAMCO neft gigantini bevosita boshqarishga taalluqli jamiki narsa mahalliy va xorijiy, unvonlarga ega bo‘lmagan texnokratlarning vazifasi bo‘lgan. Sulola a'zolari faqatgina qaymoqlarini yig‘ishtirib olib, uni faqat o‘z ehtiyojlari uchun darhol xarjlab yuborish bilangina mashg‘ul bo‘lishgan. «Kichik shahzoda» bu an'anaga barham berib, moliyaviy oqimlarni boshqarish jilovini o‘z qo‘liga oldi. Ajoyib kunlarning birida, uning qarindoshlari ham, turli jamg‘armalar ketidan kun ko‘rib yurgan ruhoniylar ham pul istab qayerga bosh suqishmasin hamma yerda MBS va uning odamlari turganini bilib qolishadi. Yosh shahzodaga muxolifatda bo‘lish moddiy jihatdan nihoyatda zararli ekanligi oydinlashdi-qoldi.
Ibn Noif muammosini alohida qiyinchiliklarsiz eplab olishdi, chunki uning barcha ijobiy sifatlari bir tomonda turgan taqdirda ham, unda mahalliy o‘lchovlar bo‘yicha o‘ta jiddiy hisoblanuvchi bir muammo mavjud edi — uning o‘g‘li yo‘q. Bu esa sulola va qirollik boshlig‘i sifatida uning nomzodini mahalliy arboblar va kiborlar orasida, yumshoqroq qilib aytganda, biroz zaif qilib qo‘yayotgan edi.
AQSh qolayotgan edi. Bu yerda, albatta, pul «rol o‘ynamasdi». «Yosh shahzoda» foydasiga ibn Noifdan voz kechishga faqat biror ulkan narsa unday olardi, buni esa MBSning o‘zidan boshqa inson taklif eta olmasdi. Ana shu «qandaydir» narsani Muhammad ibn Salmon topishga muvaffaq bo‘ldi — Ar-Riyodning Isroilni tan olishi va ikki davlat o‘rtasida keng miqyosli kelishuv imzolanishini va'da qildi. Boz ustiga, u bu loyihaga Saudiyaga bog‘liq, Fors ko‘rfazidan tortib, Iordaniya va boshqalargacha — barcha musulmon davlatlari bosh qo‘shishini kafolatladi. Ko‘z oldilaridan bunday istiqbol turganini ko‘rib, amerikaliklar nafaqat MBSni qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lishdi, agar imkoniyatlari bo‘lganida, ertagayoq unga toj kiydirishardi.
Natijada, barcha uch manfaatdor tomonlar yagona fikrga kelishdi — «kichik shahzoda» valiahd va davlat rahbari bo‘lishga juda ham loyiq.
Iya, u tashabbuskori va rahbari bo‘lgan Yamandagi muvaffaqiyatsiz urush-chi? Saudiya Arabistoni usiz ham jang maydonida shavkatli g‘alabalari bilan dong taratmagan: saudiyaliklarni o‘zini yakson qilib tashlashmagani ham katta muvaffaqiyat, aslida.
Ayol ham odam
Jamoatchilik hayotini modernizatsiya qilish va ayol ham inson ekanligiga shamalar? Yaxshisi kichikroq narsani qurbon qilish kerak — ayollarga mashina ruliga o‘tirishga ruxsat berishmi yo musulmon olamida yetakchilikni qo‘ldan boy berib, u bilan birga boshlardan ham judo bo‘lishmi?
Axir MBSning mahalliy elitaga yoqayotgan jihati — Saudiya Arabistonining Yaqin va O‘rta Sharqdagi gegemonligini qo‘llab-quvvatlash masalasida uning tajovuzkorligi, Eronga nisbatan haddan ziyod, ba'zi o‘rinlarda hattoki irratsional nafrati, uning har qanday yo‘l va vositalar bilan Ar-Riyod irodasini buyurish va hamkorlariga o‘tkazishga bo‘lgan urinishidir — bugun buni «kichik shahzoda»dan Yamandagi husiychilarga qarshi kurashish uchun harbiy kontengent jo‘natish topshirig‘ini olgan Pokiston o‘z tanasida his qilmoqda..
MBS siymosida mahalliy elita musulmon olamida saudiyaliklarning alohida o‘ziga xosligini tasdiqlab olish imkoniyatini ko‘rishmoqda. Amerikaliklar esa Yaqin va O‘rta Sharqni qayta formatlash, jumladan, Eron va «shialar yoyi»ga bog‘liq rejalarining ishonchli va prinsipsiz ijrochisi ko‘rishmoqda. Toki Muhammad ibn Salmon bu ishonchlarga mos kelib turar ekan, uning Saudiya Arabistoni Qirolligi taxti sari tutgan yo‘lida hech bir to‘siq bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
18:07 / 24.12.2024
Saudiya Arabistonidagi ko‘zgusimon megashaharni robotlar quradi
15:04 / 22.12.2024
Magdeburgdagi yarmarkaga hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?
23:55 / 03.12.2024
Saudiya Arabistoni mashinissiz boshqariladigan dunyodagi eng uzun metroni ishga tushirdi
15:20 / 03.12.2024