Jamiyat | 19:16 / 07.04.2018
40121
4 daqiqa o‘qiladi

Bolalar bog‘chasiga onlayn yo‘llanma olish mumkin

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining 28.03.2018 yildagi 244-son qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga (MTM) qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Norma.
 
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab bolalarni davlat MTMga rasmiylashtirish, shu jumladan, navbatga qo‘yish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali amalga oshiriladi.
 
Eslatib o‘tamiz, ilgari bolalar bog‘chalariga yo‘llanmalar tuman maktabgacha ta'lim bo‘limlari huzuridagi tegishli qabul komissiyalari tomonidan berilar edi.  
 
Ushbu maqsadda tegishli reglament tasdiqlandi, barcha tuman maktabgacha ta'lim bo‘limlari va bolalar bog‘chalari esa YaIDXPga ulanadi. Portalda bolalarni MTMga qabul qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartiboti joriy etiladi.
 
Reglament bilan joriy etilgan tartib bolalarni davlat ixtisoslashtirilgan MTMga qabul qilishda tatbiq etilmaydi.
 
Bolalarni MTMga rasmiylashtirish tartiboti
 
Ota-onalar yo‘llanmalar olish uchun belgilangan shakldagi anketani to‘ldirgan holda Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelgan holda murojaat qiladilar yoki elektron tarzda davlat xizmatlari olish uchun YaIDXPda ro‘yxatga olinadilar.
 
Arizachi anketani elektron raqamli imzo (ERI) bilan tasdiqlaydi. Bunda Davlat xizmatlari markazlari arizachilar tomonidan joyida ERIni olish uchun barcha zarur shartlarni ta'minlashi shart. ERI mavjud bo‘lmasa – xizmat ko‘rsatilmaydi.
 
Farzandni muassasaga qabul qilishning kichik yoshga (3 yoshga) yetgunigacha navbatga qo‘yish mumkin, biroq yo‘llanma faqat belgilangan yoshga yetgandan keyin beriladi.
 
Bolalarni bog‘chaga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari – bepul. 
 
MTMga qabul qilish bo‘yicha elektron hamkorlik
 
Barcha MTMlar har oyda mavjud bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risida ma'lumotni tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga yuboradilar. Tuman bo‘limlari bo‘sh o‘rinlarning elektron hisobini yuritib, bolalarni qabul qilish bo‘yicha elektron navbatlarni shakllantiradilar va yo‘llanmalar beradilar, ular asosida bog‘chalar bolalarni qabul qiladilar.
 
Bundan tashqari, tuman bo‘limlari o‘z rasmiy veb-saytlarida quyidagilarni ko‘rsatgan holda o‘z tasarruflaridagi barcha bog‘chalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni joylashtiradilar va muntazam yangilab boradilar:

• muassasadagi o‘rinlar soni va bo‘sh o‘rinlarning mavjudligi;
• anketalarning umumiy ro‘yxati;
• anketalarning imtiyozli ro‘yxati.
 
Bolalarning quyidagi kontingenti anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi:

• nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari;
• uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari;
• harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari;
• talabalar va pedagoglarning bolalari;
• yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
• boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar;
• akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar.
 
Arizachilarda ustunlik huquqining mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumot anketada ko‘rsatiladi.
 
Anketalar Davlat xizmatlari markazlarida yoki YaIDXP orqali rasmiylashtirilgandan keyin tegishli tuman xalq ta'limi bo‘limiga darhol yo‘llanadi. Shundan keyin 1 ish kuni mobaynida arizachilarga yo‘llanmalar beriladi yoki navbatga kiritilishi rasmiylashtiriladi.
 
Hujjat 1.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid