O‘zbekiston | 09:50 / 06.01.2018
27601
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi Moliya vazirligiga 490 yigit-qizni tavsiya qildi

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga murojaatnomasida moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratib, sohani nopok kadrlardan tozalash zarurligini ta'kidladi. 

O‘zA xabariga ko‘ra, shu kunlarda Moliya vazirligida bu borada qator amaliy sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Vazirlik va uning quyi bo‘g‘inlaridagi vakant ish o‘rinlariga yuksak ma'naviyatli, yangicha fikrlaydigan, bilimli, tashabbuskor, halol va fidoyi yoshlarni jalb qilish, yangi avlod kadrlari zaxirasini yaratish borasida aniq vazifalar belgilandi. 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mamlakatdagi iqtisodiyot yo‘nalishiga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda moliya organlariga ishga qabul qilish uchun faol yoshlar va talabalardan nomzodlar zaxirasini yaratish borasida ishlarni boshlab yubordi. Yoshlar ittifoqining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda berilgan e'lonlar asosida moliya organlarida ishlash istagini bildirgan 3 ming 100 dan ziyod yigit-qiz orasidan 490 nafari saralanib, Moliya vazirligiga tavsiya etildi. Shuningdek, vazirlikning Yoshlar yetakchilari kengashiga ham sohada ishlashni maqsad qilgan 90 dan ortiq yoshning hujjatlari kelib tushgan. 

Ta'kidlanishicha, ayni kunlarda Moliya vazirligi tizimidagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini zamonaviy ko‘nikmalar, innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan, Vatanni sevadigan, xalqparvar kadrlar, fidoyi yosh mutaxassislar bilan to‘ldirish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Qayd etilishicha, vazirlik mutasaddilari prezidentning murojaatnomasida bildirilgan tanqidiy fikrlar asosida o‘z faoliyatlarini tahlil qilib, qaytadan ko‘rib chiqmoqda.

Mavzuga oid