Jamiyat | 09:26 / 29.12.2017
83398
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori qamoqda saqlanmoqda

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori Natalya Temirova ayni vaqtda qamoqda saqlanmoqda. Unga nisbatan davlat byudjyeti mablag‘larini yirik miqdorda talon-toroj qilish, yuridik kollejga noqonuniy yo‘l bilan o‘qishga kirgan talabalarga diplomlar berish kabi ayblovlar ilgari surilmoqda. Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonov jurnalistlar savoliga javob berar ekan, shu haqda ma'lum qildi. 

Dehqonovning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil 25 noyabrda Temirova O‘zR Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”bandi, 205-moddasi 1-qismi, 206-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan. U ayni vaqtda ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda. Ayni vaqtda tergov jarayoni davom etmoqda. 

Shu bilan birga, yuridik kollejda ikki kursdoshiga pichoq sanchib, birining hayotdan ko‘z yumishiga, ikkinchisining og‘ir tan jarohati olishiga sabab bo‘lgan 3-kurs talabasi Saidkamron Saidvaliyev sodir etgan jinoiy ishi bo‘yicha tergov jarayoni yakunlanib, ayni vaqtda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 6 oktabr kuni mazkur kollej hududida 3-kurs talabalari o‘rtasida janjal chiqqan, Saidkamron Saidvaliyev o‘zining ikki kollejdoshi — Asadbek Parpiboyev va Rahmatilla Yorqoriyevga pichoq bilan tan jarohati yetkazgan edi. Jabrlanuvchilarning biri — Asadbek Parpiboyev shifoxonaga olib borilganida ko‘p qon yo‘qotishidan vafot etgan. Rahmatilla Yorqoriyev tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. 

Mavzuga oid