O‘zbekistonning davlat qarzi 26 mlrd dollar atrofida saqlanib qoldi
26 milliardning chorak qismi budjet kamomadini yopish uchun olingan. Global inflatsiya sabab jahonda foiz stavkalari oshib ketgani O‘zbekiston hukumatini avvalgi yillardagi kabi faol qarz olishdan tiyib turibdi. Olingan qarzlarni foizi bilan qaytarish xarajatlari olti oyda 1,1 mlrd dollarni tashkil etgan.
Moliya vazirligi 2022 yilning I yarim yilligi uchun tashqi qarz holati va dinamikasi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, davlat qarzi 2022 yilning 1 iyul holatiga 26 mlrd dollarni (shundan davlat tashqi qarzi – 23,26 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 2,77 mlrd dollar) yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 35,1 foizni tashkil etgan.
«2022 yil boshidan davlat qarzi qoldig‘i (AQSh dollari ekv.) 1 foizga kamaydi. Bunda, davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 792,5 mln dollar miqdoridagi davlat qarzi so‘ndirildi», – deyiladi hisobotda.
Joriy yil uchun davlat nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar miqdorida belgilangan.
I yarim yillik davomida yangi imzolangan davlat tashqi qarz bitimlarining hajmi 1,6 mlrd dollarni, davlat budjetini moliyalashtirish uchun chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi 2 trln so‘mni tashkil etgan.
Hisobot davrida davlat ichki qarzi 41,4 mln dollarga ko‘paygan bo‘lsa, davlat tashqi qarzi 302,9 mln dollarga kamaygan.
2022 yil I yarim yilligi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 25,8 foizi yoki 6 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 11,8 foizi yoki 2,7 mlrd dollari elektr-energetika sohasiga, 12,8 foizi yoki 3 mlrd dollari energetika sohasiga, 10,6 foizi yoki 2,5 mlrd dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,4 foizi yoki 2,4 mlrd dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,5 foizi yoki 2,2 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan.
2022 yilning I yarim yilligi davomida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish (qarzlarni foizi bilan qaytarish) jami xarajatlari 1 mlrd 122,1 mln dollarni tashkil etgan. Shundan 596,6 mln dollari davlat budjetidan, 525,4 mln dollari davlat korxonalari mablag‘lariga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,4 mlrd dollar), Jahon banki (4,4 mlrd dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
“O‘zbekiston Respublikasining asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarning davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan”, – deyilgan Moliya vazirligi izohida.
Umuman olganda, I yarim yillik davomida O‘zbekiston tashqi qarzining kamayishiga 2ta omil ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Birinchidan, dastlabki yarim yillik odatda olingan qarzlarni qaytarish davri hisoblanadi va tashqi qarz jalb qilish faol ravishda amalga oshirilmaydi. Xususan, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov iyul oyida parlamentdagi chiqishida 2022 yildagi budjet taqchilligi darajasi 3 foiz emas, balki 4 foizgacha oshirilishini ma’lum qilgandi. Bu esa qo‘shimcha 8–8,5 trln so‘m davlat xarajatlariga teng bo‘lishi mumkin. Odatda budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun tashqi va ichki qarz mablag‘lari jalb qilinadi.
Ikkinchidan, global inflyatsion holat fonida FRT va Yevropa Markaziy bankining qattiqlashtirish siyosati va foizlarni oshirishi xalqaro bozorlarda qarz va kapital narxini keskin qimmatlashtirib yubordi. Bu esa O‘zbekistonga o‘xshagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ijobiy holat emas va tashqi qarz jalb qilishni qiyinlashtiradi.
«Global beqarorlik sababli jahonda qarz olish qimmatlashib, O‘zbekistonning moliyaviy buferi cheklanib qoldi. Budjet defitsiti esa ortib boryapti. Hozirgi vaziyat asosiy e’tiborni inflatsiyaga qaratish, budjet xarajatlarini qisqartirish va xususiy mablag‘larni ko‘proq jalb qilishni taqozo etadi», deya ta’kidlagandi moliya vaziri Timur Ishmetov.
Jahon banki (JB) oxirgi prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘zining qarz olish cheklovlariga rioya qilishda davom etishi kutilmoqda. Davlat qarzi va umumiy tashqi qarz 2024 yil oxiriga kelib YaIMning mos ravishda 32 va 55 foizigacha bosqichma-bosqich kamayishi mumkin.
Avvalroq, «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi belgilangan edi.
Mavzuga oid
16:56 / 07.12.2024
Xitoy kreditlarining ikkita asosiy xavfi aytildi
19:22 / 05.12.2024
2024 yil uchun tashqi qarz limiti 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:21 / 29.10.2024