09:11 / 03.02.2024
68083

O‘zbekistonda sanatoriyga bepul yo‘llanmani kimlar olishi mumkinligi ma’lum qilindi

Ayrim toifa fuqarolar bu imkoniyatdan har yili, boshqalar esa ikki va uch yilda bir foydalanishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy milliy himoya agentligi sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladigan shaxslar toifalari ro‘yxatini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, bir yilda bir marotaba — navbat asosida:

  • urushda nogironlikni orttirgan shaxslarga tenglashtirilgan fuqarolar;
  • Respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan, shuningdek, Chernobil AES halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga;

Ikki yilda bir marotaba — navbat asosida:

  • urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlariga (beva erlariga);
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bor shaxsni kuzatib boruvchi fuqaroga;

Uch yilda bir marotaba — navbat asosida:

  • yoshga doir pensiya oluvchilarga.

Ma’lumot uchun, respublika bo‘ylab Agentlik tasarrufidagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylarni qabul qilishning bir vaqtdagi qabul quvvati 1 722 nafar, yillik quvvati 51 660 nafarni tashkil etadi.

Bugungi kunda sanatoriyga yo‘llanma uchun navbatda turgan shaxslar umumiy soni 352 000 dan ziyod.

2024 yil yanvar oyi holatida O‘zbekistonda 3,9 mln nafar pensiya oluvchi bor.

Top