O‘zbekiston | 00:44 / 04.10.2018
13095
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab velosayohat: 70 yoshli otaxonga yangi velosiped sovg‘a qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 3 oktabr kuni start berilgan "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston bo‘ylab velosipedda sayohat qilgan Muhammad ota Qudratovga yangi velosipedni topshirdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil" dasturining eng faxriy ishtirokchisi 64 kun ichida 4000 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tgan va shu tariqa O‘zbekistonning barcha hududlarida bo‘lgan.

Foto: Kamil Yenikeyev

Bundan avval KUN.UZ'da 2018 yilning 7 aprel kuni Buxoro viloyati, Peshku tumanida istiqomat qiluvchi, 70 yoshni qarshi olgan Muhammad ota Qudratov O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish maqsadida velosiped orqali o‘z sayohatini boshlagani haqida xabar berilgan edi.

Sayohatchi otaxon Buxoro – Samarqand – Toshkent – Namangan – Farg‘ona – Andijon – Termiz – Qarshi – Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha sayohatni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Foto: Kamil Yenikeyev

«Bu sayohat orqali yurtimizda ichki turizmni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman», – deb ta'kidlagandi Muhammad ota.

Bugun u o‘z niyatiga erishdi va bundan juda xursand ekanini yashirmadi. Otaxon o‘z misolida tengdoshlari va yoshlarni sog‘lom hayot tarziga rioya qilish, sport bilan shug‘ullanish va O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga chorladi.

Mavzuga oid