O‘zbekiston | 13:35 / 05.10.2017
80714
3 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura huzuridagi MIBga yangi vakolatlar berildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 4 oktabrda bo‘lib o‘tgan 12-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yangi vakolatlar taqdim etuvchi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr va gaz tarmoqlaridan, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish asboblaridan foydalanishga oid ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga taalluqli bo‘lishi belgilandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Bankrotlik to‘g‘risida”gi, “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Jinoyat-protsessual, Mehnat, Jinoyat-ijroiya, Fuqarolik protsessual, Xo‘jalik protsessual, Oila, Soliq va Byudjyet kodekslariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi. 

Jumladan, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonun Bosh prokuratura huzurida tuzilgan Majburiy ijro byurosi va uning hududiy bo‘linmalari maqomini belgilab beruvchi yangi norma bilan to‘ldiriladi. Bundan tashqari, bir qator o‘zgartishlarga binoan sud ijrochisi o‘rniga davlat ijrochisi lavozimini kiritish nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek  qonunda O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 101-moddasida nazarda tutilgan umumiy foydalanishdagi issiqlik tarmoqlaridan va issiqlik energiyasini hisobga olish asboblaridan foydalanishga oid ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyalarga taalluqli bo‘lishi belgilangan. 

Mavzuga oid