O‘zbekiston | 11:15 / 10.08.2018
37791
3 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov: «Bosh vazir o‘rinbosarlari institutini tugatish kerak»

Foto: Repost.uz

Kadrlar bo‘yicha o‘zgarishlardan bosh aylanib ketmoqda. Mansabdorlar bir kursidan ikkinchisiga qandaydir yorug‘lik tezligi bilan o‘tkazilmoqda, deydi iqtisodchi Yuliy Yusupov.

«Endigina tayinlandi, endigina masalani tushuna boshladi, boz ustiga bu sohada ilgari ishlamagan, uni esa yana yangi bir yo‘nalishga tashlashmoqda. Kimnidir - ko‘tarilish bilan, kimnidir - pasaytirish bilan, kimnidir - shunchaki gorizontal holda (xuddi maydonda tepilayotgan to‘p kabi, bir idoradan boshqasiga). 

Tushunaman, davlat apparatida kadrlar borasida juda katta yetishmovchilik bor. Mansabdorlarning asosiy qismi mutlaqo tashabbussiz bo‘lib, boshliqlarining buyruqlaridan boshqa hech narsani qila olmaydilar. Biroq, kadrlar bo‘yicha o‘zgarishlar bu muammoni hal qilmaydi, faqatgina kuchaytiradi. Mansabdorlar ertaga qaysi kursiga o‘tkazilishlari mumkinligini bilmasligi hisobga olinsa, ular deyarli bir kunlik hayot bilan yashashmoqda: prezident, bosh vazir, vazir, hokim va hokazolarning nazariga tezroq tushish - keyingi o‘zgarishlarda pastga tushib ketmaslik uchun», - deya ta'kidlaydi u.

Yuliy Yusupovning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston ancha oldin va'da qilingan ma'muriy islohotga muhtoj. Davlat boshqaruvi organlari, birinchi navbatda, ijro etuvchi hokimiyatning barcha funksiyalari va vakolatlari tubdan qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Vazirlar o‘zlarining harakatlar dasturlarini amalga oshirishda, kadrlarni tanlash va joylashtirishda keng vakolatlarga ega bo‘lgan siyosiy shaxslarga aylanishlari kerak. Bu kabi vazirlarni shaxsiyat bo‘yicha emas, balki dasturlar orqali tanlash darkor. Bosh vazir o‘rinbosarlari instituti, xuddi anaxronizm (o‘z zamonasiga mos kelmaydigan eski qarashlar, urf-odatlar; eskilik, sarqit - tah.) kabi, tugatilishi kerak.

«Bosh vazir yo‘q bo‘lganida uning vazifasini bajarib turishi mumkin bo‘lgan bitta bosh vazir o‘rinbosari bo‘lsa yetarli. Barcha yarim davlat assotsiatsiyalari, konsernlar, xoldinglar yoki tijorat tuzilmalariga, yoki davlat agentliklari yoxud qo‘mitalarga aylantirilishi kerak. Boshqaruvni markazsizlashtirish lozim: mahalliy hokimiyatlarning mahalliy aholiga bo‘ysungan holda huquqlarini kengaytirish - jamoatchilik nazorati va saylovlar mexanizmlari orqali (bizda yangi feodallar paydo bo‘lmasligi uchun). Va shunga o‘xshash boshqa narsalar. Hammasini qisqa xabarga sig‘dirib bo‘lmaydi.

Bularning bari yoki deyarli barchasi Ma'muriy islohotlar konsepsiyasida bor. Ammo, afsuski, u yerda eng muhim narsa yo‘q - uni amalga oshirish mexanizmlarining tavsifi. Shu sababdan ham ma'muriy islohotlar kadrlar o‘zgarishi bilan almashib ketmoqda. Islohotni qachon amalga oshira boshlaymiz?» - deya xulosa qilgan u.

Ekspert mashinalar narxi haqida: «O‘zimiz aybdormiz! Xaridorlar sifatida emas, fuqarolar sifatida»

Mavzuga oid