O‘zbekiston | 11:21 / 31.10.2018
18661
2 daqiqa o‘qiladi

10-11-sinf o‘quvchilarining kasbga o‘rgatish malaka talablari belgilandi

Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazining qarori bilan umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilariga o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar bo‘yicha malaka talablari tasdiqlandi.

Malaka talablari o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar bo‘yicha 10-11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatishning zaruriy bilimlar mazmuniga va amaliy ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablar, o‘quv yuklamalari hajmi va bajarilishining nazoratini belgilab beradi.

Malaka talablari kasbga o‘rgatish sifati va darajasini baholashda asosiy mezon hisoblanadi.

Malaka talablari o‘zining idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, barcha o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tomonidan tatbiq etilishi majburiydir.

Kasbga o‘rgatish ta'lim dasturining nazariy va amaliy mashg‘ulotlarini to‘liq o‘zlashtirgan, mazkur Malaka talablarini to‘liq bajargan va yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan umumiy o‘rta ta'lim maktabining o‘quv-ishlab chiqarish majmualari bitiruvchilariga mehnat qilish huquqini beruvchi kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.

Kasbga o‘rgatish dasturining komponentlariga muayyan kasb bo‘yicha bitiruvchilarga kasbiy fanlar o‘rgatishning muddati, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlari tarkibi, hajmi va mazmunini belgilovchi hujjatlar kiradi.

O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini 10 va 11-sinflarda kasbga o‘rgatish dasturi 2 o‘quv yiliga mo‘ljallangan bo‘lib, har haftada 1 kun 6 soatdan, jami 408 soat hajmida amalga oshiriladi.

O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘rgatiladigan kasblarning o‘quv rejasi tarkibiy qismlarga bo‘linadi.

Mavzuga oid