O‘zbekiston | 09:44 / 31.10.2018
10730
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning Aju universiteti Toshkentda filial ochishni rejalashtirmoqda

Foto: trungcapbacninh.edu.vn

Joriy yilning 29 oktabr kuni Moliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Aju universiteti (Janubiy Koreya) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Aju universitetining Xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Jay Ik Lim, Xalqaro aloqalar bo‘yicha professor Jun Xung Cho, xalqaro aloqalar bo‘limi direktori Jay Yun Xim ishtirok etishdi.

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Uchrashuv davomida Toshkentda Adju universiteti kampusi va filialini ochish masalasi muhokama qilindi. 

Ma'lum qilinishicha, tashkil etilishi kutilayotgan filialda talabalar arxitektura, elektron muhandislik, muhandislik tizimlarini qurish kabi yo‘nalishlarda tahsil olish imkoniga ega bo‘lishadi. 

Talabalarni qabul qilish 2019 yilning kuzida boshlanishi kutilmoqda va qabul kvotasi 420 talabaga mo‘ljallangan. Darslar ingliz tilida olib boriladi. Shuningdek, 2020 yil sentabr oyidan o‘quv dasturiga koreys tilini kiritish ko‘rib chiqilmoqda.

O‘z navbatida, Moliya vazirligi ushbu loyihani amalga oshirishga kompleks yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati talabalar uchun grant dasturlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning boshqa masalalarini ham muhokama etdilar.

Mavzuga oid