Jamiyat | 17:40 / 24.11.2017
15802
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning necha foizi Konstitutsiyani o‘qigan? 

Foto: O‘zA

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi.

So‘rovning ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi, ya'ni 69%i «Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘qiganmisiz?» degan savolga ijobiy javobni tanladi, har uchinchi respondent Asosiy Qonunning mazmuni bilan umumiy jihatdan tanishgan. Konstitutsiyaning asosiy qoidalari haqida xabardorligini bildirgan respondentlar o‘rtasida  oliy ma'lumotli fuqarolar, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va talabalar ustunlik qiladi. Alohida ta'kidlash joizki, ko‘pchilik yoshlar Konstitutsiyaning mazmuni bilan yaxshi tanish ekanliklarini bildirishdi, erkaklar Konstitutsiyaning mazmuni haqida ayollarga nisbatan yaxshi xabardordir.

Tadqiqot fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmuni bilan tanishish uchun zarur bo‘lgan sabablarni aniqlashga imkon berdi. So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi Konstitutsiyani o‘z tashabbusi bilan o‘rgangan, chunki ular har bir fuqaro mamlakatning Asosiy Qonunini bilishi kerak, deb hisoblashadi. Fuqarolarning uchdan bir qismdan ko‘prog‘i Konstitutsiyani ta'lim olish jarayonida o‘rgangan. Olingan natijalarga muvofiq, bo‘sh vaqt va zaruratning yo‘qligi fuqarolarning Konstitutsiya matni bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmaganliklarining asosiy sababi hisoblanadi. 

So‘rov fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘z tuzilishi, yo‘nalishi bo‘yicha ilgari O‘zbekiston hududida amalda bo‘lgan Konstitutsiyalardan tubdan farq qilishi haqidagi fikrini aniqladi. O‘zbekistonliklarning fikricha, uning o‘ziga xosligi shundan iboratki, Konstitutsiya mustaqil, demokratik davlat bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasining mavjudligi holatining o‘zidan kelib chiqadi.

Konstitutsiya birinchidan oxirgi moddasigacha, fuqarolarning fikricha, mustaqillik va demokratiya g‘oyalari bilan sug‘orilgandir. Fuqarolar so‘rov jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlari sohasidagi jahon hamjamiyatining yutuqlariga asoslanadi, unda jinsiga, millatiga, irqiga, yoshiga, mulkiy ahvoliga, diniy e'tiqodiga va h.k.larga bog‘liq holatda u yoki bu darajada inson huquqlarini kamsitadigan birorta ham modda yo‘q, degan fikrni bildirishdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida demokratiyaning asos bo‘luvchi mohiyati mustahkamlangan, unga muvofiq «xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir». 

Fuqarolarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining umuminsoniy qoidalarga asoslanishi uning kuchli tomoni bo‘lib hisoblanadi. Unga muvofiq inson, uning hayoti (24-modda), erkinligi va shaxsiy daxlsizligi (25-modda), sha'ni va qadri (25-modda) hamda mulk huquqi (36-modda), mehnat qilish va haq to‘lanadigan dam olish, keksalikda ijtimoiy ta'minlanish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, ta'lim olish (37-41-moddalar) kabi ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

80,6% o‘zbekistonliklarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi matni o‘zining lo‘ndaligi, ifodalarning aniqligi bilan ajralib turadi, Asosiy Qonunning matni aholining keng tabaqalariga tushunarlidir, bu uni «kuchsiz tomonlari bo‘lmagan mukammal hujjatga aylantiradi».   

So‘rovda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ijtimoiy roli, uning aynan nimada namoyon bo‘lishi haqida mamlakat fuqarolarining tasavvurlari aniqlandi. Olingan natijalarga muvofiq, o‘zbekistonliklarning hisoblashicha, mamlakat Konstitutsiyasining ijtimoiy roli fuqarolarning ta'lim olish, mehnat qilish, ijtimoiy ta'minlanish, sog‘liqni saqlash va tibbiy ta'minlanish kabi ijtimoiy huquqlarining ta'minlanishida namoyon bo‘ladi.  

So‘ralganlarning fikricha, mamlakat Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan normalar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodlari, shaxsiy va ijtimoiy mavqelarga qaramasdan fuqarolar uchun qonun oldida teng ijtimoiy huquqlarni ta'minlaydi.

Fuqarolarning fikricha,  Konstitutsiyaning siyosiy roli shunda namoyon bo‘lmoqdaki, Asosiy Qonun mamlakat mustaqilligi va suverenitetini e'lon qildi, u O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarini boshqarmoqda va tartibga solmoqda, mamlakatning xalqaro maydonda yanada rivojlanishiga yordam bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining huquqiy roli shundan iboratki, o‘zbekistonliklarning fikricha, mamlakat Konstitutsiyasining qabul qilinishi tufayli jamiyatdagi, fuqarolar va davlat o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish huquqiy va qonuniy asosga ega bo‘ldi, xalq irodasini ifodalovchi normalar uning tamal toshi bo‘lib hisoblanadi.

Umuman olganda, mutlaq ko‘pchilik fuqarolarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umume'tirof etilgan demokratik qoidalarni amalga oshirishga imkon beruvchi demokratik huquqiy tizimning o‘zagi bo‘lib hisoblanadi, ayni paytda O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yaxlitligini ta'minlaydi. 

So‘rovning ko‘rsatishicha, aholining hisoblashiga ko‘ra, qasamyod qilish «O‘zbekiston Respublikasiga sodiqlikning ko‘rinishi» sanaladi, o‘zbekistonliklarning fikricha, mamlakat fuqarolari o‘zlari yashayotgan mamlakat qonunlarini bilishlari va bajarishlari shart, qasamyod fuqarolar tomonidan davlat va jamiyat oldidagi o‘z burchini hamda o‘z xatti-harakatlari va qilmishlari uchun mas'uliyat darajasini anglashga yordam beradi. 

So‘rov jarayonida fuqarolarning fikrlarida o‘z konstitutsiyaviy huquqlarining ta'minlanganligi va himoyalanganligiga tegishli masalalarda yuqori barqaror ko‘rsatkichlar qayd qilindi. Fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 94,8%i O‘zbekistonda o‘z asosiy konstitutsiyaviy huquqlarini to‘la darajada ta'minlangan, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid