Jamiyat | 15:50 / 14.10.2018
7055
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqidiy maqoladan so‘ng. Davlat xizmatlari agentligi aralashuvi bilan Sergelida aholi muammolari hal qilindi

Joriy yilning 28 sentabr kuni «Kun.uz» saytida «Toshkent shahrida prezident farmoni ijrosi nega ta'minlanmayapti?» sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri, Sergeli tumani Davlat xizmatlari Markazlariga Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish uchun 2018 yil 28 sentabr holatiga ko‘ra 60 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, shu kunga qadar ularni ko‘rib chiqish va ijrosini ta'minlash paysalga solib kelinmoqda edi.

Ammo tanqidiy maqola e'lon qilinishi, shuningdek Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi aralashuvidan so‘ng Sergeli tumanidagi 26ta noqonuniy yakka tartibdagi uy-joyga nisbatan mulk huquqi e'tirof etish bo‘yicha tuman hokimi qarori qabul qilindi. Bu haqda «Kun.uz»ga Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi xabar bermoqda.

«Uchtepa, Yashnobod hamda Shayxontohur tumanlarida ham arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni faollashib, kelib tushgan arizalar bo‘yicha fuqarolarga vakolatli organlar tomonidan ijobiy xulosalar taqdim etish holatlari ko‘payib bormoqda.

Mazkur holat Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yayotgan vakolatli davlat organlarini faqatgina intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortish jazo choralarini qo‘llash bilangina emas, balki ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilik nazorati ostida ularning faoliyatiga baho berib borilishi ko‘proq o‘z samarasini berishidan dalolat beradi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid