Jamiyat | 20:41 / 12.09.2017
11670
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida bosqinchilik sodir etgan uch yigit ushlandi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati hududida joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida bosqinchilik jinoyatlari soni keskin pasayishiga erishilgan bo‘lsa-da, lekin baribir bunday qabih ishga qo‘l uradiganlar uchrab turibdi, deya KUN.UZ muxbiriga ma'lum qildi Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati.

2 sentabr kuni Ishtixon tumani, Mirzo qishlog‘ida yashovchi, 1958 yilda tug‘ilgan A'zamxon Rajabov o‘ziga tegishli «Neksiya» avtomashinasida Toshkent shahridan 3 nafar notanish yigitlarni mindirib, ularni Oqdaryo tumani Loyish shaharchasigacha eltib qo‘yishga kelishishadi.

2 sentabrdan 3 sentabrga o‘tar kechasi, tungi soat 01:00 atrofida avtomashina Bulung‘ur tumanidagi «Fozil Yo‘ldosh» MFY hududiga yetib kelgan vaqtda, yigitlar mashinani to‘xtatishadi va haydovchi A.Rajabovni urib, rulni tortib olib, «Yangiariq» mahalla ichki yo‘liga boshqarib ketadi.

Bosqinchilar avtomobil yuk bo‘lmasida bo‘lgan 650 ming so‘m pulni, haydovchining paypog‘iga yashirilgan 1850 AQSh dollarini, avtomobildan 1 dona navigator qurilmasi va 1 dona «Nokia» rusumli uyali telefonni ham olib qo‘yishadi.

A.Rajabovning bosqinchilar tomonidan unga nisbatan amalga oshirilgan noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan ichki ishlar idoralariga yozgan arizasi bo‘yicha Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasining jinoyat-qidiruv boshqarmasi tomonidan va boshqa huquq-tartibot organlarini jalb etilgan holda tezkor tergov-qidiruv ishlari olib boriladi.

Tezkor surishtiruv-qidiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar Toshkent shahrida qo‘lga olindi. Jinoyat Oqdaryo tuman Loyish shaharchasida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan vaqtincha ishsiz S.F., Toshkent viloyati Pskent tumani «Oqtepa» mahallasida yashovchi, 1999 tug‘ilgan B.M. va Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani «Xonobod» mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan B.F. tomonidan sodir etilganligi ma'lum bo‘ldi.

Ularni qulga olish jarayonida unidan A.Rajabovga tegishli avtomobildan olingan «Lexand» rusumli navigator ashyoviy dalil sifatida olindi. Ayni paytda qo‘lga olingan shaxslar ustidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sh.Shokirjonov,

KUN.UZ’ning Samarqanddagi muxbiri.

Mavzuga oid