Sport | 19:44 / 26.07.2017
20575
2 daqiqa o‘qiladi

«Obod»ni ukrainalik investorlar «qutqardi»

Foto: «Obod» klubi

Toshkentning «Obod» klubi Oliy ligadagi faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda «Championat.asia» jamoadagi manbaga asoslanib xabar bergan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, endi klubning Ukrainadan homiylari bor va bu homiylar «Obod»ni moliyalashtiradi. Investorlar aynan kimlar ekani, ular «Obod»ni qay tariqa qo‘lga kiritgani ochiqlanmagan.

«Obod»ni 2-davraga ukrainalik mutaxassis Andrey Demchenko bosh murabbiy sifatida tayyorlamoqda. U 1976 yilda tavallud topgan, Rossiya va Ukraina fuqaroligiga ega.

Demchenko o‘z vaqtida «TsSKA», «Ayaks», «Metallurg-Z» «Ilichevets», «Obolon», «Dachiya», «Gelios» kabi klublarda to‘p surgan. Murabbiy sifatida Zaparojyening «Imeks» klubida ish boshlagan. 2012 yil «Metallurg-Z» klubida faoliyat ko‘rsatgan, keyingi 2 yilda shu klub o‘rinbosarlarini shug‘ullantirgan.

«Obod» Oliy ligadagi navbatdagi o‘yinini 5 avgust kuni Namanganning «Navbahor» klubiga qarshi o‘tkazadi. Jamoa o‘zining uy uchrashuvlarini bungacha «Jar» stadionida o‘tkazib kelayotgandi. Biroq keyinroq o‘zining uy arenasi rekonstruksiya qilinayotgan «Paxtakor» ushbu stadionni ijaraga oldi. Endilikda «Obod» qaysi stadionda o‘yinlarini o‘tkazishi noma'lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid