Light | 15:20 / 09.06.2019
18422
9 daqiqa o‘qiladi

Tejamkorlikdan tushkunlik emas, rohat olishning 9 yo‘li

Muammoga boshqa ko‘z bilan boqing va yangi imkoniyatlarga ega bo‘ling. 

Biz iqtisod qilish deganda xarajatlarni qisqartirish, kamroq sarf va xursandchiliklarsiz hayot tarzini yuritishni tushunamiz. Aslida esa o‘zini hamma narsalardan cheklamagan holda ham tejamkorlikka rioya qilish yo‘llari yetarli.

1. Erishmoqchi bo‘lgan maqsadingizni aniq belgilang
Shunchaki tejamkor bo‘lish uchun tejashdan ish chiqmaydi. Kamida nimagadir yetishishni niyat qilish kerak. Masalan, «yaxshi yashamoqchiman» marrasi to‘g‘ri kelmaydi: sezish va ushlash mumkin bo‘lgan moddiy narsani tanlang.

Muayyan yo‘nalishni tanlash orqali siz aynan nima uchun pul yig‘ayotganingizni va bu qancha vaqt davom etishini teran anglaysiz.

Misol uchun, siz ipoteka orqali uy olmoqchisiz va boshlang‘ich to‘lovni yig‘ishingiz kerak yoki keyingi yil yozni farzandlaringiz bilan chet el sayohatga otlanmoqchisiz. Birinchi navbatda sizga zarur miqdorni oylarga keyin esa kunlarga bo‘lib chiqamiz. Shu orqali bir kunda qanchagacha tejashingiz ravshanlashadi.

2. Shopping o‘rniga boshqa ko‘ngilochar mashg‘ulot topamiz
Aksariyat odamlar uchun do‘konlardagi xaridlar tushkunlikdan qutulish va kayfiyatni ko‘tarish vositasidir. Yangi ko‘ylak, yana bir kosmetik jihoz yoki baliq ovi uchun mo‘ljallangan o‘zgacha turdagi qarmoq sotib olib biz o‘zimizni bir qancha muddat baxtliroq sezishimiz mumkin. Bundan kelib chiqadiki, oldi-sotdi bu zavq manbaidir, xarid qilgan mahsulotimiz esa bizga unchalik ham kerak emas. Bu usuldagi quvvat olish va kayfiyat ko‘tarish usuli budjetimiz kushandasiku axir?

Baxsizlik hissidan qutulish uchungina pulni sovurish haqiqiy fojiadir.

Sizga pozitiv ruhiyat va shijoat bag‘ishlovchi boshqa usul o‘ylab toping: oila davrasidagi kechki ovqat, do‘stlar bilan diydor, kechki kitob mutolaasi yoki sayr. O‘zingizni savdo markazlari quchog‘iga urishdan qochish uchun kundalik ishlaringizdan zavq olishni o‘rganing. 

Agar g‘amginlikka berilib oyligingizning yarmini sovurishga tayyor turganingizni sezsangiz, o‘zingizni to‘xtating. Savdo markazi yonidan o‘tib, bolalar maydonchasi tomon buriling va mazza qilib arg‘imchoq uching.

3. Mayda xarjlarga yo‘q deng
Mayda xarjlarga yo‘l-yo‘lakay olingan kofe, nonvoyxonada is taratgan pishiriq, sirniklar, yogurt, ishga taksida borish, sigaretlar, biznes-lanch va boshqalar kirishi mumkin. Biz ularni odatda yetarlicha baholamaymiz, so‘ng esa osongina pul ishlatib qo‘yamiz. 

Hamma narsani mutloq cheklash shart emas, bunda hayotga qiziqish so‘nib boradi.

Avvalo pul qaysi narsaga ko‘p ketayotganini aniqlash kerak. Keyin yo bu mahsulotdan voz kechamiz yoki uning o‘rnini arzonrog‘iga almashtiramiz. Hayotingizni kofesiz tasavvur qila olmasangiz, undan voz kechmang. Lekin agar mabodo sizga tushkunlik keltirmaydigan birgina iloj topilsa ham, uni sinab ko‘ring. Shunda stressga berilmagan holatda iqtisod qilishni boshlaysiz.

Yodda tutish lozim: tejagan mablag‘ingizni boshqa yo‘llarda sarflab yubormang. Ularni o‘z maqsadingiz sari asrash zarur.

4. Tasavvur qiling, bu o‘yin
Agar siz qizg‘in, tez berilib ketadigan odam bo‘lsangiz, o‘zingiz uchun moliyaviy chellenj tashkil qiling. Do‘stingiz yoki shaxsan o‘zingiz bilan garov bog‘lang va yutuq qo‘ying. O‘yinga kirishib ketib siz chegaralarni buzmaysiz, tajriba sinovi esa pulni o‘ylab sarflashga o‘rgatadi. Chellenj har xil turda bo‘lishi mumkin. Masalan: 

  • 100 ming so‘mga 7 kun o‘tkazish;
  • kun davomida yo‘lkiradan tashqari pul ishlatmaslik;
  • pul sarflashni talab qiluvchi muayyan narsadan (kofe, shokolad, biznes-lanch) hafta davomida tiyilish.

5. O‘zingizni to‘liq hamma narsadan cheklamang

Iqtisod qilish faoliyati sizning hayot tarzingizga mos bo‘lishi kerak. Oshirib yuborsangiz, tushkunlikka tushib o‘zingizga rahmingiz kelishni boshlashi va oxir-oqibat kutilmagan xaridni amalga oshirib qo‘yishingiz mumkin. Bu xuddi ozishga harakat qilishga o‘xshaydi: avval qattiq diyeta boshlaysiz va to‘satdan qo‘lingizda shokolad paydo bo‘ladi. 

Qattiq kirishmang va o‘zingizga g‘amxo‘r bo‘ling. Hamma narsani yig‘ishtirib suv va non bilan yashash nega kerak? Mayda narsalardan boshlang va o‘zingizni asta -sekin ko‘niktirishga harakat qiling. 

6. Yangi usullar o‘ylab toping
Iqtisod faqatgina qattiq cheklovdan iborat emas. Hozirgi kunda yangidan-yangi usullar paydo bo‘lmoqda. Masalan, cashback kartalardan foydalanish mumkin. Do‘konlarning chegirmali mavsumini kutish ham foydali.

Agar telefonga juda ko‘p pul ketyapti, deb hisoblasangiz, tarif rejani yoki aloqa kompaniyasini arzonrog‘iga o‘zgartiring. Bozorlarga kechki payt narxlar tushganda tashrif buyuring. 

Ozroq vaqt olishi mumkin, lekin bular ortiqcha ruhiy qiyinchiliklarsiz moliyaviy holatni yaxshilashga haqiqatan ham yordam beradi.

Oyiga atigi 100 ming so‘mdan tejasangiz ham bu bir yilda million so‘mdan oshib ketadi.

7. Omonat kassadan foydalaning

Omonat kassalar orqali yig‘ilgan pulingiz miqdorini doimo ko‘paytirib borasiz va uni tasodifiy sarflardan saqlaysiz. 

Agar uni qaytarib olishga ko‘p vaqt ketadi deb o‘ylasangiz, pul yig‘ishga mo‘ljallangan «kopilka»dan foydalanish ham mumkin.

8. Orzular ro‘yxatini tuzing
Xariddan voz kechish qobiliyati ishdan chiqadigan holatlar ham uchrab turadi, o‘zimizni to‘xtata olmasligimiz mumkin. Do‘konda ajoyib narsa ko‘rib qoldingiz va yana yetmaganday unga chegirma e'lon qilishibdi: shoyi ko‘ylak, smart-soat, yangi to‘plamdan krossovka. Sizda buni sotib olmaslikning hech qanday iloji yo‘q, lekin sarf budjetingizni yemiradi. Agar pul ishlatsangiz rejalaringiz barbod bo‘ladi.

Shunday bahsli vaziyatdan qochish uchun orzularingiz ro‘yxatiga ega bo‘ling. Unga o‘zingiz judayam yetishishni orzu qilgan istaklaringizni yozing va vaqti vaqti bilan unga ko‘z yugurtirib turing.

Sotib olishni qancha ko‘p istaganingiz sari, shuncha ko‘p o‘tkinchi zaiflikka uchrashingizga amin bo‘lasiz.

Lekin odatda kun o‘tgan sayin qiziqishlar so‘nib boradi. Agar sizda ham shunday bo‘lsa, keraksiz buyumni wishlist’dan o‘chiring. O‘zgarishsiz qolsa uni do‘stlaringiz yoki ota-onangizdan tug‘ilgan kuningizga sovg‘a qilishlarini so‘rashingiz ham mumkin. Ular sovg‘a tanlash borasidagi bosh og‘riqdan qutulishadi, siz orzungizga erishasiz.

9. Muammoga munosabatingizni o‘zgartiring
Biz pul yig‘ishda duch keladigan bir tushuncha ham mavjud: nima uchun noaniq bo‘lgan kelajak uchun hozirgi haqiqiy istaklardan voz kechish kerak?

Iqtisodchi Shlomo Bernarsi ajoyib yechimni ilgari surgan: «Bugungiga qaraganda ertaga ko‘proq pul yig‘ish lozim». «Ertaga» o‘z ma'nosida emas, balki qachonki daromad oshganda. Yig‘ishni har qanday mayda miqdordan boshlab olib, kirimga qarab qadamba-qadam oshirib borasiz. Masalan oyligingizning 3 foizi hayot sifati va qulayliklaringizga ta'siri deyarli sezilmas darajadagi miqdordir. Lekin yillik yig‘im kattagina jamg‘armani tashkil etishi mumkin.

Mavzuga oid